Jamiyat | 11:20 / 03.07.2019
27615
8 daqiqa o‘qiladi

Hukumat qarorini bajarmayotgan Samarqand tumani hokimi va zarar ko‘rayotgan turizm sohasi

Samarqand shahridagi «Shaherezade Sam Star Tour» MChJ tahririyatimizga Samarqand tumani hokimligi turizm rivojiga ochiqdan-ochiq to‘siq bo‘layotgani, Vazirlar Mahkamasi qarorini pisand etmayotgani yuzasidan shikoyat yo‘llagan.

Gap shundaki, Samarqandda bugungi kunda zamon talablariga javob beradigan, barcha qulayliklarga ega, sayyohlarni olib yuradigan avtobuslar uchun maxsus maydoncha, texnika va haydovchilarga xizmat ko‘rsatish majmuasi yo‘q. «Shaherezade Sam Star Tour» MChJ esa ana shunday majmua barpo etmoqchi va bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritgan.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 iyundagi 450-sonli qarori 53-bandida aniq qilib: «Samarqand tumani hududida turizm toifasidagi avtobuslar uchun to‘xtash joyi va garaj, texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasi, haydovchilarni joylashtirish uchun mehmonxona hamda oshxona qurish uchun yer maydoni ajratish» topshirig‘i berilgan.

Murojaatda «Shaherezade Sam Star Tour» MChJ rahbari Tolib Jahongirov jumladan shunday deydi:

«Qarorda Samarqand tuman hokimligiga tuman hududidan joy ajratish ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da uning ijrosi bo‘yicha hech ish qilinmadi. Tuman hokimi Shuhrat Jamolov bo‘sh yer yo‘qligi, agar shunday yerni o‘zimiz topsak, rasmiylashtirib berishini bildirdi.

Shundan so‘ng, Samarqand davlat o‘rmon xo‘jaligi rahbariyatiga murojaat qilib, xo‘jalik hududidagi 60 sotix tashlandiq, o‘rmon bilan qoplanmagan yerni ajratib berishni so‘radik. O‘rmon xo‘jaligi tegishli qaror chiqarib berdi, xaritasi ham tasdiqlandi. Samarqand viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ekologik ekspertiza xulosasi ham olindi. Barcha hujjatlar rasmiylashtirildi. Qoida bo‘yicha yer bizga berilishi uchun o‘rmon xo‘jaligi balansidan chiqarilib Samarqand tumani hokimligi zaxirasiga qaytarilishi kerak. Xo‘jalik bu yuzasidan ham Samarqand tumaniga tegishli xat yubordi. Ammo yer tuman hokimligi zaxirasiga olingach, bizga emas, boshqa shaxsga berib yuborildi.

Xullas, tuman hokimligi faoliyatimizni rivojlantirish uchun na yer ajratdi va na Vazirlar Mahkamasi qarorini bajardi. O‘zi aytganidek, biz yer topganimizda esa uni ham boshqaga berib yubordi».

Ana shu tarzda ikki yildan buyon sayyohlik korxonasi to‘siqqa uchrab kelmoqda. Uning viloyat hokimiga yordam so‘rab yozgan xatiga viloyat hokimi o‘rinbosari Botir Nurullayev imzosi bilan javob kelgan. Mazkur javob xatida ham Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi topshirig‘iga urg‘u berilgan. Va Samarqand tuman hokimi tomonidan hukumat qarorini bajarish maqsadida «Shaherezade Sam Star Tour» MChJga yer ajratish to‘g‘risida 2018 yil 22 oktyabrda qaror chiqarilganini ma'lum qilgan.

Bir jihat e'tiborimizni tortdi: aftidan, tuman hokimi tadbirkorning viloyat hokimiga yozgan murojaatini «yopish» uchungina yuqoridagi qarorni chiqargan. Negaki, ana shu qaror nusxasini olgan tadbirkor o‘ziga ajratilgan yerni borib ko‘rganida u yerda boshqa tadbirkor (qo‘lida tuman hokimining qarori bilan) ish boshlayotganiga guvoh bo‘lgan. Viloyat hokimligidan tadbirkorga kelgan yuqoridagi javob xati sanasi ham, unga ilova qilingan tuman hokimi qarori sanasi ham bitta — 2018 yil 22 oktabr ekani e'tiborni tortadi.

Undan-da qizig‘i — Samarqand viloyat prokuraturasi Samarqand tuman hokimining «Shaherezade Sam Star Tour» MChJga yer ajratish to‘g‘risidagi 3875-sonli qarori tuman hokimligi devonxona bo‘limida mavjud emasligini aniqlagan. Ya'ni, bu qaror «tuman hokimi tomonidan imzo qo‘yilgan qarorlarni ro‘yxatga olish» kitobida qayd etilmagan. Uning o‘rniga mazkur yerni boshqa fuqaroga doimiy egalik qilish uchun berilgan qaror bor. Xuddi, tuman hokimligi tadbirkorni ahmoq qilayotgandek...

Bu masala yuzasidan viloyat hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botir Nurillayevning fikrini eshitdik:

— Bu masalada tadbirkorni haq deb hisoblaymiz va qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘tgan yil muammoga viloyat hokimligi ham aralashgandan so‘ng, «Shaherezade Sam Star Tour» MChJga tuman hokimligi yer ajratib bergandi. Turizmni rivojlantirish bo‘yicha viloyat dasturiga ham kiritilgan bu masala. Yer ajratilgandan so‘ng tadbirkor xursand bo‘lib endi ishlayman, deganida yerda boshqa odamlar ishlayotgani ustidan chiqqan. Keyinchalik yer auksionga qo‘yilib yana boshqa fuqaroga berilgan. Bu masala bo‘yicha aniq izohni tuman hokimligi bergani ma'qul albatta, — deydi viloyat hokimi o‘rinbosari.

Afsuski, Samarqand tuman hokimi bilan uchrashuvga bir necha kunlik urinishlarimiz besamar ketdi. Anig‘i shuki, bu muammo yuzasidan viloyat hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh ham to‘liq o‘rganish o‘tkazib, Samarqand tuman hokimiga «Shaherezade Sam Star Tour» MChJga yuqoridagi yerni ajratishni maqsadga muvofiq, deb topgan.

Nihoyat, nizoli yer Samarqand tuman hokimligi tomonidan auksionga qo‘yilgan. Vazirlar Mahkamasi qarori tumanda baribir bajarilmasligiga ko‘zi yetgan «Shaherezade Sam Star Tour» MChJ auksionda qatnashib yerni yutib olishni maqsad qilgan. Lekin afsuski, auksion yopiq tarzda o‘tkazilib, «Shaherezade Sam Star Tour» MChJga qatnashish uchun imkon berilmagan.

2019 yil 19 yanvarda viloyat prokuraturasi «Shaherezade Sam Star Tour» MJChga xat yo‘llagach, masalaga yana bir bor aniqlik kiritildi. Mazkur xatda yuqoridagi yerning boshqa maqsad uchun, boshqa fuqarolarga berilishining noqonuniy jihatlari ham ochib berildi.

«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 30.06.2017 yil 450-sonli qaroriga asosan Samarqand shahar va viloyatning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari dasturining 20-bandi ijrosi bajarilishi yuzasidan «Shaherezade Sam Star Tour» MChJga yer maydoni ajratilishi masalasini qonun doirasida hal etish to‘g‘risida viloyat prokuraturasi tomonidan tuman hokimiga xat yuborilib, ijrosi nazoratga olindi...»

Ammo baribir muammoga yechim topilmadi. Tadbirkor ikki yildan beri ololmayotgan yer ayni vaqtda mana shu ahvolda yotibdi

Qisqasi, viloyatda turizmni rivojlantiraman degan bitta korxonaga Vazirlar Mahkamasi ham, viloyat hokimligi ham, viloyat prokuraturasi ham yordam qilishga harakat qilib ko‘rdi. Ammo tuman hokimligiga kelganda hammasi to‘xtab qolyapti. Nega?

Mazkur chigal masala yuzasidan Samarqand tuman hokimligining izohi va tadbirkor muammosiga yechim kutib qolamiz.

Anvar MUSTAFOQULOV,

Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid