Jamiyat | 14:44 / 15.04.2019
37771
3 daqiqa o‘qiladi

IIV Islombek To‘laganovning muddatidan ilgari ozod etilganiga izoh berdi

Foto: KUN.UZ

Toshkent tibbiyot kolleji talabasi Jasurbek Ibrohimovning o‘limida aybdor deb topilgan Islom To‘laganov jazo muddatini o‘tash vaqtida koloniyadagi rejimni buzmagani va mehnatga vijdonan yondashgani tufayli ozod etilgan.

IIV ma'lumotlariga ko‘ra, ayni paytda To‘laganov «Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani Probatsiya xizmati nazorati ostida jazoni o‘tamoqda».

Vazirlikdan qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga ko‘ra, sudlangan shaxsga nisbatan sud tomonidan belgilangan ozodlikdan mahrum qilish muddati jazo muddatining ma'lum qismi o‘talganda, insonparvarlik harakati sifatida yengilrog‘i bilan almashtirilishi mumkin.

«Jinoyat kodeksining 90-moddasi uchinchi qismi «b» bandiga binoan, I.To‘laganov jazo muddatining to‘rtdan bir qismini o‘taganidan so‘ng, 2018 yil 20 dekabrda Jinoiy ishlar bo‘yicha Navoiy shahar sudi unga nisbatan muddatning o‘talmay qolgan qismini axloq tuzatish ishlariga almashtirdi, bunda oylik maoshning 20 foizi davlat daromadiga o‘tkaziladi», - deyiladi IIV xabarida.

Jinoiy ishlar bo‘yicha Navoiy shahar sudining qaroriga asosan I. To‘laganov ozodlikdan mahrum qilish muassasasidan ozod etildi va hozirgi paytda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Probatsiya xizmati nazorati ostida jazo o‘tamoqda.

2017 yil 31 may kuni Mirobod tuman IIB TB tomonidan Islombek To‘laganovga nisbatan JKning 105-moddasi 1-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan o‘tkazilgandi. 

Ish hujjatlariga ko‘ra, o‘sha vaqtda voyaga yetmagan I.To‘laganov 2017 yil 3 may kuni soat 14-00 larda Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji hududida ushbu kollej o‘quvchisi Jasur Ibrohimov bilan o‘zaro janjallashib, so‘ngra taxminan soat 14:20 larda 145-maktabning orqa tomonidagi garajlar oldiga birgalikda kelishib, shu yerda To‘laganov Ibrohimovning bosh, qorin va hayoti uchun muhim bo‘lgan boshqa sohalariga qo‘l va oyoqlari bilan urib, unga hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari yetkazib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 2017 yil 30 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, I.To‘laganov JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan aybdor deb topilib, JKning 85-moddasi tartibida 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid