Sport | 00:10 / 05.07.2019
7472
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston yozgi Universiadadagi dastlabki medalni qo‘lga kiritdi

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati

Italiyaning Neapol shahri mezbonlik qilayotgan yozgi Universiadaning dzyudo bo‘yicha birinchi kun bahslari yakunlandi. Ushbu bellashuvlarda erkaklar va ayollar terma jamoasi jami 4ta vaznda tatamiga ko‘tarildi. 

Erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarning +90 kg vazn toifasida Muhammadkarim Xurramov “A” guruhida amerikalik Kerr Mason Piper, vengriyalik Peter Arvai va Bogdan Voitsikni mag‘lub etdi, ammo yarim finalda yaponiyalik Kanta Nakanoga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Bronza medali uchun kechgan bahsda esa polshalik Oleksiy Lisenko ustidan ishonchli g‘alabaga erishgan Mahammadkarim O‘zbekiston delegatsiyasiga turnirdagi ilk medalni taqdim etdi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati

Shuningdek, -90 kg vazn toifasida qatnashgan Davlat Bobonov avvaliga saudiyalik Abdulrahmon Alrammanni, keyin yaponiyalik Goki Tajimani mag‘lub etib, chorak finalga yo‘l oldi. Ammo ushbu bosqichda u braziliyalik Gustavo Assis to‘sig‘idan o‘tolmadi.

Musobaqada ayollar o‘rtasidagi bahslarning -70 kg vazn toifasida ishtirok etgan Gulnoza Matniyazova ilk bosqichda koreyalik Yo Von Lidan ustun keldi. Ammo ikkinchi davrada u rossiyalik Madina Taymazovaga imkoniyatni boy berdi. Bronza medali uchun o‘tkazilgan qo‘shimcha saralash bosqichida esa dastlab Girdzuite Jioyya Fetterlini mag‘lub etdi, biroq hal qiluvchi bahsda germaniyalik Sara Mekelburgga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. 

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati
Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati

+70 kg vazn toifasida Nodira Yo‘ldosheva italiyalik Debora Salani yengishga muvaffaq bo‘ldi, ammo chorak finalda janubiy koreyalik Mi Jin Xan to‘sig‘idan o‘ta olmadi. Bronza medali uchun o‘tkazilgan qo‘shimcha saralash bosqichida esa uning yo‘liga fransiyalik Valentin Marshan to‘g‘anoq bo‘ldi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati

Universiada dasturida dzyudo bo‘yicha musobaqalar 4-7 iyul kunlari o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, kelgusi kunlarda yana 6 nafar dzyudochi talabalarimiz medallar uchun bahs olib borishadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid