Sport | 22:21 / 06.06.2019
19197
3 daqiqa o‘qiladi

Chimi yangilangan «Milliy» stadion egalari unda mashg‘ulot o‘tkazdi (fotoreportaj)

O‘tgan hafta Turkiya bilan kechgan o‘rtoqlik o‘yinidan so‘ng O‘zbekiston milliy jamoasining Ektor Kuper qo‘l ostida yutqazgan o‘yinlari soni yutganlari bilan tenglashdi.

Bundan roppa-rosa 10 oy muqaddam – 2018 yil 6 avgustida lavozimga tayinlangan argentinalik murabbiy hozirgacha O‘zbekistonni 13ta o‘yinda boshlab tushgan bo‘lsa, ularda 3ta durang hamda 5tadan mag‘lubiyat va g‘alaba qayd etildi.

Iyun oyida Kuperda mazkur statistikani yaxshilab olish, eng muhimi jamoani JCh-2022 saralashiga tayyorlash uchun yana ikkita o‘rtoqlik o‘yini bor. Jamoa 7 iyunda KXDR, 11 iyun kuni Suriya milliy jamoalariga qarshi bahs olib boradi.

Ikkala o‘yin ham Toshkentdagi «Milliy» stadionida bo‘lib o‘tadi. KXDR bilan bahs soat 20:00, Suriya bilan o‘yin 18:30ga belgilangan.

Qayd etish kerak, KXDR ham, Suriya ham Ektor Kuper uchun begona termalar emas. Ushbu jamoalar bilan o‘tgan yili kuzda ham Toshkentda o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilgan edi: Kuper ushbu lavozimdagi ilk o‘yinida Suriya bilan durang (1:1) o‘ynab, keyinroq KXDRni mag‘lub etgandi (2:0).

Yanvardagi Osiyo kubogida suriyaliklar ham, shimollik koreyslar ham o‘z guruhlarida so‘nggi o‘rinni olishdi. BAAdan mutlaqo ochkosiz qaytgan KXDR shundan buyon birorta ham o‘yin o‘tkazgani yo‘q.

Shu o‘rinda ta'kidlash joiz, Osiyoda JCh-2022 saralashining birinchi bosqichi bugundan boshlandi. O‘zbekiston ikkinchi - asosiy bosqichdan kurashga kirishadi, bu raund 2019 yil 5 sentyabridan boshlanib, 2020 yil 9 iyunigacha davom etadi.

May oyi oxiridan buyon milliy jamoaning Toshkent va Antaliyadagi mashg‘ulotlaridan fotoreportajlar taqdim etib kelayotgan Tribuna.uz bu gal ham KXDRga qarshi o‘yin oldidan «Milliy» stadionida o‘tgan rasmiy tayyorgarlik jarayonidan eng sara lavhalarni havola qiladi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid