Light | 16:47 / 24.05.2019
27209
4 daqiqa o‘qiladi

Fotojamlanma: Kun.uz bilan Germaniyaga sayohat

Germaniya Federativ Respublikasida 2018 yilda sayyohlar soni rekord daraja – 477,6 million nafarga yetdi, bu 2017 yilga nisbatan 4 foizga ko‘p demakdir. Kun.uz muxbiri Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining "UzWaterAware" loyihasi bo‘yicha Germaniyaga amalga oshirgan safari doirasida olingan suratlar va ma'lumotlar bilan bo‘lishdi.

Germaniyada noyob tabiiy va rekreatsion resurslar, milliy va jahon madaniy va tarixiy merosi obektlari mavjud. Bu yerda doimiy ravishda turli xalqaro iqtisodiy, madaniy va sport tadbirlari o‘tkaziladi.

Ko‘p hududlarda xorijiy sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan salohiyatli jozibali obektlar va majmualarning keng ko‘lami namoyish etilgan.

Germaniyaning 16 federal yeri hududida 6 mingdan ziyod muzey, 400 ga yaqin xususiy va davlat teatrlari, 60 mingga yaqin tarixiy va madaniy yodgorliklar, 40 ga yaqin milliy park va qo‘riqxonalar joylashgan. YuNeSKO Jahon merosi obektlari ro‘yxatiga 32 obekt kiritilgan.

Aksariyat tarixiy va madaniy binolar bir-biriga yaqin hududlarda joylashgan. Sayyohlar bir binodan ikkinchisiga bemalol piyoda harakatlanishi mumkin.

Mamlakatda istalgan tilda so‘zlovchi gidni topishingiz mumkin. Ular sizga tarixiy va madaniy maskanlardan tashqari eng hamyonbop sovg‘alar do‘koni, mazali taomlar tayyorlanuvchi kafe va restoranlar, ko‘ngilochar maskanlar haqidagi ma'lumotlarni ham berishga tayyor.

Germaniya shaharlari yo‘llari sifati va tozaligiga e'tibor bermaslikning iloji yo‘q - yo‘llar tekis va ozoda. (Yo‘llar va infratuzilmalar qurishni ulardan o‘rgansak, arziydi). Hamma joyda yo‘l ko‘rsatkichlarini ko‘rishingiz mumkin.

Reyn daryosi
Angela Merkelning qarorgohi

Mamlakat bo‘ylab harakatlanar ekansiz, qaysi shahar bo‘lmasin, tabiatiga maftun bo‘lmay iloj yo‘q.

 Frankfurtdan Berlin shahri tomon ketaverishda ertaknamo ko‘rinishga duch kelasiz, bu yerda juda ko‘plab shamol energetikasi qurilmalariga ko‘zingiz tushadi. Germaniya so‘nggi yillarda to‘liq qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish haqida e'lon qilgan.

Germaniya shaharlari o‘rtasida ma'lum bir yo‘lni bosib o‘tganingizdan keyin ko‘pchilik to‘xtab tanaffus qiladigan maxsus do‘kon va tamaddixonalar joylashganiga guvoh bo‘lasiz. Shu yerning o‘zida sayyohlarga mo‘ljallangan zamonaviy hojatxonalar bo‘lib, ularga ma'lum bir to‘lov evaziga kiriladi. To‘lov kiritilgach, do‘kondan istagan mahsulotingizni xarid qilganda amal qiladigan chegirma cheki taqdim etiladi va bu mijozlarni do‘kondan xaridni amalga oshirishga va shu tariqa sayyohlarning mamlakatda qoldiradigan summasini oshirishga undovchi kichik bo‘lsa-da, o‘ziga xos jihozdir.

Berlin devori poytaxtning markaziy ko‘chalari bo‘ylab taqsimlangan. Ularga turfa xil rasmlar chizilgan.

Germaniyaning barcha shaharlarida velosipeddan keng foydalaniladi, bu yerda velosiped ijarasi juda keng yo‘lga qo‘yilgan.

Har bir shaharda o‘ziga xos "quvnoq" trolleybuslar harakatlanayotganini ko‘rishingiz va ulardan foydalanishingiz mumkin.

Diqqatimizni tortgan yana bir holat shu bo‘ldiki, Germaniyada nogironligi bo‘lgan kishilarning harakatlanishi uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Yaqinlari hamrohlik qilayotgan nogironligi bo‘lgan insonlardan tashqari, zamonaviy aravachalarda mustaqil harakatlanayotganlar ham talaygina, zero ularning jamoat transportlariga chiqib tushishlari, binolar ichi va tashqarisida harakatlanishlari, katta yo‘llardan o‘tishlari uchun barcha jihatlar inobatga olingan.

Daraxtlarga bo‘lgan munosabatni ham ulardan o‘rganish mumkin, Germaniya ko‘chalaridagi daraxtlarning atrofi maxsus “himoya to‘sig‘i” bilan himoyalangan.

Mavzuga oid