O‘zbekiston | 20:10 / 29.04.2019
31086
3 daqiqa o‘qiladi

Endi abituriyentlardan «086-U-forma» talab qilinmaydi

Vazirlar Mahkamasining Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risidagi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi (360-son, 27.04.2019 y.). Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar bermoqda.

Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, turk tilini chet tili sifatida o‘qigan abituriyentlar ham mazkur tildan ko‘p balli baho tizimi bo‘yicha imtihon topshiradilar.

Endilikda OTMlarga hujjat topshirishda 086-U-shakl bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma talab qilinmaydi.

Quyidagilar OTMlarga qo‘shimcha davlat grantlari asosida imtihonsiz o‘qishga qabul qilinuvchilar qatoriga kiritildi:

• Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Ishoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktab-internatni a’lo baholarga bitirgan bitiruvchilar bakalavriatning xorijiy til va adabiyot, filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishlariga;
• har bir harbiy qismdan bittadan yosh harbiy xizmatchi, qism qo‘mondonligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tavsiyanomasiga asosan.

Shuningdek, kiritilgan qo‘shimchalar bilan sirtqi ta’lim shakliga o‘qishga qabul qilish tartibi belgilandi:

• sirtqi ta’limga hujjatlar 1 iyuldan 30 iyulgacha qabul qilinadi;
• kirish imtihonlari 16 avgustdan 25 avgustgacha kamida 3 ta fandan o‘tkaziladi;
• yozma imtihonlar shifrlangan holda tekshiriladi;
• imtihonlar bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga muvofiq keluvchi 3 ta fandan to‘planishi kerak bo‘lgan maksimal 189,0 balldan, har bir fanning o‘rniga qarab uning uchun ajratilgan eng ko‘p ballning 0dan 100 foizgacha bo‘lgan oraliqda baholanadi;
• natijalar imtihondan keyin 1-3 kunda ta’lim muassasasining rasmiy saytida e’lon qilinadi.

Shuningdek, magistraturaga kirishda quyidagilar bekor qilindi:

• magistraturaga kiruvchilarning ilmiy va ilmiy-pedagogik ishlarga qobiliyati hamda qiziqishini aniqlash maqsadida tanlangan mutaxassislikka mos savollar asosida suhbat;
• “Informatika va axborot texnologiyalari” fani bo‘yicha sinov;
• O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti fani bo‘yicha sinov.

Magistraturaga hujjat topshirganlarning TOEFL bo‘yicha kamida 72 yoki IELTS bo‘yicha kamida 5,5 ball bo‘lganida ular chet tilidan kirish sinovida ishtirok etmaydi. Ilgari bu natijalar TOEFL bo‘yicha kamida 58 va IELTS bo‘yicha kamida 5 ball bo‘lishi kerak edi.

O‘qishini bahorgi semestrga qayta tiklash bo‘yicha ariza topshirish har yili 15 yanvardan 25 yanvargacha davom etadi. Ilgari 20 dekabrdan keyingi yilning 20 yanvariga qadar edi.

Mavzuga oid