Sport | 17:00 / 29.05.2019
19215
16 daqiqa o‘qiladi

«Eyzel fojiasi»ga 34 yil. Aslida nima bo‘lgandi?

Bugun Bokuda, Yevropa Ligasi finalida ikki ingliz jamoasi sovrin uchun kurashadi. Roppa-rosa 34 yil oldin esa, Angliya futboli rivojlanishini bir necha yilga kechiktirgan, klublarning yevrokuboklardan bir muddat chetlashtirilishiga olib kelgan voqea sodir bo‘lgandi. «Eyzel fojiasi» nomi bilan futbol tarixidan joy olgan o‘sha mashhur voqeani yana bir bor eslaymiz. Bugungi kun muxlislari balki bu voqealarni eslamas, bilmas, ammo hozirda millionlab insonlarga quvonch ulashayotgan, eng daromadli tomoshalardan iborat bo‘lgan futbol musobaqalari mana shunday qurbonlar ham berganini doim eslab turish lozim.


«Yuventus» (Turin, Italiya) - «Liverpul» (Angliya)  1:0

29.05.1985. Bryussel. 60 000 tomoshabin

Hakam A. Dayna (Shveytsariya)

«Yuventus»: Takkoni, Favero, Kabrini, Bonini, Brio, Shirea, Briashi(Prandelli,84), Tardelli, Rossi(Vinola,89), Platini, Bonek.

Murabbiy: Jovanni Trapattoni.

«Liverpul»: Grobbelar, Nil, Beglin, Lourenson(Gillespi,3), Nikol, Xansen, Dalglish, Uilan, Rash, Uolsh (Jonston,46), Uark.

Murabbiy: Jo Fegan.

Gol: Platini(57, penaltidan).

«Bugungi voqea Yevropa Chempionlar kubogiga barham bermaydi, ammo har qanday holatda ham futbol katta mag‘lubiyatga uchradi», - degandi UYeFA prezidenti Jak Jorj «Yuventus» klubiga Chempionlar Kubogini topshirayotib. Marosim juda oddiy sharoitda, aniqrog‘i «Eyzel» stadionining turinliklar uchun ajratilgan yechinish xonasida bo‘lib o‘tdi.

Sezdingiz, bugungi suhbat futbol tarixidagi eng qora va qonli kunlardan biri sifatida qayd etilgan, 1985 yilning 29 mayida bo‘lib o‘tgan Chempionlar kubogining yubiley 30-finali, «Yuventus» va «Liverpul» o‘rtasidagi uchrashuvi oldidan bo‘lib o‘tgan voqealar haqida.

O‘yinni «Yuventus» ancha aktiv boshladi, barcha jabhalarda «Liverpul»ni ortda qoldirdi. 56-daqiqada esa inglizlar jarima maydonida Bonekni chalib yiqitdilar, Platini esa penaltini aniq amalga oshirdi va bu gol italiyaliklarga g‘alaba keltirdi. «Yuventus» futbolchilari maydon bo‘ylab zafarli aylanishni rad qildilar, butun jamoa bo‘lib muxlislari o‘tirgan tribunaga bordilar va tiz cho‘kdilar. Og‘ir bo‘lgandi juda. G‘alaba quvonchi tragediyaga almashgandi. Juda ko‘p insonlarning hayotiga zomin bo‘lgan bu g‘alaba jamoa tarixidan katta joy olishga haqlimi? Eslanishga arziydimi?

- Ha, - deb javob beradi o‘sha uchrashuv qahramonlaridan biri Mishel Platini, - bu g‘alaba haqida eslab turish lozim, umuman unutmaslik kerak. Shundagina bu kabi ko‘ngilsizliklarning oldi olinishi mumkin.

Umuman turnir boshidan «Yuventus» va «Liverpul» favorit sifatida e'tirof etilgan bo‘lishsa-da, mahalliy matbuot jamoalar haqida tanqidiy materiallar berishdan charchamasdi. «Yuventus» Kubok egalari kubogini yutgan bo‘lsa-da, jamoada salobat ko‘zga tashlanmayotgandi. Kubok egalari kubogi finali «Portu»ga qarshi kechgan uchrashuv haqida ham «Gadzetta delo sport» shunday yozgandi:

«Jamoaning rivojlanish o‘rniga moziy futboliga qarab ketayotgani g‘alati. O‘n yil oldindagidek himoyaviy futbol ko‘rsatgan «Yuve» bu kubok o‘zi uchun naqadar kerakligini, hatto muxlislarni go‘zal futboldan mosuvo qilishga ham arzishini tan olgandek bo‘ldi».

