Zelenskiyning inauguratsiyasi. Beshta asosiy nuqta
Vladimir Zelenskiyning Ukraina prezidenti sifatidagi ilk nutqi 20 daqiqaga yaqin davom etdi.
Sobiq komik aktyor chiqishini 6 yoshli o‘g‘lining prezidentlik haqidagi gaplarini eslash bilan boshlab, yakunda o‘zining prezidentlik muddatini ukrainlar hech qachon yig‘lamasligi uchun bag‘ishlashga va'da berdi.
«Bi-bi-si» Vladimir Zelenskiyning ilk prezidentlik spichidagi asosiy tezislarni yig‘di.
Parlamentni tarqatib yuborish
Vladimir Zelenskiyning Ukraina parlamenti kelajagini ko‘ra bilishi uning inauguratsiya nutqidagi eng kutilgan qism bo‘ldi.
Oliy radaning hozirgi tarkibi 5 yil muqaddam, Poroshenko hali siyosat haqida o‘ylamagan vaqtda saylangandi. Zelenskiy bu deputatlar bilan o‘zining saylovoldi kampaniyasi vaqtidagi rejalarini amalga oshirishi qiyin bo‘lardi.
Boshqa tomondan uning «Xalq xizmatida» partiyasining reytingi ko‘tarilmoqda: so‘rovnomalar natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, agar shu hafta oxirida navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkaziladigan bo‘lsa, bu partiya 40 foizga yaqin ovoz oladi.
Prezident inauguratsiyasi arafasida matbuotga parlamentni tarqatib yuborish haqidagi farmon loyihasi sizdirildi: unga ko‘ra bu qadamga so‘nggi uch yil davomida parlamentda deputatlik fraksiyalari koalitsiyasi mavjud emasligi asos qilib keltirilgandi. Ayrim deputatlar bunday asos bilan parlamentning tarqatib yuborilishini noqonuniy deb hisoblashgan bo‘lishsa-da, prezidentning nutqidan keyin Oliy radadagi asosiy o‘yinchilar navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazishga qarshi emasligi ko‘rinib qoldi.
Vladimir Zelenskiyga yaqin manbalarning xabar berishicha, parlamentni tarqatib yuborish haqidagi farmon 21 may kuni e'lon qilinadi.
Bu holatda mamlakatda 14 iyul kuni parlament uchun navbatdan tashqari saylovlar o‘tkaziladi (saylovlar o‘z vaqtiga ko‘ra kuzda o‘tkazilishi kerak edi, ammo Vladimir Zelenskiy uchun saylovlar imkon qadar tezroq, partiyasi nufuzi pasayishni boshlanmasdan oldin o‘tkazilgani manfaatlidir). Saylovlar odatiy tartibga ko‘ra o‘tkazilishi kutilmoqda: parlament a'zolarining yarmi okruglarda, yarmi partiya ro‘yxati bo‘yicha saylanadi.
Hukumatda «qon almashtirish»
Zelenskiy parlament saylovlarini kutmasdan hukumatni almashtirish niyatini yashirmadi.
«Menga ajoyib prezident bo‘lgan bir amerikalik aktyordan iqtibos keltirishga ruxsat etgaysiz», deya auditoriyaga yuzlandi u Ronald Reyganni nazarda tutgan holda: Amerikaliklarning ushbu prezidenti Zelenskiy jamoasi a'zolarining saylovoldi kampaniyasi vaqtidagi ibrat uchun namunasi bo‘lgandi.
«Hukumat bizning muammolarimizni hal qilib bermaydi. Hukumatning o‘zi muammo», deya davom etdi Zelenskiy va Vazirlar Mahkamasi a'zolarini «o‘z joylarini keyingi saylovlar haqida emas, keyingi avlodlar haqida o‘ylaydiganlarga bo‘shatib berish»ga chaqirdi.
Bosh vazir Vladimir Groysman bu haqdagi savolga yuzida tabassum qilish bilan javob berdi. Konstitutsiyaga ko‘ra, hukumat Ukrainaning yangi prezidentining qasamyod qabul qilish marosimidagi so‘zlari bilan emas, parlamentning yangi tarkibi saylanganidan keyin iste'foga chiqadi. Shunday ekan, Groysmanning kabineti yana kamida 2 oy faoliyat olib boradi, bu davr mobaynida prezidentning hukumat bilan munosabati «bulutlardan xoli» bo‘lmasligi tayin.
Bundan tashqari, Zelenskiy Oliy Radadan Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari, Ukraina Mudofaa vaziri va Ukraina bosh prokurorini iste'foga chiqarishni so‘radi. Qonunchilikka ko‘ra, prezident aynan shu lavozimlarga nomzodlarni parlamentga taqdim etishga haqli.
Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Gritsak va Ukraina mudofaa vaziri Stepan Poltorak prezidentning so‘zlaridan keyin iste'fo berishdi. Bosh prokuror Yuriy Lutsenko esa avvalroq iste'foga chiqishni rejalashtirmayotganini aytgandi.
«Menimcha, bosh prokuratura hozir har qachongidan ham samaraliroq ishlamoqda», degandi u prezidentlik saylovlarining ikkinchi turidan keyin bergan intervyusida.
Vladimir Zelenskiy hozircha bu lavozimlar uchun o‘z nomzodlarini ko‘rsatgani yo‘q.
Rus tili
O‘zining qasamyod nutqida Vladimir Zelenskiy bir necha marta rus tilini aralashtirib gapirdi: xususan, Ukraina hozirda o‘z nazoratida bo‘lmagan hududlarni - Donbass va Qrimni qaytarish uchun kurashishi kerakligi haqida gapirganida.
