Frilanser qanday qilib kamroq ishlashi va ko‘prog‘iga ulgurishi mumkin?
Layfxaker sayti samaradorlikni oshirish, o‘zingizni yaxshiroq his etish va zararli odatlardan xalos bo‘lishda yordam beradigan maslahatlar bilan o‘rtoqlashdi.
Ish kunini qisqartiring
Sakkiz soatlik ish kuni bu – afsona. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, eng samarador mamlakatlar aholisi kuniga 4-6 soat ishlaydi.
Mehnat sifati miqdor omiliga qaraganda ancha muhim. Ko‘pchilik ish joyida bo‘lgan vaqtida sakkiz soatlik kunning yarmidan ko‘pini bag‘ishlamaydi. Qolgani esa ijtimoiy tarmoqlarga sarflanadi.
Olimlarning aniqlashlaricha, qisqa intensiv jismoniy mashqlar o‘rtacha zo‘riqishga ega mashg‘ulotlarga qaraganda samaraliroq ekan. Sifatli hordiq va qayta tiklanish bilan kechadigan yuqori zo‘riqish yaxshi natija beradi. Bu aqliy mehnatga ham tegishli. Maksimal e'tibor bilan kechgan 1-3 soatlik faoliyat 8 soatlik sust mehnatga qaraganda samaraliroq.
Chunki hordiq ham ishning bir qismi.
Aynan tanaffus vaqtida, miya biror narsaga diqqatni qaratganida miyaga eng g‘aroyib g‘oyalar keladi. Shuning uchun yaxshiroq natijaga erishish uchun quvvatning 20 foizini mehnatga, 80 foizini esa hordiq uchun sarflash kerak.
Biroq yodingizda bo‘lsin, hordiq sifatli bo‘lishi lozim. Agar ishda bo‘lmasangiz, u bilan bog‘liq hamma narsani unuting. Tadqiqotlarga ko‘ra, hordiq vaqtida ishlarini psixologik jihatdan unuta oladigan kishilar keyin qat'iyat bilan ishlashadi va ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolardan kamroq aziyat chekishadi.
Ishning katta qismini tongda bajaring
Ko‘pchilik tongni o‘ziga kelib olish uchun sarflaydi: qahva ichish, badantarbiya qilish, yangilik va ijtimoiy tarmoqlarni tekshirish. Psixolog Ron Fridmanning fikriga ko‘ra, bunday qilish yaramaydi, chunki uyg‘ongandan keyingi ilk uch soat eng yuqori diqqatga ega bo‘lgan davr. Miriqib uxlagan bo‘lsangiz, albatta.
Buning bari uyqu vaqtida ong osti va ong erkin parvozda bo‘lishi va dam olishi bilan bog‘liq. Uyg‘onganingizdan keyin ular ijod va aqliy faoliyatga tayyor bo‘ladi. Ana o‘sha 3-5 soatni maksimal darajada diqqatni talab etadigan faoliyatga sarflash uchun eng qulay vaqt.
Tongni samaradorligingizga hissa qo‘shmaydigan mashg‘ulotlarga sarflamang.
Hech qanday ijtimoiy tarmoq, xabar, qo‘ng‘iroqlar kerak emas. Hatto jismoniy mashqlarni ham keyinga qoldirish kerak: tonggi quvvatni ishga sarflagan ma'qul. Sizni favqulodda vaziyatlardan tashqari hech nima chalg‘itmasligiga harakat qiling.
Organizmingiz haqida qayg‘uring
Bu sezilarli bo‘lmasligi mumkin, biroq ishdan tashqari faoliyat ham samarali mehnat uchun muhim. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, jismoniy mashqlar miya qarishini sekinlashtiradi, shuningdek samaradorlikni oshiradi.
Shuning uchun ham hayotingizning boshqa tarkibiy qismlari haqida unutmang. Tanangiz va ongingiz – yagona tizim. Uning bir qismidagi o‘zgarish qolganlariga ham ta'sir ko‘rsatadi.
Agar yuqori samaradorlikka erishishni istasangiz, tanangizga zarar keltiradigan narsadan xalos bo‘lish kerak.
Nimani qachon iste'mol qilishingiz, soat nechada uxlashga yotib, tongda qaysi paytda uyg‘onishingiz, alkogol iste'mol qilishingiz yoki chekishingiz, qanchalik ko‘p harakatda bo‘lishingiz, bularning bari – samaradorligingizga ta'sir qiladi.
Hayotni yaxshilik sari o‘zgartirish uchun qat'iyat kerak. Ko‘pchilik u o‘zimizni nazorat qilishimizga bog‘liq deb o‘ylaydi. Biroq bunday emas. Aslida qat'iyat ishonchga bog‘liq bo‘ladi.
Uni qo‘lga kiritish uchun kichik muvaffaqiyatlar kerak. Ular asta-sekin to‘planib, yirik g‘alabalarga sabab bo‘ladi. Yanada ko‘proq ishonchga ega bo‘lish usullaridan biri – zararli odatlar (fastfud bilan ovqatlanish, shakarni ko‘p iste'mol qilish, chekish)ni foydali odatlarga almashtirish.
Gap shundaki, odatlardan to‘liq xalos bo‘lish imkonsiz. Agar odam hayot tarziga aylangan narsani birdaniga bas qilishni boshlasa, to‘ldirish istagini uyg‘otuvchi bo‘sh joy hosil bo‘ladi. Natijada yoki eski odat qaytadi yoki yana bir yangi zararli odat paydo bo‘ladi.
Shuning uchun odatlarni ongli ravishda boshqa odatlarga almashtirish kerak. Masalan, agar sog‘lom ovqatlanishni istasangiz, biroq muntazam fastfudga qaytsangiz, kelasi safar burger yoki pitssa yeyish istagi paydo bo‘lganida 20 marta o‘tirib turish mashqini bajarishni o‘zingizga va'da qiling.
Zaxira rejalarini o‘ylab topish ham mumkin. Misol uchun, agar o‘tirib-turishlar noo‘rin bo‘lsa, besh marta chuqur nafas olish va bir stakan suv ichish. Aynan nima bilan shug‘ullanishingiz katta ahamiyatga ega emas. Muhimi – miyani eski odatdan chalg‘itish. Ushbu harakatlarni bajarish uchun sarflanadigan bir daqiqa davomida o‘z maqsad va vazifalaringizni yodga olasiz va zararli odatni takrorlash istagi yo‘qoladi.
Muntazam zararli odatlar ustidan g‘oliblikka erishib, o‘zingizga bo‘lgan ishonchingiz ortadi. O‘zingizni nazorat qilish osonlashadi, o‘z kuchingiz va belgilangan maqsadlarni amalga oshirishga bo‘lgan ishonchingiz ortadi.
Xulosa shuki:
Samarali bo‘lish uchun kuniga 8 soat emas, 3-5 soat sarflash kerak.
Qolgan vaqtda esa sifatli dam olish – ish bilan bog‘liq hech narsa qilmaslik va hatto u haqida o‘ylamaslik kerak. Bu faoliyatingiz samaradorligini oshiradi.
Tongda ishlash kerak. Uyg‘onganingizdan keyingi ilk uch soat - eng samarali vaqt.
Salomatlik va o‘zingizga bo‘lgan ishonch samaradorlikka ta'sir qiladi. Chunki ong va tana – yagona tizim.
O‘z-o‘ziga ishonch hissiga ega bo‘lish va bir vaqtning o‘zida hayot sifatini oshirish uchun zararli odatlarni foydalilariga almashtirish lozim.
Eski odatlarga qaytish istagi ustidan g‘oliblik sizga ishonch hissini beradi. Bu o‘zingizni muvaffaqiyatli nazorat qilish, ruhiy salomatlikni yaxshilash va ish samaradorligini oshirishda yordam beradi.
Mavzuga oid
10:35 / 14.03.2024
Samaradorlik ko‘rsatkichi «qoniqarsiz» bo‘lgan mansabdorlarning lavozimga loyiqligi masalasi ko‘rib chiqiladi
10:16 / 14.03.2024
Ijro organlari faoliyati samaradorligini baholash tizimi takomillashtiriladi
08:02 / 14.09.2023
Rossiya kompaniyalarining o‘zbekistonlik frilanserlarga talabi ortyapti
10:25 / 13.09.2022