Jamiyat | 18:00 / 03.05.2019
30127
7 daqiqa o‘qiladi

Kalavaning uchi qayerda? Olmaliqda mashina egalari 5 yildan buyon sarson

Kun.uz tahririyatiga Olmaliq shahrida istiqomat qiluvchi Shamsiddin Ahmedov va Dilnoza Norboyeva murojaat yo‘llab, 2014 yildan beri o‘zlarining xususiy mulki hisoblangan mashinalarini ololmayotganliklari, tegishli tashkilotlarga qilgan murojaatlari faqat javob xati bilan cheklanayotgani, ishni olib borayotgan Olmaliq shahar IIB tergov bo‘limi tomonidan haligacha ish yakunlanmaganidan noroziliklarini bildirishdi.

Shamsiddin Ahmedov

Shamsiddin Ahmedov Kun.uz’ga quyidagilarni so‘zlab berdi: «2014 yil oktabr oyida mashinamni ta'mirlash uchun U.Markiyevga bergandim. Oradan ikki kun o‘tib U.Markiyev tanishi H.Qurbanov bilan keldi va DAN xodimlari ustaxonada tekshiruv o‘tkazayotganini aytib, mashinamning texnik pasportini so‘radi. H.Qurbanov Farg‘ona viloyatida tergovchi bo‘lib ishlaganini, hozirda nafaqadaligini aytdi. Oradan uch kun o‘tib U.Markiyev vafot etdi. Shundan so‘ng, H.Qurbanovga murojaat qilganimda, u mashinani qaytarib bermasligini aytdi. Bu holat yuzasidan Olmaliq shahar IIBga ariza bilan murojaat qildim. Tergov harakatlari avval Olmaliq shahrida qo‘zg‘atilib, keyinroq Angren shahriga ko‘chirildi. Tergov harakatlari bir-ikki oy davom etadi va yana to‘xtatiladi. Besh yil bo‘lyapti, besh marta tergovchi almashdi. Avtomashina hali ham jarima maydonchasiga olib kelingani yo‘q. H.Qurbanov undan noqonuniy tarzda foydalanib kelmoqda. Mening o‘tgan yillar mobaynida Ichki ishlar boshqarmasi, Olmaliq shahar va Toshkent viloyat prokuraturasi, Bosh prokuratura va DXXga yo‘llagan murojaatlarim samara bermayapti. Avtomashina hozir ham otamning nomida. Hech kimga sotilmagan».

Dilnoza Norboyevada ham xuddi shunga o‘xshash vaziyat.

Dilnoza Norboyeva

«2014 yilning iyun oyida mashinamni uch yilga minish huquqini beruvchi ishonchnoma asosida (sotish, almashtirish, garovga berish huquqlarisiz) U.Markievga ijaraga berdim. U.Markiev 400 ming so‘mdan oyiga ijara haqi berib yurdi. Keyinroq u vafot etgani haqida xabar topdim. Shunda mashinamni qaytarib olish uchun IIBga bir necha bor murojaat qildim. Afsuski, natija bo‘lmayapti. Avtamashina mening nomimda turibdi. Hech kimga sotilmagan. Hozirda mashinamni hech qanday huquqlarsiz H.Qurbanovning akasi D.Qurbanov egallab turibdi», deydi u.

O‘rganish davomida Toshkent viloyat prokuraturasining fuqarolarning murojaatlariga turli yillarda yo‘llagan javob xatlarini ko‘rib chiqdik.

Ma'lum bo‘lishicha, Angren shahar IIB tergov bo‘limi tomonidan Shamsiddin Ahmedovning murojaatiga asosan 2017 yilgi javob xatida uning boshqaruvida bo‘lgan «Neksiya» rusumli avtomashina jinoyat ishi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilingunga qadar sotmaslik, shikast yetkazmaslik sharti bilan Farg‘ona viloyati Buvayda tumani Yangi qishlog‘ida yashovchi D.Qurbanovga saqlab turish uchun topshirilib, undan tilxat olingan va mazkur tilxat jinoyat ishiga qo‘shilgani ma'lum qilingan. Bundan tashqari, Olmaliq shahar prokuraturasi xatida Markiev noma'lum shaxslar bilan til biriktirib, «Neksiya» rusumli transport vositasini qimmatga sotib berishni va'da qilgan holda talon-toroj qilgani holati yuzasidan Olmaliq shahar IIB TB tomonidan JKning 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazish uchun Angren shahar IIB TBga yuborilgan. Jinoyat ishi tergovi davomida Qo‘qon shahar IIB TB tomonidan D.Qurbanovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishiga birlashtirilib U.Markiev vafot etgani hamda jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi tariqasida jalb qilinishi lozim bo‘lgan shaxs aniqlanmagani sababli, 2015 yil 27 fevralda tergov harakatlari JPKning 364-moddasi 1-qismi 1-bandi bilan harakatdan to‘xtatilgan. So‘ngra U.Markiev jinoiy qilmishini D.Qurbanov va boshqalar bilan sodir etgani aniqlanib, 2016 yil 31 mayda D.Qurbanovga nisbatan JKning 168-moddasi 1-qismi «b», «v» bandlari bilan ayblov e'lon qilingan va jinoyat ishining unga nisbatan bo‘lgan qismi ayblov xulosasi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudiga yuborilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha boshqalarga nisbatan bo‘lgan qismi alohida ish yurituvda ajratilib, Olmaliq shahar IIB TBga yuborilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari 2019 yilda tiklanib hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Dilnoza Norboyeva va Shamsiddin Ahmedov nomidagi xususiy mulk bo‘lgan «Neksiya» rusumli avtomashinalar U.Markiyev tomonidan hech qanday hujjatsiz sotib yuborilgan. Ma'lum vaqt o‘tib, U.Markiev o‘z joniga qasd qilgan. Shundan so‘ng ikki jabrlanuvchi fuqaro yillar davomida o‘z mulklarini qaytarib olish uchun ichki ishlar, prokuratura va boshqa davlat organlari eshigini taqillatadi, yakunda ularning mashinalari D.Qurbanovda turgani ma'lum bo‘ladi.

Ushbu holatga yanada aniqlik kiritish maqsadida ish bilan shug‘ullanayotgan Olmaliq shahar IIB TB boshlig‘i Shuhrat Do‘stovdan izoh so‘radik.

Olmaliq shahar IIB

«Ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha tergov ishlari davom etmoqda (2014 yilda boshlangan). Hozirda mashinalar kimda turgani ma'lum. Ularni olib jarima maydonchasiga qo‘yamiz. D.Qurbanov bir marta keldi. Keyin uch marta xat yubordik. Bu ish mendan oldin ham ko‘p tergovchilarning qo‘lidan o‘tgan. Hozir egalik qilib turgan odam sotgan odamga pul bergan (ya'ni, D.Qurbanov marhum U.Markievdan mashinani sotib olgan). Mana 2 tomli jinoyat ishi turibdi. Avtomashinani olamiz va jarima maydonchasiga qo‘yamiz. Keyin fuqarolik sudida hal qilib olishadi», – deydi TB boshlig‘i Shuhrat Do‘stov.

Tergovchi tomonidan vaziyatga izoh berildi. Lekin ushbu holat mavhumligicha qolmoqda. Hozirda qariyb besh yildan buyon fuqarolar o‘ziga tegishli mashinani ololmayapti. Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari esa mana besh yildirki davom etmoqda.

Ushbu chigal vaziyat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan nazoratga olinib, tez kunlarda ijobiy hal etilishiga umid bildirib qolamiz.

Rahmatillo Isroilov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid