Light | 10:40 / 28.04.2019
48480
7 daqiqa o‘qiladi

Topilmagan xazinalar. Ular qancha va qayerlarda g‘oyib bo‘lgan?

Ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoning turli burchaklarida, asosan yer osti, dengiz tubi va g‘orlarda qiymati 900 mlrd dollardan ko‘proq xazinalar yashirinib yotibdi. Shunday odamlar borki, o‘z umrini ana shu xazinalarni topishga bag‘ishlagan, ammo aytarli natijaga erisha olmagan. Bugun hanuz pinhon bo‘lgan xazinalardan ayrimlarini keltirib o‘tamiz.

Chingizxon qabri

 FOTO: TERRA-Z.COM

Chingizxon qo‘shinlari bosib olgan hudud Aleksandr Makedonskiynikiga nisbatan to‘rt marta, Rim imperiyasinikiga nisbatan ikki marta katta edi. Tabiiyki, uning ixtiyorida aql bovar qilmas boylik jamlangan, shu bilan birga xonning xundor dushmanlari ham juda ko‘p edi. Chingizxon insoniyatga o‘tkazgan jafolari tufayli qabri tahqirlanishini yaxshi anglagan va o‘zi ko‘milgan maydonni sir tutib, ustidan otlar uyuri toptab o‘tishini vasiyat qilgan.

Sir sirligicha qoldi va Chingizxonning qabri hanuz topilmadi. Olimlar uchun bu qabrning tarixiy ahamiyati muhim bo‘lsa, xazina izlovchilar Chingizxon jasadi bilan birga katta miqdorda boylik ko‘milganiga shubha qilishmaydi. Bu haqda ayrim uzuq-yuluq taxminlar ham bor, qolaversa, o‘sha paytlarda ham ulug‘ inson deya hisoblangan jasadning u dunyodagi ehtiyojlari uchun boylik kerakligi haqidagi aqida hali butkul yo‘qolib ketmagandi. Xazina izlovchilarning fikricha, bir necha milliard dollarlik bu xazina-qabrni yo Rossiyaning Oltoy o‘lkasidan, yo Mo‘g‘ulistonning Burxan-Xaldun tog‘i atrofidan qidirish kerak.

Qahrabo xona (Yantarnaya komnata)

Mashhur Qahrabo xona bo‘yicha ham haqiqatdan ko‘ra mish-mish ko‘proqdek. Lekin uning mavjud bo‘lgani va qayerdadir yashirilgani shak-shubhasiz. Bu xona, ya'ni yaxlit boylik majmuasi Prussiya qiroli tomonidan Pyotr I’ga tuhfa qilingan Sankt-Peterburgga olib ketilgan. Ammo ikkinchi jahon urushi paytida nemislar ham o‘zlarini bu boylikka haqdor bilib, ham o‘lja sifatida xonani butunligicha olib ketishgan. Oxirgi marta Qahrabo xonani Kenigsberg (hozirgi Kaliningrad) qasrida ittifoq qo‘shinlari kirib kelishidan uch kun oldin ko‘rishgan. Bombardimonlar chog‘ida xona vayron bo‘lib, erib yo‘qolib ketgani ta'kidlanishiga qaramay xazina izlovchilar uni izlashdan to‘xtamaydilar. Chunki vaqti-vaqti bilan bu xazinaning yashirilgan joyi to‘g‘risida ma'lumotlar tarqalib qoladi. Oxirgi marta 2013 yilda vermaxtning 90 yoshli askari Qahrabo xona Daniyaning Asaa qishlog‘i yaqinida ko‘milganiga shaxsan guvoh bo‘lganini bildirgan va ko‘pchilikning yuragiga g‘ulg‘ula solgandi.

Kolchak oltinlari (490,5 kg)

Rossiyaning oltin zaxiralari. 1918 yil
Foto: Vikipediya

Oktabr inqilobidan keyin shoh Nikolay II’ ning ishongan sarkardasi admiral Kolchakka davlat xazinasining bir qismi beriladi va yarim tonna oltinni saqlash buyuriladi. Ammo qizillar Kolchakni ham yengib, ta'qib eta boshlaydilar. Ularni faqat dushmanni yengish emas, oltinlarga ham egalik qilish qiziqtirgan bo‘lsa ajab emas.

