Jamiyat | 12:10 / 30.06.2019
12509
4 daqiqa o‘qiladi

O‘z taqdirini Vatan taqdiri bilan bog‘lagan yoshlar 

Foto: Reuters

Inson hayoti uchun qon qanchalar muhim bo‘lsa, millat yashashi uchun yoshlar shunchalar muhimdir. Ularni mustaqil fikrli shaxs etib tarbiyalash, ayniqsa aholisining katta qismini yoshlar tashkil etadigan O‘zbekiston uchun hayot-mamot masalasidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 30 iyun «Kamolot» YoIHning IV qurultoyida «Yoshlar ittifoqi»ni tashkil etish va bu kunni yoshlar kuni deb e'lon qilishni taklif etgan edi. Tashkilot o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani uddalash uchun bir qancha loyiha va tanlovlar orqali yoshlarni bir g‘oya atrofiga birlashtira boshladi. Ijtimoiy faol yoshlar bilan birgalikda, erta tongdan (tadbirlarga qatnashmasdan) kundalik ishlari bilan mashg‘ul bo‘ladigan, Yoshlar Ittifoqi ta'biri bilan aytganda «uyushmagan yoshlar» ham bor.

Ular mening do‘stim, sizning ukangiz, qo‘shnining qizi, umuman olganda har kim bo‘lishi mumkin. Ularning ham o‘z orzulari, intilishlari, maqsadlari bor. Eng muhimi ular vatanni bizdan kam sevishmaydi.

Mana shunday yoshlardan biri —  Abror (24 yosh, ishchi). U yangi uy qurishda oilasiga yordam berish maqsadida ayni paytda Rossiyada ishlamoqda. Abror o‘zga yurtda ilojsizlikdan yurganini ta'kidlar ekan, «Necha yoshga kirishimdan qat'i nazar universitetda o‘qib, bolalarga ta'lim beraman. Ular biz ko‘rgan kunlarni ko‘rmasin» deb orzu qiladi.

Bo‘lajak olima

18 yoshli abituriyent Marjona esa o‘zbek tilining «Izohli lug‘ati»ni qayta ishlab chiqib, o‘zbek tilini xorijiy talabalarga ingliz tilida o‘qitishni xohlaydi. Marjona bilan suhbatlashish jarayonida o‘zidan bir necha barobar og‘irroq yukni ko‘tarib, dadil odimlayotgan chumoli ko‘z oldingizga keladi. Uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi sizga ham yuqishni boshlaydi. 

«O‘n yildan keyin, O‘zbekiston dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatoridan joy oladi. Buning uchun universitetni tamomlab xorijga ketish emas, olgan bilimini shu yerni rivojlantirish uchun sarflash kerak. Shunda chet elliklar bizga kelib ishlashadi», — deydi u.

Kuch — adolatda!

Allaqachon o‘qituvchilik kasbini tanlab ulgurgan 22 yoshli Muhammadning hayotiy shiori: Kuch —  adolatda! 

«Birovning haqiga xiyonat qilmaslik va o‘z ishini vijdonan barajarish kerak. Bu barcha uchun qoida», — deya ishonadi Muhammad.

Bo‘lar bola boshidan…

Og‘abek (6 yosh) bilan bo‘lib o‘tgan qisqacha suhbat:

— Kelajakda kim bo‘lmoqchisan?

— Harbiy.

Ehtimol, u harbiylikning mas'uliyatini to‘la anglab yetmagandir. Ammo bu sharafligini yaxshi biladi. 

Turli yosh va kasb egalari bo‘lgan bu yoshlar dunyoni o‘zgartira olmas, ehtimol. Ammo, ulkan samolyot uchishi uchun kichik detallar ham ahamiyatga ega bo‘lganidek, O‘zbekiston kelajagiga o‘z hissalarini qo‘sha olishiga ishonishadi. Ularni bog‘lab turgan yagona rishta bor. Bu — vatanni sevish va ertasiga ishonish. Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz Yoshlar!

Elmurod Sharipov

Mavzuga oid