Yekaterinburgda O‘zbekistonning to‘rt fuqarosi halok bo‘ldi
O‘zbekistonning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yil 17 aprelga o‘tar kechasi shaharning qurilish obektlaridan birida o‘zbekistonlik fuqarolar halok bo‘lgan.
Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyatidan bo‘lgan fuqarolar yong‘in va gazdan zaharlanish oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.
Ular:
- Mengtoshev Shuhrat Uralovich, 22.08.1989 yilda tug‘ilgan;
- Qurbonov Akbarali Saidmurodovich, 23.11.1995 yilda tug‘ilgan;
- Ziyadullayev Ulug‘bek Olimjonovich, 18.11.1998 yilda tug‘ilgan;
- Choriyev Isroil Ravshanovich, 18.10.1996 yilda tug‘ilgan.
Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu hamyurtlarimiz 15 aprel kuni Yekaterinburg shahri Akademik tumanidagi qurilish obektlaridan biriga ishga kirish uchun kelishgan.
Ayni paytda vakolatli organlar tomonidan voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlash uchun tergovoldi tadbirlari boshlangan.
Bosh konsulxona marhum fuqarolarning oila a'zolari va yaqinlariga ta'ziya bildirgan hamda O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi bilan hamkorlikda mazkur vaziyat nazoratga olingani va vafot etganlarning jasadlarini vatanga qaytarish masalasi hal qilinayotgani to‘g‘risida ma'lum qilgan.