Yangi mavsum arafasida esa mahalliy nashrlar Skudettoni «Yuventus» emas, «Verona» qo‘lga kiritishini taxmin qila boshladilar. Mavsumni «Yuve» yomon boshladi, «Inter»dan Turindagi sharmandali mag‘lubiyatdan (0:4) keyin esa Trapatonni:

- Nima ham deyishim mumkin, barcha jabhalarda «Inter» bizdan kuchliroq edi. Raqib 2ta gol bilan kifoyalanganda ham, biz hisobni tenglashtira olmasdik, - deyishga majbur bo‘ldi.

Ko‘pchilik murabbiyning tajribasini yuqori baholadi va ikkinchi davrada jamoa o‘yini kuchayishiga ishonardi.

- Oldinda hali 19 tur bor, barchasini o‘z joyiga tushirishga ulguramiz, - dedi Platini.

- Yevrokuboklardagi ishtirok tufayli A Seriyaga e'tibor ajrata olmadik, martgacha yevrokuboklardan ozodmiz, vaziyatni o‘nglay olamiz, - dedi yetakchi himoyachi Gayetano Shirea.

Butunlay yevrokuboklardan xalos bo‘lishning iloji yo‘q edi, qishda klub aynan «Liverpul» bilan UYeFA Superkubogi uchun maydonga tushishi kerak edi.

Turinda o‘tgan dastlabki uchrashuv 2:0 hisobida maydon egalari g‘alabasi bilan yakunlandi. Bonekning ikki goli o‘yin taqdirini hal qildi. Bu o‘yindan biroz oldin «Liverpul» Tokioda Qit'alararo kubokni Argentinaning «Independente»siga boy bergandi. Yanayam oldinroq esa marsisaydliklarning Angliya chempionatidagi omadsiz seriyalari boshlangandi. Klub 23-turdan so‘ng 9-o‘rinda borar, bu esa ingliz jurnalistlari uchun ayni muddao bo‘lgandi.

- «Enfild»dan tashqarida jamoaning chempion bo‘la olmasligini, umuman sovrin uchun kurashmasligini orzu qilishardi, - degandi Lesli Vernoy, - «Liverpul» gegemonligi barchani zeriktirdi.

- Sportning eng katta dushmani – monopoliya, - deb unga qo‘shiladi Erik Betti.  

Xullas har ikkala klub bahorgi musobaqaga turli kayfiyatlarda kirib kelgandi. Bir necha yil Yevropa futbolida xukmronlik qilayotgan «Liverpul» va «Yuventus» o‘rtasida final uchrashuvi ko‘pchilik tomonidan qiziqish va hayajon bilan kutilayotgandi. Ayniqsa, liverpullik ishqibozlar o‘sha paytlarda o‘zlarining bezoriliklari bilan mashhur, mag‘lubiyatni hazm qila olmaydigan darajaga chiqqandilar. Buni barcha anglab turgandi va juda katta e'tibor aynan ingliz fanatlariga qaratilgandi. 

Liverpuldan Bryuseselgacha borish paytida, hatto Le Mansh qirg‘og‘idagi transport almashtirish chog‘ida ham ingliz fanatlari politsiya nazorati ostida bo‘lgan va ichish qat'iyan ta'qiqlangandi. Ammo yigirma mingdan ziyodroq bo‘lgan inglizlarni nazorat qilishni Belgiya politsiyasi uddalay olmadi.  

O‘yin boshlanmasdanoq raqib ishqibozlar o‘rtasida kichik to‘qnashuvlar boshlandi. Bezorilar guruhi yuvelir magazini oynalarini sindirishdi va 10 million frankka teng bo‘lgan boyliklarni olib chiqib ketishdi. Hech qanday politsiyadan darak yo‘q. Mahalliy organlar maksimal darajada sabrni namoyish etadi.

O‘yin paytidagi o‘zaro to‘qnashuvning oldini olish maqsadida, ikki jamoa fanatlarini ajratib turadigan alohida tribuna tashkil qilingandi. Bu sektorga faqat mahalliy ishqibozlar kiritilishi ko‘zga tutilgandi. Aynan shu sektor o‘yin boshlanmasdanoq ishqibozlar bilan to‘ladi. Stadion hodimlari xatoga yo‘l qo‘yadilar va bu sektorga juda ko‘p belgiyalik ishqibozlardan tashqari, juda ko‘p italiyalik emigrantlarni, ya'ni «Yuventus» muxlislarini ham kiritib yuboradilar. Hatto turinlik ishqibozlar ham negadir ushbu sektordan joy olishlariga sharoit yaratiladi.   

