Sport | 12:05 / 01.06.2019
10084
2 daqiqa o‘qiladi

Afrikada katta mojaro – Chempionlar Ligasi finali oxirigacha yetkazilmay qoldi

Foto: EPA-EFE/MOHAMED MESSARA

1 iyun kuni Afrika Chempionlar Ligasi finalining javob bahsi o‘tkazildi.

Tunisning «Esperans» klubi o‘z maydonida marokashning «Vidad» klubi bilan bellashdi. Dastlabki o‘yinda 1:1 hisobi qayd etilgandi.

Mezbonlar 41-daqiqada Bilayliy goli evaziga hisobni ochishga muvaffaq bo‘lishdi. 58-daqiqada «Vidad» hisobni tenglashtirdi. Ammo gambiyalik bosh hakam Bakari Gassama golni inobatga olmadi, hatto takroriy lavhani ham tomosha qilishni istamadi. Shundan so‘ng, hakamning bu qaroridan norozi bo‘lgan «Vidad» futbolchilari kiyim almashtirish xonasiga kirib ketishdi.

Natijada, o‘yin deyarli 1,5 soat davomida to‘xtab turdi. «Vidad» futbolchilari maydonga qaytishni istamagach, bosh hakam Gassama «Esperans» g‘alaba qozonganini e'lon qildi.

Keyinchalik hakam texnik muammolar tufayli VAR tizimidan foydalana olmagani e'lon qilindi.

Afrika Chempionlar Ligasi 1964 yildan buyon o‘tkaziladi. Unda Misrning «Al-Ahliy» klubi eng ko‘p – 8 marta g‘alaba qozongan. 

Tunisning «Esperans» klubi qatorasiga 2-marta, o‘z tarixida esa 3-marta AChL g‘olibi bo‘ldi.

Afrika Chempionlar Ligasi
Final, javob o‘yini
1 iyun
Esperans (Tunis) – Vidad (Marokash) 1:0
Gol: Bilayliy (41)
Dastlabki o‘yin: 1:1

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish