Prezident tanqidlari va so‘nggi ikki kundagi o‘zgarishlar
Iyunning bu haftasi yangiliklarga boy bo‘ldi. Yuqori doiralarda navbatdagi jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Keling, hammasini bir boshidan boshlaymiz.
Video: Youtube
Video: Mover (tas-ix)
Dastlab, bir yarim yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimida ishlab kelayotgan Otabek Murodov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Senat raisi bo‘lgan Nig‘matullo Yo‘ldoshev egalladi.
Nig‘matulla Yo‘ldoshev 2011 yildan 2015 yilgacha O‘zbekiston Adliya vaziri bo‘lgan.
U 2015 yil yanvarida prezident qarori bilan senator etib tayinlangan va 2015 yilning 22 yanvarida yashirin ovoz berish yo‘li bilan Senat raisi lavozimini egallagandi.
Prezident yangi bosh prokurorga nimani o‘zgartirishini, tizimni tozalashini, yaxshi takliflar berishini kutishi haqida aytib o‘tdi.
21 iyun kuni Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisida bo‘sh qolgan Senat raisligi o‘z egasini topdi. Tarixda birinchi bor ushbu yuqori darajadagi lavozimga ayol kishi loyiq ko‘rildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaning 86-moddasiga muvofiq ushbu lavozimga Xotin-qizlar qo‘mitasining sobiq raisi Tanzila Norboyeva nomzodini taqdim etdi va senatorlar nomzodni qo‘llab-quvvatlashdi.
«Men Tanzila Norboyevaning hukumatdagi faoliyati doirasida qilgan ishlari, ayniqsa, bolalar mehnatini yo‘qotishdagi harakatlarini e'zozlayman. Xalqaro hamkorlikda ham uning mehnatlari salmoqli», deya iliq so‘zlarni keltirib o‘tgan davlat rahbari.
Davlat rahbarining qayd etishicha, Tanzila Norboyeva nomzodi to‘satdan tanlanmagan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, u bunga bir yildan ortiq tayyorgarlik ko‘rgan. Prezident o‘z chiqishining aksariyat qismini ayollar muammolariga bag‘ishladi. Tanzila Norboyevaga to‘xtalar ekan, Shavkat Mirziyoyev uning vijdonlilik, halollik va eng asosiysi — Vatanini sevish kabi xislatlarini sanab o‘tdi.
Kunning yana bir shov-shuvli xabari sobiq bosh prokuror Otabek Murodovga nisbatan ochilgan jinoiy ish va prezidentning u haqida aytgan gaplari bo‘ldi.
«Men Murodovga ishonch bildirgandim. Prokuraturada korrupsiya bo‘laveradigan bo‘lsa, men qanday qilib investorlarni jalb qilaman? Investor deputat yoki hukumat odamidan emas, tadbirkordan so‘raydi davlatdagi holat haqida. Tadbirkor nima deydi? Prokuror ham, vazir ham pul oladi deydi-da!»
Ushbu so‘zlarga qo‘shimcha sifatida prezident prokuraturaning sobiq rahbarlarining barchasi katta muddatlarga qamalishini aytib o‘tdi.
Otabek Murodov 2018 yilning yanvarida DXX rahbarligiga o‘tgan Ixtiyor Abdullayev o‘rniga Bosh prokuror bo‘lgandi. U yaqin 4 yil ichida ustidan jinoiy ish ochilgan uchinchi sobiq bosh prokuror bo‘ldi.
2015 yil aprel oyida ko‘p yillar davomida prokuratura tizimini boshqargan Rashid Qodirov lavozimidan ozod etilgan, uning o‘rnini Ixtiyor Abdullayev egallagan va u 2017 yil yanvarida Davlat xavfsizlik xizmati rahbarligiga tayinlangan edi. Ushbu ikki sobiq bosh prokurorlarga nisbatan ochilgan jinoiy ish bo‘yicha hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Endi navbat Otabek Murodovga keldi. Prezident ushbu sobiq amaldorni ham korrupsiyada aybladi. Shuningdek, davlat rahbari agar shu ketishda bo‘lsa, prokuratura tizimi qisqartirilishini va ko‘plab vakolatlar Adliya vazirligiga berilishi haqida ogohlantirgan.
Shuningdek, ushbu yalpi majlis davomida prezident ta'lim sohasidagi muammolar va amaldorlarning xorij safarlari haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev davlat budjetini behuda sarflamaslik kerakligini uqtirish barobarida tashabbus ko‘rsatib chiqqan kadrlarni xorij xizmat safariga yuborishga tayyorligini aytdi.
Prezident o‘z nutqida ta'lim sohasida esa kadrlar yetishmovchiligi va ta'limdagi muammolar haqida ham to‘xtalgan: «Men nima uchun hadeb chet el universitetlarining filialini olib kelyapman? Chunki o‘zimizdagi oliy ta'lim muassasalarida ahvol chatoq. Vaziyatni shunchaki yuzaki o‘rganganda ham bir talay muammolar kelib chiqadi, hali chuqur kirib borganimiz ham yo‘q.
Maktablarda bo‘sh ish o‘rinlari bor, kadr yo‘q. Biz uzoq vaqt davomida bila turib, ongli ravishda odamlarimizni ongsiz qilishga urindik. Qancha kam taklif berilsa, shuncha yaxshi qabilida ish ko‘rildi. Lekin bugun kechagidek yashab bo‘lmaydi, tushuninglar».
Prezident deputatlarni ham tanqid qildi. Hokimlarning mahalliy kengashi raisligi tugatilishi bo‘yicha taklifdan maqsad bahslar uchun, nazorat uchun sharoit yaratish ekanini ta'kidladi.
Biz ham Senatning yangi raisi Tanzila Norboyeva va Bosh prokuror Nig‘matullo Yo‘ldoshev berilgan ishonchlarni oqlashlariga umid qilib qolamiz.
Mavzuga oid
16:12 / 22.11.2024
Tanzila Norboyeva Rossiyada MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasida ishtirok etdi
13:56 / 19.11.2024
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
13:10 / 17.11.2024
O‘zbekiston parlamenti a’zolari Bokuda o‘tayotgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyada ishtirok etdi
22:55 / 16.11.2024