Sport | 09:40 / 28.05.2019
9224
3 daqiqa o‘qiladi

Peres Ramos bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha izoh berdi

Foto: Getty Images

«Real» prezidenti Florentino Peres jamoa sardori Serxio Ramos klubdagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchi ekani va unga Xitoydan bo‘layotgan takliflar haqida gapirdi.

«Hozirda «Real»ning eng katta shartnomasi Serxio Ramos bilan. U — sardor, eng yaxshi futbolchi va u bunga munosib. Men Serxio Ramosni o‘z o‘g‘limdek yaxshi ko‘raman. 

Menga aytishdiki, unga Xitoy klublaridan takliflar bor ekan, ammo u yerdagi qoidalarga ko‘ra ular transfer uchun mablag‘ to‘lay olishmaydi. Men Serxioga aytdim, buning iloji yo‘q. Sardor Madriddan tekinga keta olmaydi», — deya Peresning so‘zlarini keltirmoqda Mundo Deportivo.

Ramos«Real» safida 2005 yildan buyon to‘p surib kelmoqda. Ispaniyalik futbolchi yakunlangan mavsumda La Liganing 28 o‘yinida maydonga tushib, 6 gol urgan (5tasi penaltidan) va 1 golga uzatma bergan, shuningdek 6 marta sariq kartochka ishlagan.

Peres va Ramos o‘rtasidagi ilk ziddiyat shu yilning martida, jamoa «Ayaks»ga yengilib, YeChLni tark etganida kelib chiqqandi. Prezident o‘shanda o‘yindan keyin jamoa kiyim almashtirish xonasiga kirib, futbolchilarga qattiq ohangda gapirgan, Ramosni mag‘lubiyatda asosiy aybdor qilgan, futbolchi esa o‘shanda Peresning klubdan haydab yuborish tahdidiga shunday javob bergandi: «Men bilan hisob-kitob qil, men ketaman».

Oxirgi xabarlarga ko‘ra, Ramos Peres bilan ancha vaqtdan buyon gaplashmayapti. 

33 yoshli futbolchi «Real» yozda uni xizmatlari evaziga tekinga qo‘yib yuborishini istamoqda.

Ramosda Yevropa klublaridan ham, Xitoydagi klubdan ham takliflar bor. Ammo «Real» futbolchisini tekinga qo‘yib yubormoqchi emas va uning transferidan yaxshigina pul ishlab olmoqchi.

Mavzuga oid