Sport | 13:00 / 29.04.2019
31790
8 daqiqa o‘qiladi

«Asalarilar» «Real»ni qattiq chaqdi. Bu 2:10 uchun qasos

Foto AFP

«Rayo Valekano» o‘z uyida «Qirollik klubi»ni mag‘lubiyatga uchratdi (1:0).

Ispaniya chempionati
35-tur
«Rayo Valekano» – «Real» – 1:0
(1:0)
Gol: 1:0 – 23, penalti Embarba.
«Rayo Valekano»: Garsiya, Tito, Galves, Ba, Aleks Moreno, Embarba, Uche Agbo, Mario Suares (Medran, 77), Poso (Trexo, 85), Bebe (Alvaro Garsiya, 78), Xavi Gerra.
«Real»: Kurtua, Karvaxal, Valexo, Varan, Marselo, Modrich (Isko, 74), Lorente, Kroos, Beyl, M.Dias (Vaskes, 82), Sebalos (B.Dias, 61).
Ogohlantirishlar: Valexo, 22. Modrich, 28. Mario Suares, 43. M.Dias, 62. Karvaxal, 79. Marselo, 86. Uche Agbo, 90+3.
Hakam: Gonsales Fuertes.
28 aprel. Madrid. Campo de Futbol de Vallecas stadioni.

Motivatsiya va Benzema yo‘qligi 
Endi Ispaniya chempionati turnir jadvalidagi holat «Real» uchun qiziqarli emas - bronzani bu jamoadan hech kim tortib ololmaydi, kumushga esa yetish qiyin - Zinedin Zidan futbolchilarni o‘zi istasa ham g‘alabaga chanqoq holatda chiqara olmaydi. Shu tufayli, bu o‘yinga aralash tarkib tushirilgani tushunarli hol edi. «Rayo Valekano»ga qarshi o‘yinda boshlang‘ich tarkibdan jamoa sardori Serxio Ramos (uni Valxeo almashtirdi) va «Real»ning oxirgi 8 goliga mualliflik qilgan Benzema o‘rin olishmadi (uning o‘rnini Mariano Dias egalladi).

Hayot-mamot jangidagi «asalarilar»
«Real»dan farqli ravishda Madridning bu kichik jamoasiga ochkolar suv va havodan ham ko‘ra zarurroq edi - Ispaniya poytaxti janubidan bo‘lgan bu jamoa turnir jadvalining eng quyi qismida joylashgan va ligada qolish uchun kurashmoqda. Hamshaharlari ustidan g‘alaba qozonsa, jamoa 20-o‘rindan 19-o‘ringa ko‘tarilar va 17-o‘rindagi «Jirona»bilan oradagi farqni 6 ochkoga qisqartirardi. Buning uchun qattiq kurashish talab etilardi.

Embarbaning penaltisi
O‘yinning 10-daqiqasigacha jamoalar xavfli vaziyatlar bilan almashishdi - avvaliga Marselo «Rayo» darvozabonini sinovdan o‘tkazdi, yana bir vaziyat Poso tomonidan uyushtirildi, u belgiyalik darvozabonni yaqin masofadan dog‘da qoldirolmadi, keyin esa hakam mehmonlar darvozasiga penalti qo‘ydi: Xavi Gerra Valexoning folidan keyin gazonga quladi, hakam videohakam maslahati bilan 11 metrli nuqtani ko‘rsatdi. Embarba zarba berishda xato qilmadi va «Real» 2005-06 yilgi mavsumdan buyon birinchi marta chempionat o‘yinlarida yetti marta penaltidan gol o‘tkazdi.

Diasning bekor qilingan goli

Foto: David S. Bustamante/Soccrates/Getty Images

«Qaymoqranglilar»ning o‘yini yomonlashgandan yomonlashdi - maydon markazida ko‘p braklar kuzatildi va Modrich ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ydi. Diasning goli ofsayd tufayli bekor qilindi, 40-daqiqada esa «Real» yana bir bor Beylni yo‘qotishi mumkin edi - uelslik futbolchi tizzasini quchoqlab gazonga quladi va o‘yinni davom ettirish borasida ko‘p vaqt o‘ylanib yotdi. Xayriyatki, uning jarohati jiddiy bo‘lib chiqmadi va u maydonga qaytdi.

O‘zgarishlar davri

Foto: Gettyimages.ru/Denis Doyle

Ikkinchi bo‘limda ham maydonda «Rayo» ustunlik qilishda davom etgach, Zidan futbolchilarni almashtirishga kirishdi. Murabbiy o‘yinni qutqarish uchun Braim Dias, Isko va Vaskesni maydonga tashladi, ammo kuchga to‘la holda o‘yinga qo‘shilgan bu futbolchilar o‘yin yo‘nalishini o‘zgartira olishmadi.

O‘z navbatida «asalarilar» kerakli natijani saqlab qolish uchun o‘ynashdi va ular buning uddasidan chiqishdi. «Rayo» chempionatda sakkizinchi g‘alabasiga erishdi va 19-o‘ringa ko‘tarilib, avvalgidan erkinroq nafas ola boshladi, «Real» uchun bu mavsumdagi 10-mag‘lubiyat bo‘ldi - ikkinchi o‘rindagi «Atletiko» bilan oradagi farq 9 ochkoga yetdi. Bu madridliklar tarixidagi eng yomon mavsumlardan biri. Bu qadar ko‘p mag‘lubiyat oxirgi marta 2008-09 yilgi mavsumda qayd etilgandi. Bundan tashqari, jamoa barcha turnirlar doirasidagi o‘yinlarda 16 bor mag‘lub bo‘ldi, bu ham keyingi 10 yil ichidagi eng yomon ko‘rsatkich.

Zinedin Zidan o‘yindan keyin jamoa haqida keskin fikrlar bildirib o‘tdi: «Jamoa o‘yini – nol. Birinchi daqiqadan to o‘yin oxirigacha. «Real» umuman o‘ynagani yo‘q. Bu jahlimni chiqaryapti. Imijimiz yomonlashib boryapti, bunga javobgar esa menman. Bunday o‘yin uchun muxlislarimizdan uzr so‘rashimiz kerak. Bu lavozimga qaytganimdan afsusda emasman, men buning aksini aytgan bo‘lardim. Bunday og‘ir va qaltis damlardan o‘tib olish kerak, lekin bunaqa o‘yin ko‘rsatib bo‘lmaydi.

Menga qolsa, mavsum tezroq tugashini istardim. Lekin hali uchta o‘yinimiz bor va ularda boshqacharoq o‘ynashni o‘ylashimiz kerak. Mavsumni bu holda yakunlay olmaymiz. Biz futbolning, bu klubning hurmatini joyiga qo‘yishimiz shart. Doimo o‘z shogirdlarimni himoya qilib kelganman, lekin bu safar emas».

Pako Xemesning qasosi

Foto: REUTERS/Javier Barbancho

«Real» «Rayo Valekano»ga oxirgi marta 2002 yilda yutqazgandi. Bu kubok doirasidagi bahs bo‘lgandi va birinchi o‘yinda 4:0 hisobida g‘alaba qozongan «Qirollik klubi» ikkinchi o‘yinda 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lib ham keyingi bosqichga yo‘l olgandi.

Chempionat o‘yinlarida esa «Real» «Rayo»ga 1997 yil fevralidan buyon yutqazmagan.

«Rayo» bosh murabbiyi Pako Xemes uchun bu g‘alaba alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. 2015 yilning dekabrida ushbu mutaxassis «Bernabeu»dagi o‘yindan oldingi matbuot anjumanida «katta ketib» qo‘ygandi: «Borimni tikaman, biz bugun yaxshi o‘yin ko‘rsatamiz. Bizning jamoa himoyada o‘ynasa juda yomon o‘ynaydi. Agar biz o‘z darvozamiz atrofiga yotib olsak, har o‘yinda yutqazamiz. Shu tufayli biz «Real»ga qarshi o‘yinda o‘z falsafamizdan chekinmaymiz».

O‘shanda o‘yin «Real» foydasiga 10:2 hisobida yakunlangandi.

Xemes uyatdan qizarib, bu mag‘lubiyatdan keyin futbolchilari kiyim almashtirish xonasida yig‘laganliklari haqida aytib bergandi: «Buni tezroq unutish kerak. O‘z futbolchilarimni qo‘llab-quvvatlashni istardim. Biz juda sharmandali holatga tushib qoldik. Kiyim almashtirish xonasiga kirib, u yerda yig‘layotgan professional futbolchilarni ko‘rish juda og‘riqli».

Uch yarim yil o‘tib Xemesning «Rayo»si «Real» ustidan g‘alabaga erishdi. «Umrim davomida «Real»ni yengmagandim. Endi o‘lsam ham bo‘lar», dedi o‘yindan keyin Xemes.

Mavzuga oid