O‘zbekiston | 13:57 / 01.05.2019
101863
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyatiga hokim tasdiqlandi

2019 yil 1 may kuni Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari (keyingi bir oy davomida Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi - tahr.) vazifasida ishlab kelayotgan To‘ra Bobolov nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya qildi.

Xalq deputatlari qo‘llab-quvvatloviga ko‘ra To‘ra Bobolov viloyat hokimi etib tasdiqlandi.

«To‘ra Bobolov Surxondaryoning iqtisodiy-ijtimoiy sharoitini yaxshi bilishi, viloyat xalqi, tuman hokimlari va sektorlar rahbarlari hamjihat bo‘lib, belgilangan vazifalarni to‘la bajarishiga ishonch bildirildi», deyiladi O‘zA xabarida.

To‘ra Bobolov 1970 yilda tug‘ilgan. 1992 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan, 1994 yildan 2003 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi Surxondaryo viloyati boshqarmasida turli lavozimlarda ishlagan, 2003-2004 yillarda Surxondaryo viloyati Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi raisi, 2004-2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i, 2016-2017 yillarda Surxondaryo viloyati hokimligi hududlarni kompleks rivojlantirish yig‘ma boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. U 2017 yildan 2019 yil apreliga qadar Surxondaryo viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 aprelida 2018 yilning iyulidan Surxondaryo viloyati hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan Bahodir Po‘latov ishdan olinib, uning o‘rniga To‘ra Bobolov vaqtincha rahbar etib tayinlangandi.

Mavzuga oid