«Ular ukrain tilini tushunishadi!», deya baland ovozda hayqirdi bu vaqtda o‘z joyida o‘tirgan deputat, o‘tgan saylovlardagi nomzodlardan biri Oleg Lyashko.
«Odamlarni ajratishda davom etayotganingiz uchun rahmat sizga, janob Lyashko», deya javob qaytardi unga tribunada turib yangi davlat rahbari.
Zelenskiyning bu uslubi yangilik emas: 5 yil muqaddam Poroshenko ham inauguratsiya nutqida Donbass aholisiga yuzlanganida ruscha gapirgandi.
Uning so‘zlari ham Zelenskiyniki bilan bir xil bo‘lgandi: «To‘g‘ri» yoki «noto‘g‘ri» ukrainlar degan tushuncha yo‘q, inson gapirayotgan til uning vatanparvarlik darajasini belgilamaydi».
Ammo Zelenskiyning nutqida bu mavzu kutilmagan yo‘nalishda davom etdi: u butun dunyodagi ukrainlarga (64 million), «yangi, kuchli va muvaffaqiyatli Ukraina qurishga tayyor» ukrainlarga Ukraina fuqaroligini berishga tayyorligini ma'lum qildi.
«Futbol bo‘yicha Yevropa chempionatidagi Islandiya milliy jamoasini eslanglar. O‘shanda stomatolog, rejissyor, uchuvchi, talaba va farrosh o‘z yurti sharafini himoya qilish uchun kurashgandi. Va ular, hech kim ishonmaganiga qaramay, buni uddalashdi. Bizning yo‘limiz ham – shu. Biz futboldagi islandiyaliklardek bo‘lishimiz kerak. Biz o‘z vatanini himoya qilishda isroilliklardek bo‘lishimiz kerak. Biz texnologiyalarda yaponlardek, ahil yashashda shveysarlardek bo‘lishimiz kerak», dedi Zelenskiy.
Donbass bo‘yicha muzokaralar
Vladimir Zelenskiy prezident lavozimidagi birinchi vazifasi Donbassdagi urushni to‘xtatish ekanligini aytdi. Shu bilan birgalikda u bunga erishish uchun aniq rejani taqdim etgani yo‘q.
«Bizning birinchi navbatdagi vazifamiz Donbassdagi o‘t ochishni to‘xtatish. Mendan tez-tez o‘t ochishni to‘xtatish uchun nimalarga tayyorligim haqida so‘rashgan. G‘alati savol, siz, ukrainaliklar, yaqin insonlaringiz hayoti uchun nimalarga tayyorsiz? Qahramonlarimiz boshqa halok bo‘lmasliklari uchun men hamma narsaga tayyorman», dedi Zelenskiy.
Saylovoldi kampaniyasi davomida uni bir necha marta Donbassdagi «xalq respublikalari» vakillari bilan muzokaralar o‘tkazishda ayblashgandi. Poroshenko prezidentligi vaqtida rasmiy Kiyev bunday muzokaralar o‘tkazishdan bosh tortar, hukumat «Kremlning malaylari» bilan muzokara o‘tkazishdan ma'ni yo‘qligini ta'kidlardi.
Zelenskiy esa Donbassdagi urushni to‘xtatish uchun muloqotga tayyorligini bildirdi: «Bu urushni biz boshlamadik, lekin biz bu urushni to‘xtatishimiz kerak. Men muloqotga tayyorman, lekin muloqot uchun birinchi qadam barcha ukrainalik asirlarning qaytarilishi bo‘ladi». U aynan kimlar bilan qanday muloqot o‘rnatish niyatida ekanini ochiqlamadi.
Portretlarsiz
O‘zining inauguratsiya nutqini Vladimir Zelenskiy o‘zining bu lavozimdagi ishi 6 yoshli o‘g‘lidan tortib har bir ukrainalikka prezident bo‘lish ekanini aytish bilan boshlagandi.
«Qasamyod qilayotgan bir men emas. Sizning har biringiz Konstitutsiyaga qo‘l qo‘ymoqdasiz va sizning har biringiz Ukrainaga sodiqlikka qasam ichmoqdasiz», degandi Zelenskiy.
Bu motivga u nutqi so‘ngida yana qaytdi.
«Kabinetlaringizda mening tasvirlarim bo‘lmasligini juda xohlayman, iltimos, mening portretlarim bo‘lmasin, chunki prezident — but emas, sanam emas. U yerga farzandlaringizning rasmlarini ilib qo‘ying va har bir qarorni qabul qilishdan oldin ularning ko‘zlariga qarang», — dedi Zelenskiy Oliy rada minbaridan ukrain xalqiga murojaat qilar ekan.
Vladimir Zelenskiy Ukrainaning oltinchi prezidenti bo‘ldi. u 21 aprel kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovining ikkinchi turida 73,22 foiz ovoz to‘pladi va sobiq prezident Petro Poroshenko ustidan g‘alabaga erishdi.
Mavzuga oid
00:11
Zelenskiy: Trampning jamoasi bilan urush tezroq tugaydi
22:30 / 15.11.2024
Tramp jamoasi bilan Ukrainadagi urush tezroq tugaydi - Zelenskiy
19:41 / 15.11.2024
Rossiya kolonnasi Kupyanskka yorib kirgan, ammo Ukraina uni yakson qilganini aytmoqda. Nimalar ma’lum?
10:11 / 15.11.2024