Jamiyat | 19:02 / 12.04.2019
29657
3 daqiqa o‘qiladi

Fotoreportaj: Buloqboshi qirlari qizg‘aldoqlardan alvon tusga kirgan kunlar..

Bahorning avj pallasi lolalar, qizg‘aldoqlar gullagan paytga to‘g‘ri kelsa ne ajab... Bobur ta'rif berganidek, yigitlikning eng yuksak cho‘qqisi go‘yo. Qizillik, jo‘shqinlikdan darak beradi. 

Ayni paytda Andijonning Buloqboshi tumani qir-adirlari alvon rang qizg‘aldoqlar bilan bezangan. E'tibor bersak, sal teginsangiz to‘kilib ketadigan bahor gulining nozikligini hatto mavjudotlar ham bilar ekan. Atrofda o‘tlab yurgan yilqi, mol-qo‘ylar ham qizg‘aldoqlarga ehtiyotkorona muomalada.

Buloqboshiga boruvchi adir ichidagi dovon yo‘lining ikki tarafida, yo‘l chetlari, qir yonbag‘irlariga qizg‘aldoqlar bearmon chiqibdi. Bizga hamrohlik qilgan Ixtiyorjon va Ildarbeklar bilan o‘zimizcha, “Dunyoning turli joylaridagi tabiatga ilhaq bo‘lib boramiz. O‘zimizning hududning ham go‘zallikda ulardan qolar joyi yo‘q”, deya fikrlashdik.

Ha, aytganday.. Qaldirg‘och kelibdi. Mehmon qushchalar bokira tabiat qo‘ynida qadrdon o‘t-o‘lanlar bilan suhbatlashib uchishi, o‘spirin qiz-yigitlar, kichkintoylarning go‘zallik bilan tanishayotganiga ham guvohmiz. 

Fotouskunam yordamida Yaratgan qudrati bilan har bir chizig‘i, rangi mukammal bunyod etilgan go‘zal gullar va borliqni suratga oldim. Tomosha qilib zavqlaning. 

Muhammad Yusufdan ikki misra she'r shu joyiga oshiqchalik qilmas:

Qizg‘aldog‘im, qirdan bo‘lak koshonang yo‘q,

Kokil yoysang, yerdan bo‘lak toshoynang yo‘q,

O‘ksib-o‘ksib turganingda o‘zim borib,

Peshonangdan o‘pay desam, peshonang yo‘q...

Qadring bilgan, darding bilgan, ayt, kiming bor?..

Kelib-ketar bahor senga bevafo yor,

Go‘zalsanki, senga bari gullar ag‘yor,

«Oh» ursang, bir ohing tinglar ostonang yo‘q...  

Matn va suratlar muallifi: Elmurod Ermatov, Andijon.

Mavzuga oid