O‘zbekiston | 10:30 / 14.07.2019
81252
4 daqiqa o‘qiladi

Nodir Otajonov yangi lavozimga o‘tkazildi

Nodir Sobirovich Otajonov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi - «O‘zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Bu ma'lumotni Kun.uz’ga xolding matbuot xizmati tasdiqladi.

Otajonov bu lavozimda 2018 yil martidan buyon ishlab kelayotgan Muxtor Akbarovich Karimov o‘rnida ish boshladi. Muxtor Karimov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 12 iyul kuni Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodiga tashrifidan oldin ishdan olingan. Prezident tashrifi vaqtida loyihalar Nodir Otajonov tomonidan taqdim etilgan.

Nodir Otajonov muqaddam bosh vazir o‘rinbosari - Tashqi savdo faoliyatini, eksport salohiyatini, mashinasozlik, avtomobil, elektrotexnika, mudofaa, paxtani qayta ishlash sanoatini va yengil sanoatni rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi rahbari bo‘lgan, 2019 yil yanvaridan buyon prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

«O‘zagrotexsanoatxolding» AJ matbuot xizmati bergan ma'lumotlarga ko‘ra, jamiyat tizimidagi korxonalar 2019 yilning birinchi yarmi uchun o‘z oldiga qo‘ygan eksport rejasini 109 foizga bajargan. Eksportning asosiy qismini traktorlar, kombaynlar, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari hamda maxsus texnikalar tashkil qiladi.

Xolding Belarusning «MTZ» OAJ bilan imzolangan hamkorlik shartnomasi asosida 2019 yilning ikkinchi yarmida ishlab chiqarish hajmini ikki barobarga oshiradi. Unga ko‘ra, iyun va avgust oylarida TTZ-811 rusumli traktordan 1000ta, yangi model - 4 g‘ildirakli TTZ-812dan esa 500ta ishlab chiqariladi. Qolaversa, «Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi» AJda dunyoga mashhur «JOHN DEER» brendi ostidagi zamonaviy traktorlardan 200ta ishlab chiqariladi. Hozirda shu va boshqa rusumli zamonaviy traktorlar uchun buyurtmalar qabuli boshlangan. 

Ma'lumot uchun, «O‘zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 17 noyabrdagi PF-4857-sonli farmoniga muvofiq tashkil etilgan.

Jamiyat rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilangan:

  • ichki va tashqi bozorlarda tizimli marketing tadqiqotlarini o‘tkazish, qishloq xo‘jaligi uchun talab etiladigan, tejamkor agrotexnologiyalarni joriy etishni ta'minlovchi, shu jumladan bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik, polizchilik va chorvachilikda qo‘llanadigan turli zamonaviy texnika va mexanizatsiya vositalarini ishlab chiqarish va yetkazib berishni muvofiqlashtirish;
  • ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalari raqobatbardoshligini oshirish, eksport mahsulotlari turlarini va yetkazish hajmini kengaytirish;
  • ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi mashinasozligi uchun zarur moddiy-texnika resurslari hamda ehtiyot qismlari bilan ta'minlashni tashkil etish;
  • qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasida zamonaviy energiya va metallarni tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisobiga zamonaviy yuqori unumdor qishloq xo‘jaligi texnikalari va mexanizatsiya vositalarini chiqarish bo‘yicha yangi ishlab chiqarishni yaratish va amaldagilarni modernizatsiya qilishga qaratilgan ilmiy-texnikaviy va investitsiyaviy faoliyatni amalga oshirish;
  • «O‘zagrotexsanoatxolding» AJ tarkibiga kiruvchi tashkilotlar va boshqa tashkilotlar o‘rtasida ilmiy-texnikaviy va ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish va muvofiqlashtirish;
  • qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish sohasidagi kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.

Mavzuga oid