O‘zbekiston | 18:47 / 23.05.2019
8020
3 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyaning qator kompaniyalari rahbarlari delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi

Foto: Aziz Abdukhakimov / facebook

Prezidentning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliyaviy institutlarning mamlakat iqtisodiyotiga grantlarini faol jalb qilishga doir topshirig‘ini ijro etish, salohiyatli investorlar bilan haftalik uchrashuvlar o‘tkazish, shuningdek Yaponiya ishbilarmon doiralari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Yaponiya kompaniyalarining rahbarlari bilan uchrashdi. Bu haqida uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma'lum qilindi.

Foto: Aziz Abdukhakimov / facebook

Yaponiya tomondan «Lifull Co., Ltd.» kompaniyasi rahbari janob T.Inoue boshchiligidagi «Will Group, Inc», «Bike&Company Ltd.», «Warehouse Terrada», «Fixstars Corporation», «Fujisan Magazine Service Co., Ltd.», «Tokyo Ichiban Foods Ko., Ltd.», «MRT Inc.», «Happy Terrace Co. Ltd.» va «Pay Forward» kompaniyalari rahbarlari tashrif buyurdi.

Yaponiyalik mehmonlar O‘zbekistonda, xususan, turizm, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash, paxtani qayta ishlash va boshqa sohalarda shakllangan qulay investitsion muhitga oid ma'lumotlar bilan tanishtirildi.

Foto: Aziz Abdukhakimov / facebook
Foto: Aziz Abdukhakimov / facebook

Kunchiqar mamlakat vakillariga yurtimizdagi iqtisodiy, sanoat, farmatsevtik va turistik zonalar, shuningdek xorijiy sarmoyadorlar uchun mavjud imtiyoz va imkoniyatlar bo‘yicha batafsil ma'lumot berildi, faoliyati yo‘lga qo‘yilgan zonalarga tavsif berildi.

Yaponiya delegatsiyasi, o‘z navbatida, yuqorida qayd etilgan sohalardan tashqari energetika yo‘nalishida ham hamkorlik qilishga qiziqish bildirib, muqobil energetika va quyosh energiyasini yo‘lga qo‘yishga oid yirik loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor ekanini ma'lum qildi.

Shuningdek, Yaponiya delegatsiyasi vakillari O‘zbekiston o‘quv muassasalarida axborot texnologiyalari sohasida mutaxassislarni tayyorlash holati masalasini ko‘tarishdi va o‘z kompaniyalarida kadrlar amaliyoti va malaka oshirish jarayonlarini yo‘lga qo‘yishni taklif qilishdi.

Bundan tashqari, Yaponiya delegatsiyasi tomonidan tovarlar ishlab chiqarish va ularni eksport qilishga doir savollar berildi, O‘zbekiston tomon ular bo‘yicha batafsil ma'lumotlar taqdim qildi.

Yaponiyalik investorlar O‘zbekiston Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, aniq investitsion loyihalarni boshlash uchun mamlakatga yana bir bor tashrif buyurishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Mavzuga oid