Jamiyat | 15:19 / 05.07.2021
14595
3 daqiqa o‘qiladi

Moratoriyga qaramay, Denovda daraxtlar yoppasiga kesildi

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Denov tumanida ko‘p yillik daraxtlar yoppasiga kesilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Denov shahridagi Sharof Rashidov va Namozgoh mahallasi hududida va tuman markazining boshqa hududlarida ko‘p yillik daraxtlar kesib tashlangan. Suratlarda kesilgan daraxtlarning ayrimlari kimlardir tomonidan sotuvga ham qo‘yilgani aks etgan.

Kun.uz Denovda daraxtlarning ommaviy kesilishi yuzasidan tuman hokimligi axborot xizmatidan izoh so‘radi. Hokimlik axborot xizmati barcha mas'ullar tuman hokimligida o‘tkazilayotgan selektorda ekanini, selektordan keyin aniq ma'lumot olib berishini ma'lum qildi.

Denovda daraxtlar ommaviy kesilishi bo‘yicha Surxondaryo viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi munosabat bildirdi. Unda holat boshqarma tomonidan nazoratga olingani va keyinroq qo‘shimcha ma'lumot berilishi yozilgan.

Ma'lumot uchun, 2020 yil 9 aprelida prezidentning «2020-2022 yillarda Surxondaryo viloyatining Denov tumani va uning markazini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish to‘g‘risida» PQ-4667-sonli qarori qabul qilingan. Kun.uz manbasi xabar qilishicha, Denov tumanida shu qaror ijrosi doirasida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019 yilning 1 noyabridan daraxtlar kesilishiga moratoriy joriy etilgandi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan «2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonda aytilgan.

«Vazirlik va idoralar, shuningdek, xo‘jalik boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari obektlarni qurish va qurishni loyihalashtirish uchun yer maydonlarini tanlash va ajratish bosqichida, shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini (elektr, gaz va suv ta'minoti, kanalizatsiya, temir yo‘l hamda avtomobil yo‘llari va boshqalar) barpo etishda, shu jumladan, daraxtlar va butalarni ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini qo‘llash orqali ularning saqlab qolinishini qat'iy ta'minlaydi», deyilgan farmonda.

Respublikada davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriyning amal qilish muddati 2021 yil 31 dekabrgacha uzaytirilgan.

Hujjat bilan har bir kesilgan daraxt va butalar uchun kompensatsiya tarzida qimmatligi jihatidan kesiladigan daraxt va butalardan kam bo‘lmagan, yirik o‘lchamli 10 tup ko‘chat ekish hamda ularni kamida ikki yil davomida parvarish qilish majburiyati kiritildi. Shuningdek, noqonuniy kesilgan daraxt va butalar uchun uch yil davomida parvarishlash sharti bilan 100 tup ko‘chat ekish majburiy etib belgilandi.

Ammo joylarda yuqoridagi qarorlarga amal qilinmayapti.

Mavzuga oid