Jamiyat | 19:30 / 25.04.2019
62777
6 daqiqa o‘qiladi

Internetda tarqalgan videoning Samarqanddagi «Ulfatlar» oshxonasiga daxli bormi?

Samarqandning So‘lim (Xishrav) shaharchasidagi xushmanzara go‘shada joylashgan, o‘zining xos milliy taomlari, yuqori sifatli xizmati bilan nom qozongan «Ulfatlar» restorani el og‘ziga tushib ulgurgan.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki mazkur restoranda qurtlagan go‘shtdan tayyorlangan taom dasturxonga tortilgani haqida lavha tarqaldi. Biroq video mualliflari faqatgina dasturxondagi taomni ko‘rsatish bilan cheklangani, qo‘lidagi telefon kamerasini birrovga bo‘lsa ham yuqoriga ko‘tarib, yon-atrofni, xona ichini ko‘rsatmagani ularning yolg‘on so‘zlashayotganidan darak beradi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video ostida ilgari shu restoran xizmatidan foydalangan mijozlar keskin norozilik bildirib, mazkur holat restoran nomini qasddan yerga urish maqsadida qilinganiga shubha yo‘qligini ham aytib o‘tishgan.

Ushbu video tarqalgach, tezda Samarqand viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mutaxassislari tomonidan «Ulfatlar» oshxonasidagi holat o‘rganildi. Markaz bosh shifokori Manzura Otaboyeva imzosi bilan tasdiqlangan ma'lumotda keltirilgan xulosa quyidagicha:

«Restorandagi oziq-ovqat xomashyo mahsulotlari va tayyorlangan taomlar sifati o‘rganib chiqilganda organoleptik sifati buzilgan, hasharotlar va zararkunandalar bilan ifloslangan mahsulotlar aniqlanmagan. Shu bilan birga, mavjud xomashyo va tayyor mahsulotlarning sifati va xavfsizlik ko‘rsatkichlarini tekshirish uchun namunalar olingan...».

Buni M.Otaboyeva «Zamon» informatsion dasturida shu mavzuda tayyorlangan ko‘rsatuvda ham ta'kidlab o‘tgan.

Kun.uz muxbiri ham «Ulfatlar» restoraniga borib, vaziyat bilan yaqindan tanishdi va ushbu voqea bo‘yicha savollarga javob berishi mumkin bo‘lgan mas'ullar bilan suhbatlashdi.

— Avvalo, o‘rganish jarayonida restoranda hasharot va zararkunandalar bilan bilan ifloslangan mahsulotlar aniqlanmadi, — deydi viloyat davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi vrachi Yusuf Rahimov. — Ikkinchi tomondan esa, biror tasodif tufayli mahsulotga tushib qolgan qurt unga ishlov berish, ya'ni pishirish jarayonida tirik qolmaydi. Aytishingiz mumkin: masalan, taom tayyorlanib, ma'lum muddat muzlatkichda saqlangani tufayli shu holatga kelgandir, deb. Bu ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Avvalo, ayni vaqtdagi salqin ob-havoni esdan chiqarmaslik kerak. Ikkinchidan, muzlatkichda ham bir-ikki kunda go‘sht bu darajaga kelmaydi. Yashirib nima qildik, o‘zimiz ham ro‘zg‘orda muzlatkichda bir necha kunlab go‘sht saqlaymiz-ku?! Siz nazarda tutayotgan restoran esa odam gavjum umumiy ovqatlanish shoxobchasi, buncha vaqt saqlanmasligi ham aniq.

 Restoran bosh oshpazi Vohid Vohidov holatga quyidagicha izoh keltirdi:

— Tan olish kerak, videoni tayyorlaganlar imkon qadar o‘xshatishga harakat qilishgan. Bir qarashda ko‘pchilik adashishi ham mumkin. Ammo bosh oshpaz, restoranni yaxshi biluvchi xodim sifatida men qator xatolarni ham ko‘rsata olaman. Oddiygina misol: bizning restoranda hech qachon kartoshka videodagi kabi shaklda tayyorlanmaydi. Yana bir fakt shuki, videodagi idishlar ham hech qachon bizda ishlatilmaydi. Shu kabi jihatlardan ziyrak xo‘randa ham xulosa chiqarishi mumkin. Eng muhimi, xo‘randalarimiz «Ulfatlar»da bu hol yuz bermasligini bilishadi.

Videoda ko‘rsatilgan taomni esa so‘nggi marta tayyorlaganimizga 5–6 oy bo‘lib qoldi. Qachon buyurtma bo‘lsagina tayyorlaymiz. Qizig‘i, mazkur taomni tayyorlash uchun go‘sht 1,5–2 soat davomida pishiriladi. Bizda hech qachon sifatsiz go‘sht ishlatilmaydi.

Bizning o‘z mijozlarimizga yaxshi tanish firma taomlarimiz bor. Ulardan eng mashhuri «Ulfatlar» tandirgo‘sht assortisidir.

Restoran direktori Shodiyor Ergashev o‘z fikrlarini muxtasar qilib shunday dedi:

— Kimki bu ishni amalga oshirgan bo‘lsa ham, o‘z niyatiga yeta olmadi. Chunki bu tuhmat video faoliyatimizga salbiy ta'sir o‘tkazgani yoxud mijozlar soni kamaygani yo‘q. Bizning restoranimizga tashrif buyuruvchilarning har biri xizmatimiz sifatiga ishonadi. Shunga qaramasdan, mazkur holatning tagiga yetish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilganmiz. Kim, nima maqsadda bu ishga qo‘l urganini tegishli idoralarning o‘zlari aniqlagani ma'qul.

Biz bizga bog‘liq bo‘lmagan noqulaylik uchun doimiy mijozlarimizdan, mehmonlarimizdan uzr so‘raymiz. Ularni qiziqtiruvchi har qanday savollariga javob berishga tayyormiz. (Telefonlar: (95) 500-08-90, (91) 520-22-88)

Xulosa — har doim mijozdan. Biz bor holatni yuzaga chiqardik. Halol va sifatli ishlagan tamaddixonani esa bu kabi g‘arazli videolar bilan aslo taslim etib bo‘lmaydi.

Anvar MUSTAFOQULOV,

Kun.uz muxbiri.

(Reklama huquqi asosida. Xizmatlar litsenziyalangan).

Mavzuga oid