Jahon | 19:10 / 12.04.2019
26708
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh chegarasida yig‘lab turgan qizcha surati “yil surati” deb topildi

Foto: AFP 2019 / GETTY IMAGES NORTH AMERICA / John Moore

Fotosuratchi Jon Murning AQShning Meksika bilan chegarasida yig‘lab turgan gonduraslik qizcha surati World Press Photo tanlovida yil surati deb topildi.

Suratda onasi Sandra Sanchesni amerikalik chegarachi tintuv qilayotganda yig‘lab turgan Yanela ismli qizcha tasvirlangan. Ayol qizi bilan AQShga boshpana olish ilinjida Markaziy Amerika va Meksika orqali bir oy davomida kelganini aytgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati AQSh hududiga tushmoqchi bo‘layotgan muhojirlarga “toqatsizlik” siyosatini e'lon qilgandi.  

Surat e'lon qilingandan keyin AQShning bojxona va chegara nazorati xizmati qizcha va uning onasi bir-biridan ayrilgan minglab oilalar orasida yo‘qligini ma'lum qilgan.

Jon Mur barcha 6 ta qit'ada, 65 ta davlatda suratga olgan. 2008 yilda u immigratsiya va chegarani kesib o‘tish bilan bog‘liq syujyetlarni suratga olish bilan shug‘ullana boshlagan. U 2005 yilda Pulitser mukofoti bilan taqdirlangan, shuningdek ko‘plab xalqaro tanlovlarda g‘olib bo‘lgan.

World Press Photo fotojurnalistika sohasidagi eng yirik va eng nufuzli tanlov hisoblanadi. 2019 yilda tanlovning fotosuratlar qismida 8 ta toifada 43 nomzod, “Yil surati” toifasida 6 nomzod va “Yil fotovoqeasi” toifasida 3 nomzod taqdim qilingandi. 

Mavzuga oid