O‘yin boshlanishiga yaqin tribunaning asosiy qismini tashkil etgan «qizil liboslilar» ham bu sektorga qandaydir yo‘llar bilan kirib oladilar. Bundan tashqari, aynan o‘sha sektorga tutashgan, stadionning X, Z va Y sektorlari eng arzon hisoblanib, o‘rindiqlari yo‘q, o‘yinni tik turgan holda tomosha qilishga mo‘ljallangan edi. Tabiiyki, bu sektorlar ham asosan ingliz fanatlari bilan to‘lgandi. O‘yin boshlanishiga 45 minut qolganda, fanatlar sektorlar orasidagi to‘siqlarni sindirishni boshlaydilar va aynan xavfsizlik uchun belgilangan tribuna to‘qnashuvlar markaziga aylanadi.

Tahlika boshlandi. Italiyalik muxlislar tribuna pastiga qarab tushib kela boshladilar. Belgiya politsiyasi yana xatoga yo‘l qo‘yadi. Muxlislarni maydonga xavf solish niyatida, deb o‘ylagan politsiya maydon atrofini yopadi va tashqariga chiqish yo‘llarini ham blok qiladi. Aslida barcha tomonni ochib yuborish, evakuatsiyaga va xavfni kamaytirishga harakat qilinishi kerak edi. Chunki to‘polon avj olib bo‘lgandi. Natijada sektor bir-biriga nafratga to‘la bo‘lgan ikki guruhga to‘lib boraveradi, qonli to‘qnashuv to‘xtamaydi. Pastga qarab yo‘nalgan guruh tribuna va maydonni ajratib turadigan beton devor va panjara orasida qolib ketadi. Qonli to‘qnashuv esa davom etar, tahlikada vaziyatdan qochishga uringan muxlislar esa jarohatlanganlar ustidan yurishga majbur bo‘lishardi.

Hamma o‘yinni sabrsizlik bilan kutar, qonli sektorda esa barcha o‘z joni uchun kurashar, insoniylikning hayvonga aylangan holatidagi ahvolining jabrini tortish bilan ovora edi. Inson o‘z dushmanini kiyib olgan kiyimiga qarab tanlar edi bu sektorda. Qisqa vaqt mobaynida 39 kishi hayotdan ko‘z yumdi.

Bu vaqtda futbolchilar yechinish xonasida edi, ular ko‘p narsadan bexabar edi. Xabar topgach esa o‘ynashni ixtiyor etdilar.

- Fojianing battar avj olmasligi uchun o‘ynashga majbur edik, -  deydi Platini, - muxlislarimiz biz uchun vafot etdilar, biz esa ular uchun maydonda qasos oldik.

«UYeFA o‘yinni bekor qilmadi, chunki bezoriliklarning yana davom etishi va odamlarni stadiondan olib chiqishda yangi muammolar kelib chiqishi, qurbonlar soni yana oshib ketishi mumkin edi», – deyilgan UYeFA hisobotida. 

Fojia oqibatida 39 kishi halok bo‘ldi. Ulardan 32 kishi italiyalik, 4 nafari belgiyalik, ikki fransuz va bir irlandiyalik edi. 600 nafarga yaqin ishqiboz turli darajada tan jarohatlari oldi. Ushbu fojiada nafaqat muxlislar, balki UYeFAning ham aybi katta. Tashkilot finalni umuman xavfsizlik talabiga javob bermaydigan «Eyzel» stadionida o‘tkazishga rozilik bergandi. 

Shuningdek, Bryussel politsiyasi bu voqeaning oldini olish imkoniyatiga ega edi. Final uchrashuvidan bir necha kun oldin Bryussel politsiyasiga ingliz hamkasblaridan faks keladi. Unda Angliyada bezoriligi bilan nom qozongan va maxsus ruyxatga olingan fanatlar haqida ma'lumot  ko‘rsatilgandi. Xatda yozilishicha, bir yil oldin Rimda bo‘lib o‘tgan «Roma» va «Liverpul» o‘rtasidagi final oldidan mahalliy politsiya xuddi shu mazmundagi ma'lumotni olgan va to‘g‘ri foydalanib uchrashuvni to‘g‘ri tashkil qila olgan. Bryussel politsiyasi esa ushbu ma'lumotni to‘liq o‘rganmadi va ingliz hamda italyan fanatlarini yonma-yon joylashtirdi.

UYeFA tekshiruvi angliyalik fanatlarni rasman aybdor deb topdi. Ingliz klublarini Yevropa maydonlaridan chetlashtirish boshlandi. Dastlab, «Liverpul» rahbariyati jamoa yevrokuboklarda qatnashmasligini ma'lum qildi. Keyin esa Buyuk Britaniya hukumati barcha jamoalarga navbatdagi mavsumda yevrokuboklarda ishtirok etishga ruxsat bermasligini bildirdi. FIFA boshqa davlat klublariga ingliz klublari bilan har qanday shartnoma imzolashni taqiqladi. UYeFA esa dastlab «Liverpul»ni 3 yilga, keyin esa butun ingliz jamoalarini noma'lum muddatga musobaqalardan chetlashtirdi. Faqatgina 6 yil o‘tibgina, ingliz jamoalari yevrokuboklarda o‘ynay boshladi.

«Yuventus» afsonasi Paolo Rossi eslaydi:

«Hatto hozir ham, oradan bir necha yil o‘tgan bo‘lsa-da, bu voqea haqiqatdan ham bo‘lganiga ishongim kelmaydi. Men qatnashgan o‘yin uchun kimningdir vafot etganini miyaga sig‘dirish juda qiyin. O‘sha kundan beri deyarli har kuni o‘lganlar uchun duo qilaman. O‘sha voqeadan keyin, o‘sha sovrin men uchun hech qanday ahamiyatga ega emas. Men jahon chempioni bo‘ldim, Skudettoni yutdim, bu haqida maqtana olaman, ammo Chempionlar kubogi sovrinini men o‘z xotiramdan o‘chirib yubordim. O‘sha finaldan keyin men yana ko‘p o‘ynadim, lekin «Milan»dagi faoliyatimda men emas, soyam o‘ynagandek. Yoshlik yillarim kabi ko‘p jarohat ola boshladim va hech qachon oldingi saviyamga chiqa olmadim. O‘sha oqshom mening futbolchi sifatidagi faoliyatim tugagandi, desam mubolag‘a bo‘lmasa kerak».

- O‘sha fojiani to‘xtata oladigan kuch o‘sha oqshom yo‘q edi, - deb hikoya qiladi «Liverpul» fan klubi yetakchilaridan biri Jyerald Makkinli, - bunday bezoriliklar nafaqat Angliyada yoki ingliz klublari ishtirokidagi o‘yinlarda, balki butun Yevropada juda ko‘p kuzatilayotgan davrlar edi. Bu go‘yoki boshqaruvchisi yo‘q poyezdni to‘xtatishga harakat qilishga o‘xshardi. Qachondir bunga chek qo‘yilishi aniq edi va «Eyzel»dagi voqeadan so‘ng bu holat ancha kamaydi. Afsuski, qurbonlik juda katta edi.

Oradan shuncha yil vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, fojianing tub sabablari aniqlangani yo‘q. «Liverpul» fanatlarining bu harakati oldindan rejalashtirilganmidi? Turinlik fanatlar tomonidan provakatsiya amalga oshirilganmi? Hatto inglizlar tomonidan boshqa versiya ham ilgari surilgan. Go‘yoki, bu aksiyani boshqa klub fanatlari amalga oshirgan. Ya'ni «Yuve»ning ashaddiy raqibi bo‘lgan «Torino» klubi fanatlari «Liverpul» kiyimida tashkil qilganlar. Afsuski, hech kim bunga aniq javob bera olmaydi. Hech kim ichida 9 yoshli bolakay ham bo‘lgan 39 kishini hayotga qaytarishga qodir emas.

Futbol ajoyib o‘yin. Shu bilan birgalikda his-tuyg‘uni boshqaradigan o‘yin. Emotsiyasiz futbolni tasavvur qilish qiyin. Shuni unutmaslik kerakki, inson hech qachon tuyg‘ulari quliga aylanmasligi kerak. O‘z erkini o‘tkinchi tuyg‘ulari ixtiyoriga topshirgan inson esa jamiyat uchun ham, o‘zi uchun ham katta xavf tug‘diradi.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid