Jamiyat | 11:52 / 11.07.2019
11708
3 daqiqa o‘qiladi

Mirishkorliklar «Hosil bayrami»ni tantanali nishonlashdi

2019 yil mamlakatda birinchilardan bo‘lib davlatga 60 tonnadan ortiq pilla, 70 ming tonna sara don topshirgan mirishkorliklar 9 iyun kuni “Hosil bayrami”ni tantanavorlik bilan nishonlashdi. 

Tuman pillakorlari va g‘allakorlari mehnat zafari bayramiga bag‘ishlangan katta tadbir dastlab Yangi Mirishkor qo‘rg‘onidagi “Shahzoda” to‘yxonasida ijtimoiy himoyaga muhtoj 24 nafar jajji bolakaylarning sunnat hamda 6 ta juftlik kelin-kuyovlarning baxt to‘yi bilan boshlandi. Shundan so‘ng, Guliston qishlog‘idagi “Mehnat – rohat” palatkali shaharchasida kombaynchilar, tashuv texnikalari haydovchilari, o‘rim otryadlari jamoalari hamda qishloq xo‘jaligiga aloqador boshqa taklif etilganlar gavjumligida davom etdi. Har ikkala qo‘shaloq tadbirlarda to‘kin dasturxon tuzalib, tadbir qatnashchilariga katta konsert dasturi namoyish etildi. 

Shu kuni bayram dasturxonidan so‘ng, kechki salqinda Yangi Mirishkor shaharchasidagi markaziy o‘yingoh maydoni o‘zgacha qiyofa kasb etdi. Bu yerda mirishkorliklarning “Hosil bayrami” tadbiri shodiyonalarining badiiy qismi qatnashchilarda katta taassurot qoldirdi. Bayramona bezatilgan maydon tumanning barcha hududlaridan tashrif buyurgan soha peshqadamlari, ko‘p sonli mehmonlar va ming-minglab aholi vakillari bilan gavjum bo‘ldi.

Tantanali marosim “To‘ylar muborak” chorlovi bilan boshlanib, tadbirda tuman hokimi Ravshan Komilov yig‘ilganlarni qutlab so‘zga chiqdi. Tadbir Qashqadaryo viloyat Madaniyat boshqarmasi, tuman madaniyat bo‘limi va aholi dam olish markazi xodimlari tomonidan tayyorlangan musiqali bayram dasturi va teatrlashtirilgan tomoshalar bilan boshlanib, ayniqsa O‘zbekiston Xalq artistlari Yulduz Usmonova, Mahmud Namozovning chiqishlari tadbirga o‘zgacha tarovat bag‘ishladi. Bayram qatnashchilari ko‘tarinki ruhda tashkil etilgan bazm tantanasidan kayfiyatlari chog‘ bo‘ldi.

Tantanavor ruhda kechgan “Hosil bayrami”  tadbirida tumanning 70 ming tonnalik qirmizi dor xirmoni bunyod bo‘lishida munosib ulush qo‘shib, 70 sentnerdan yuqori hosildorlikka erishgan 10 nafar fermerga prezident sovg‘asi sifatida “Neksiya – 3” (Ravon), “Spark”, “Kobalt”, “Jyentra” va “Damas”  avtomobillari topshirildi.

Mavzuga oid