Jamiyat | 20:27 / 25.07.2019
28214
10 daqiqa o‘qiladi

Ekologiyaga shafqat! Daraxtlar kesilmasin, jonivorlar xorlanmasin...

OAV orqali daraxtlarning kesilayotgani haqida seriyali xabarlar berilyapti. O‘ziga xos “trend”ga aylangan ushbu salbiy holat jamoatchilik tomonidan qattiq tanqid ostiga olinsa-da, bu illatni butunlay yo‘qotib bo‘lmayapti. Fuqarolar tabiatga nisbatan ayovsiz munosabatda bo‘lishyapti. Bu ham yetmaganidek, jonivorlarga ochiqchasiga tajovuz qilinayotgani vaziyat haqiqatan ham og‘riqli ekanligini isbotlab turibdi. Xo‘sh, odamlar tabiatga nisbatan nega bunday munosabatda bo‘lmoqda? Muammoning ildizi balki ekologik ta'limning juda sust olib borilayotganidadir? Umuman olganda, Respublikada ekologik ta'limning holati qanday? Ushbu mavzuga qator mutaxassislar o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

“Ta'lim tizimiga zudlik bilan ekologiya fanlarini kiritish zarur... (Nargis Qosimova, filologiya fanlari nomzodi, dotsent, ekojurnalist)

“Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan gap bor. Farzandi qo‘lidagi chiqindini duch kelgan joyga uloqtirsa, daraxtning shoxini sindirsa, jonivorlarga ozor bersa, aksari holatda, ota-onalar indashmaydi, tanbeh berishmaydi. “Bolaligiga boradi-da...”, deb qo‘ya qolishadi. Ko‘chada indamay yotgan it yoki mushukni uzoqdan ko‘rishsa, “Borma, tishlaydi, tirnaydi...”, deb jonivorga talpingan go‘dakda ularga nisbatan adovat hissini uyg‘otishadi. O‘rnak bo‘lish o‘rniga, gohida o‘zlari qo‘lidagi sigaret qoldig‘i, muzqaymoq qog‘ozi, ichimlik idishi yoki shishasini duch kelgan joyga tashlashadi.

Bugun zudlik bilan maktabgacha ta'lim, o‘rta, o‘rta-maxsus, oliy ta'lim tizimiga – qaysi yo‘nalish bo‘lishidan qat'i nazar, ekologiya fanlarini kiritish zarur. Chunki aynan ekologiya hayotimiz, kelajagimiz demakdir. To‘g‘ri, o‘rta ta'lim tizimida “Tabiatshunoslik”, “Ekologiya” fanlari bor. Ammo ularning soati kamligi, shuningdek, mazkur fanlardan aynan mutaxassislarning dars o‘tmasligi yetarli natijani bermayapti.

Singapur tajribasi ekologik ta'lim naqadar ahamiyatli ekanligini ko‘rsatib turadi: jamiyat bolalar tarbiyasi yuzasidan muammolarga duch kelganida mamlakat bosh vaziri Li Kuan Yuning o‘tkazgan islohotlari natijasida maktablarda o‘simlik va hayvonot dunyosiga mehrni kuchaytirish borasida ekologiya darslari soni oshirildi. Hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan ota-onalarni ularning o‘z farzandlari uyaltira boshladi. Singapurda aynan uysiz hayvonlarni himoya qilish borasida kampaniyalar boshlandi. Natijada bolalar va o‘smirlar amalga oshirayotgan jinoyatlar soni keskin kamaydi. Shuning uchun ko‘rilayotgan choralar, shu jumladan, qabul qilinayotgan qonunlar, tarbiyaviy usullar hayvonlarga, o‘simliklarga, balki butun tabiatga nisbatan insonparvarlik madaniyatini va mas'uliyat hissini shakllanishiga xizmat qilishi kerak.

“Qonun talablari qoniqarli darajada bajarilmayapti” (Ekologik partiya bo‘lim boshlig‘i Erkin Omonov)

O‘zbekiston Respublikasidagi barcha turdagi ta'lim muassasalarida “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning

4-moddasida nazarda tutilgan ekologiya o‘quvining majburiyligiga oid talablar yetarli darajada bajarilmayapti. Ta'lim tizimida amalda bo‘lgan davlat ta'lim standartlari va o‘quv dasturlari mazmunan ekologik bilim, ko‘nikma va malaka bilan zarur darajada boyitilmagan. Hozirgacha ekologik ta'lim-tarbiya yo‘nalishida ilg‘or milliy va xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda ular asosida ta'lim oluvchilarda ekologik madaniyatni shakllantirishning aniq parametrlari ishlab chiqilmagan.

Ekologik ta'lim-tarbiyaga oid elektron uslubiy vositalarni yaratish va innovatsiyalardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish yuzasidan aniq takliflar yo‘q.. Ta'lim sohasidagi hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi davlat boshqaruvi organlari

ekologik ta'lim tizimini takomillashtirish borasidagi amaliy hamkorlik yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan. O‘qituvchi-murabbiylarning faoliyatini uslubiy jihatdan ta'minlovchi o‘quv materiallari, shu jumladan, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasiga oid o‘quv qo‘llanmalari, o‘quvchi va talabalar uchun zarur bo‘lgan darsliklar yetarli emas.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 maydagi 434-sonli qaroriga muvofiq, Ekologik ta'limni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Konsepsiyaning aniq maqsadlaridan biri ekologik ta'limni maktablardan boshlab to oliy ta'limgacha to‘liq qamrab olishdir.

“Bugun singdirilgan bilim kelajakda e'tiqodga aylanadi” (Navoiy shahridagi 11-IDUM boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari Shahlo Murodova va Shahlo Kenjayeva)

Bolalarni tabiat dunyosiga olib kirish, atrof-muhit muammolari bilan tanishtirish orqali ularda haqiqat, sezgi, soflik, bardosh, rahmdillik, tashabbuskorlik, mardlik sifatlarini ochish va kuchaytirish mumkin. Atrof-muhit to‘g‘risidagi kerakli bilimni shakllantirish, ayniqsa, maktab yoshida o‘z ta'sirini ko‘rsatadi. Bola boshlang‘ich sinfda o‘qiyotganligida o‘zi yashayotgan dunyoga bo‘lgan munosabat poydevori qo‘yiladi, axloqiy mo‘ljali shakllanadi. O‘shanda orttirilgan bilimlar kelajakda mustahkam e'tiqodga aylanadi.

Dars jarayonida nazariy va amaliy materiallarni o‘zlashtirishning noan'anaviy yondashuvlari, ijodiy munozaralar, taqlidiy o‘yinlardan foydalanish lozim. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida sezgi a'zolari yordamida tabiiy obektlar bilan muloqot qilish qobiliyatini yuzaga chiqarish, kuzatuv paytida hodisalar, tabiat qonuniyatini o‘rganishda zehni, tasavvuri va fikrlashini rivojlantirish natijasida tabiatga bo‘lgan mehr, uni asrab-avaylashga o‘rgatish mumkin.

“Darslardan tashqari tabiat qo‘yniga chiqib amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazardik” (Garvard tibbiyot maktabi tadqiqotchisi Jamshid Jambulov)

AQSh elchixonasi tomonidan tashkil qilingan FLEX (Future Leaders Exchange Program) dasturining g‘olibi bo‘lganman va bir yil davomida amerikaliklar oilasida yashab, ta'lim olish, madaniyatni o‘rganish imkoniyatini qo‘lga kiritdim. O‘sha yerdagi maktabda xorijlik tengdoshlarim qatori tahsil oldim. U yerda ekologik bilimlar nazariyadan tashqari, amaliy tarzda ham o‘qitiladi. Masalan, biz darsdan tashqari o‘qituvchimiz bilan yaqin joydagi kichik suv havzasi atroflari yoki yo‘l chetida birgalikda tozalik ishlarini olib borardik. Bundan tashqari, o‘sha yerlarda plastmassaning ancha payt chirimasligi, uning zararlari to‘g‘risida qichik eksperimentlar o‘tkazardik. Guruhlarga bo‘linib, chiqindilarni turlarga ajratib, maxsus qutilarga solishni o‘rganardik.

“Ekologik ta'lim alohida fan negizida o‘qitilmaydi” (Respublika ta'lim markazi “Ta'lim sifati va baholash bo‘limi” metodisti Barno Abduvohidova)

2018-2019 o‘quv yilidan boshlab 1–11-sinflar uchun fanlar tarkibida o‘qitiladigan ekologik mavzular qaytadan o‘zgartirildi, soatlari ko‘paytirildi. Umumiy hisobda olganda, 5-9 sinflarda ijtimoiy fanlar ichida 22 ta ekologiyaga oid mavzular bor.

Kelgusida belgilangan vazifalar haqida ham ma'lumot berib o‘taman. Ular quyidagilar:

- BMT dasturlarini rivojlantirish markazining “Iqlim o‘zgarishlari” loyihasiga asosan O‘zbekistondagi koordinatorlar yordamida Toshkent shahridagi 9, 26, 118-maktablarida “Iqlim qutichasi” o‘quv-metodik qo‘llanmasini tajriba-sinovdan o‘tkazish;

- Umumta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida atrof-muhitni himoya qilishga oid “Qushlar - bizning do‘stimiz”, “Tomchi suvda hayot jilvasi”, “Gullar bayrami” yo‘nalishida ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish tizimini takomillashtirish, maktablarda botanika bog‘i burchaklarini tashkil qilish;

- Fan o‘qituvchilari o‘rtasida “Eng yaxshi ekologik qo‘llanma muallifi” tanlovini Ekologiya va atrof-muhitni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazish. Bu bo‘yicha nizom ishlab chiqish va ularni qo‘mita mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirish;

- BMTning “Iqlim o‘zgarishlari” loyihasi doirasida o‘quvchilar o‘rtasida “Atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish”, “Iqlim o‘zgarishlari va suv resurslarini muhofaza qilish” mavzularida ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish;

- Respublika ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda umumiy o‘rta ta'lim maktablari axborot-resurs markazlariga “Qizil kitob”ning barcha nashrlarini yetkazib berish.

Xulosa qilib aytganda, ta'lim berishning nazariy asoslari qoniqarli darajada, ammo amaliy jihatlariga ko‘proq ahamiyat berilishi kerak. Maktablarda jonli tabiat burchaklari, TVda ekologiyani asrash borasida bot-bot beriladigan ijtimoiy roliklar samarasi juda kam. Bularning barchasi tashqi tarafdan berilayotgan ta'sirlardir. O‘quvchilar tabiatning bir bo‘lagi ekanliklarini o‘zlari his qilishlari zarur. Buning uchun amaliyotga ko‘proq e'tibor qaratgan ma'qul. Masalan, maktab maydonida poliz mahsulotlarini yetishtirish, turli foydali o‘simliklarni o‘stirish, maktab bog‘ini tashkil qilish kabilar. Ekologik ta'lim bugungi kunning dolzarb mavzusiga aylandi. Yuqoridagi dilni xira qiluvchi holatlar yana ro‘y bermasligi uchun bugundan harakatni boshlash lozim.

Muhabbat Ma'mirova

Mavzuga oid