Jamiyat | 09:10 / 21.04.2019
83229
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zavtosanoat» Samarqandda xarid qilingan Malibu avtomobili bo‘yicha rasmiy bayonot berdi

18 aprel kuni Kun.uz saytida «GM Uzbekistan» tadbirkorni xorijlik investor oldida sharmanda qildi: Qimmat va sifatsiz mahsulot haqida hikoya» sarlavhali maqola e'lon qilingandi. Unda GM Uzbekistan’ning Samarqand viloyatidagi dilerlik markazidan xarid qilingan Malibu avtomobilida qator nuqsonlar mavjudligi bayon qilingan. «O‘zavtosanoat» AJning mazkur maqola yuzasidan bayonoti matni Kun.uz’ga yetkazildi.

«O‘zavtosanoat» AJ GM Uzbekistan nomidan xaridorga mahalliy ishlab chiqaruvchiga bo‘lgan sodiqligi uchun minnatdorlik bildiradi, sababi xaridor O‘zbekiston bozorida ushbu narxga chet el ishlab chiqaruvchisining avtomobilini xarid qilish imkoni bo‘lgan holatda o‘z tanlovini milliy markadagi avtomobilni tanlagani uning GM Uzbekistan kompaniyasiga bo‘lgan ishonchidan dalolatdir. 

Aksariyat xaridorlar sezganingizdek, «O‘zavtosanoat» AJ va GM Uzbekistan tomonidan so‘nggi yillarda avtomobillar xaridi jarayonida juda ko‘p noxush holatlar bartaraf etildi hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati oshirildi. Kompaniya avtomobil xaridi jarayonida shaffoflik va qulaylikni oshirish borasida juda ko‘plab ijobiy natijalarga erishdi. Avtomobilni xarid qilish uchun navbatni kuzatish imkoni bilan elektron ariza qoldirish, shartnoma tuzish uchun xaridorlar talabiga ko‘ra agentlarning xaridorlar oldiga borish xizmati, avtomobillarning kafolat muddati uzaytirilishi va boshqalar shular jumlasidandir.
Yaqin davrlarda ham xaridorlar avtomobillarni 45 daqiqada olib ketish mumkinligi yoki uydan chiqmasdan turib avtomobilni qabul qilib olishini tasavvur ham qila olmasdi. Bugungi kunda esa bu hech kimni hayron qoldirmaydigan odatiy amaliyotga aylanishga ulgurdi.

Bularning barchasini davlatimiz rahbarining soha boshqaruviga bo‘lgan tanqidiy munosabati va qo‘llab-quvvatlashi natijasida amalga oshirishga erishildi. 
«O‘zavtosanoat» AJ korxona mijozlarining asosli tanqidlari munosabati bilan kompaniya o‘z faoliyatini tahlil qilib, tizimdagi kamchiliklarni aniqlash imkoniga ega bo‘ladi. Yuzaga kelgan mazkur holat misolida ham kompaniya vaziyatni o‘rganib, nafaqat alohida mijozning balki kelgusida xizmatlarni sifatini oshirish uchun boshqaruv jarayonini ko‘rib chiqish imkoni beriladi. 

«O‘zavtosanoat» AJ GM Uzbekistan nomidan yuzaga kelgan vaziyatni e'tiborsiz qoldirmaydi hamda muammoni bartaraf qilish uchun bor kuchini safarbar qiladi», deyiladi bayonotda.

Mavzuga oid