Sport | 09:33 / 16.07.2019
18456
2 daqiqa o‘qiladi

G‘ofur Rahimov AIBA prezidenti sifatidagi vakolatlarini butunlay topshirdi

Foto: KUN.UZ

2018 yil 2 noyabr kuni Xalqaro boks uyushmasining (AIBA) rahbari etib saylangan G‘ofur Rahimov tashkilot prezidenti sifatidagi o‘z vakolatlarini yakuniy tarzda topshirdi. Bu haqda tashkilot saytida xabar berildi.

Mart oyida Rahimov o‘z vakolatlarini vaqtincha topshirishi to‘g‘risida ma'lum qilgandi. Biroq, tashkilot nizomiga ko‘ra, u bir yil ichida saylov jarayonisiz qaytib kelish imkoniga ega edi. AIBA Ijroqo‘mi 27 iyundagi qaror bilan ushbu bandni nizomdan olib tashlash haqidagi to‘xtamga keldi. 15 iyul kuni Rahimov yakuniy tarzda iste'foga chiqayotganini e'lon qildi.

Rossiya Federatsiyasi Boks federatsiyasi bosh kotibi Umar Kryomlev Rahimovni butunlay chetlatish tarafdori ekanini bildirdi. 27 iyun kuni Jyeneva shahridagi AIBA Ijroqo‘mida Kryomlev AIBA vaqtinchalik prezidenti Muhammad Mustasan, shuningdek, etika komissiyasi rahbari Yost Shmidga ishonchsizlik votumi e'lon qildi.

Bundan oldin, AIBA G‘ofur Rahimovni yolg‘onchilikda ayblagan Umar Kremlyovga nisbatan surishtiruv boshlagandi.

Mavzuga oid