Light | 16:35 / 12.06.2019
17605
6 daqiqa o‘qiladi

Mashqlarsiz ko‘proq kaloriya sarflashning 5 usuli

Jismoniy mashqlarsiz ham quvvat sarfini biroz oshirish mumkin. Bu olimlar tomonidan tasdiqlangan deya ta'kidlamoqda Layfxaker.

Foto: Pexels

1. Xonada past haroratni ushlab turishga harakat qiling

Xonadagi salqin haroratni, ayniqsa uyqu vaqtida ushlab turishga va ko‘proq toza havoda bo‘lishga harakat qiling. Sovuq organizmni isitish uchun quvvat sarflaydigan yog‘ to‘qimasi – qo‘ng‘ir yog‘ miqdorini oshiradi.

2014 yilda o‘tkazilgan tadqiqotlar qo‘ng‘ir yog‘ mavjud bo‘lganida uzoq vaqt davomida (5-8 soat) sovuq xonada bo‘lish quvvat sarfini ancha oshiradi, glyukozaning butun tana bo‘ylab utilizatsiyasini tezlashtirib, insulinga bo‘lgan sezuvchanlikni oshiradi.

Franchesko Tseli (Dr. Francesco S. Celi) va Pol Li (Dr. Paul Lee) tadqiqoti esa sovuq xonada (19 °S) bir davomida muntazam uxlash qo‘ng‘ir yog‘ hujayralari hajmini 42 foizga oshiradi, ularning metabolik faolligi esa 10 foizga ortadi. Bundan tashqari, tadqiqot ishtirokchilarida leptin (ishtahani bo‘g‘uvchi gormon) va adiponektin (insulinga bo‘lgan sezuvchanlikni oshiradi)ning miqdori ortgan.

2. Ko‘proq polda o‘tiring

Agar televizorni tomosha qilayotganda yumshoq divan yoki kresloda emas, polda o‘tirsangiz, tanani muayyan holatda ushlab turish uchun ko‘proq mushaklar «chiranadi». Shuningdek, polga o‘tirish va undan turib olish uchun ham ko‘proq quvvat sarflanadi.

Tanamiz to‘liq o‘tirishni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan, zamonaviy odam esa kun davomida yarim diapazonnigina bajaradi. Natijada asta-sekin egiluvchanlik va bo‘g‘imlar harakatchanligini yo‘qotamiz.

Harakatlanishning to‘liq diapazonini qaytarish orqali gavdani tutish yaxshilanadi, mushak va paylar egiluvchanligini qo‘llab-quvvatlaysiz va hatto umringizni uzaytirasiz. 2012 yilda braziliyalik olimlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot polga o‘tirish va undan qo‘llar yordamisiz tura olmaslik keksalikda o‘lim xavfini oshirishini ko‘rsatdi.

Polda o‘tirgan holda televizor tomosha qilishingiz yoki videoo‘yinlar o‘ynashingiz, telefonda suhbatlashishingiz, kitoblar o‘qishingiz, hatto ovqatlanishingiz ham mumkin: aynan shu vaqtdagi harakatlar ovqat hazm qilish jarayonini yaxshilaydi.

3. Saqich chaynang

Mayo klinikasidagi Djyeyms Levin (James Levine) va Poletta Bokol (Paulette Baukol) saqich chaynash quvvat sarfini soatiga 11 kkalga oshirishiga oydinlik kiritishdi.

Bundan tashqari, saqich kamroq kaloriya iste'mol qilish va o‘zingizni kuchga to‘lgandek his etishda yordam beradi. Rod Aylend universiteti nutritsiologiya professori Ketlin Melanson (Kathleen Melanson) shakarsiz saqichning vazn nazoratiga ta'sirini tadqiq qilgan. Tadqiqot ishtirokchilari tongda bir soat davomida saqich chaynaganlarida (uch marta 20 daqiqadan) ular nonushtaga 67 kkal kamroq iste'mol qilishgan va kun davomida uning o‘rnini to‘ldirishgan.

O‘z holatini baholagan ishtirokchilar saqich chaynaganidan keyin quvvat ortishi va ochlik hissi kamayganini aytishgan.

4.Dinamik musiqa sadolariga moslab yuring

2016 yilda italiyalik olimlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar jo‘shqin musiqa tinglanganida yurak sur'ati ortishini ko‘rsatgan.

Jo‘shqin musiqa ostida mashq bajarganlar ko‘proq natijalarga erishishgan.

Agar o‘zingiz uchun kardio mashqlar uyushtirmasangiz, ish yoki do‘konga musiqa sadolari ostida boring. Ana o‘shanda tezroq harakat qilasiz va ko‘proq kaloriya sarflaysiz.

5. Yangi bilimlarga ega bo‘ling

Sokin holatida miya sutkasiga 420 kkal ga yaqin sarflaydi va organizmdagi jami 60 foizga yaqin glyukozani utilizatsiya qiladi. Faol aqliy faoliyat vaqtida kaloriya sarfi yanada ortadi.

Bir necha britaniyalik tadqiqotlar murakkab vazifalarni yechish glyukoza sarfini oshirishini ko‘rsatgan. Tadqiqot jarayonida bir guruh tugmani bosish kabi takrorlanuvchi oddiy harakatlarni bajargan, boshqa guruh esa matematik misollarni yechgan. Murakkab misollarni yechgan ishtirokchilarda glyukoza darajasi pasaygan. Demak, jarayon davomida ular ko‘proq kaloriya sarflagan.

Olimlar glyukoza darajasi va javoblar aniqligi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqligini sezishgan. Shu tariqa, odam fikrini qancha ko‘proq bir narsaga jamlasa, miya shuncha ko‘p quvvat sarflaydi.

Aqliy faollik vaqtida ko‘proq quvvat sarflash uchun vazifa murakkab va qiziq bo‘lishi lozim.Ana o‘shanda diqqatning yuqori darajasini qo‘llab-quvvatlay olasiz.

Yaxshi yangilik shundan iboratki, miyani qancha ko‘p mashq qildirsangiz, u ko‘proq quvvat sarflaydi. Tadqiqot davomida Gerald Larson (Gerald E. Larson) odamning aqliy qobiliyatlari qancha yuqori bo‘lsa, miyaning qobig‘i ishlash vaqtida shuncha ko‘p glyukoza sarflashini aniqlagan.

Biroq shuni aytish kerakki, hech qanday aqliy faollik jismoniy mashqlarga teng kelmaydi va uy sharoitidagi oddiy mashg‘ulot eng murakkab matematik misolga qaraganda ko‘proq kaloriya sarflaydi.

Mavzuga oid