1918 yilda o‘zini Rossiya imperiyasining oliy rahbari sifatida tanishtirishni boshlagan Kolchak oltinlarning bir qismini qurol va qo‘shinlar uchun sarflaydi. Ammo baribir o‘z maqsadiga erisha olmay, qizillarga yengiladi va 1920 yilda otib tashlanadi. Bu paytga kelib oltinlarning anchasi sovurilgan yoki o‘g‘irlangan edi. Ammo shundan keyin qolganlari ham anchagina bo‘lib, ularni Kolchak tarafdorlari yashirishga ulgurishgandi. Shundan buyon bu oltinlarni juda ko‘pchilik izlagan. Taxminlarda Baykal ko‘li tubiga cho‘kib ketgani aytiladigan bu xazina haligacha topilmagan.

Qaroqchilar xazinasi

Qaroqchilarning ko‘plab xazinalari hanuz topilmagan. Bu tabiiy, sababi qaroqchilar hayotlik chog‘larida katta boylik to‘plashgani bilan ularni emin-erkin sarflash imkoniyatiga ega bo‘lishmagan. Ko‘pchiligi xazinasini sarflamay, yashirilgan joyini ham aytmay qatl qilingan, ayrimlari qaytib kelishga umid qilib, yashirgan xazinalarini ko‘ra olmay dengizda dafn qilinishgan. Shunday dengiz qaroqchilaridan eng mashhurlari Genri Morgan, Dreyk, Uilyam Kidd va ularning xazinalari hanuz ko‘pchilikning tushlariga kirib chiqadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra bu xazinalarning qiymati bir necha mlrd dollardan oshadi va bugungi kunda ularning faqat 7 foizga yaqini topilgan, xolos.

Bundan taxminan 300 yil oldin Madagaskar yaqinida qaroqchilarning 13ta kemasi cho‘kib ketgani xazina izlovchilarni hamisha o‘sha hududga chorlab keladi.

Qirol oltinlari

1715 yilda Yangi Dunyo deya ataluvchi Amerika qit'asidan Ispaniya tomon yo‘lga chiqqan 11ta kema cho‘kib ketdi. Kemalarda qirol Filipp V xazinasini boyitish uchun olib ketilayotgan ko‘p miqdordagi oltin-kumushlar bor edi va ularning bugungi kundagi qiymati kamida 450 mln dollarga tengligi hisoblab chiqilgan.

Kuchli to‘fon natijasida g‘arq bo‘lgan kemalarni izlaganlar juda ko‘p bo‘ldi. Bir qarashda manzil aniq, topish oson tuyular, Florida qirg‘oqlaridagi Fort-Pirs hududini izlash kifoyadek edi. Ammo uch asrlik qidiruvlar besamar yakunlanmoqda.

Amirning oltinlari va Ulug‘bek xazinasi

Markaziy Osiyoda yashirilgani taxmin qilinuvchi xazinalar ham talaygina. Ularning eng mashhuri (garchi oltin yoki qimmatbaho toshlar bo‘lmasa-da) Ulug‘bek xazinasidir. Mirzo Ulug‘bekning eng nodir kitoblari va muhim hujjatlari yaqin insonlari tomonidan bir nechta sandiqlarda yashirilgani haqida ma'lumotlar mavjud. Shuningdek, Buxoroni tark etishga majbur bo‘lgan so‘nggi hukmdor Amir Olimxonning ham katta miqdordagi oltinlari turli joylarga berkitilgani to‘g‘risida gap-so‘zlar yuradi. Ammo olimlar uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan Ulug‘bek xazinasi ham, katta boylik hisoblangan amirning oltinlari ham hanuz topilmagan.

Abror Zohidov tayyorladi

Mavzuga oid