Jahon | 22:34 / 25.07.2019
5214
2 daqiqa o‘qiladi

Nissan 12 000 ishchini bo‘shatadi – daromad 99 foizga tushib ketdi

Yaponiyaning Nissan avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi tugagan chorakdagi moliyaviy ko‘rsatkichlarning «oyog‘i osmondan» kelganini ma'lum qildi. Buning natijasida ishchilar soni keskin qisqartiriladi. Bu haqda kompaniya hisobotida ma'lum qilingan. 

Yaponiyaning ikkinchi eng yirik avtomobilsozlik kompaniyasiga ko‘ra, joriy moliya yilining birinchi choragida daromad keskin tushib ketgan. Amaliy daromad ko‘rsatkichi o‘tgan yilning shu davriga 99 foiz kamaygan. 

Sof yillik daromad miqdori esa, bir yil avvalgi ko‘rsatkich bilan taqqoslaganda, 13 foizga tushib ketgan. Shu munosabat bilan, Nissan (NSANF) dunyo bo‘ylab o‘z zavodlarida 12 500 ish o‘rnini qisqartirishini e'lon qilmoqda. Bu raqam, kompaniyaning may oyida ishdan bo‘shatishlarni rejalashtirayotgani haqidagi bayonotida ko‘rsatilgan raqamdan ikki karra ortiqdir. 

Shuningdek, kompaniya 2022 moliya yili oxiriga kelib, ishlab chiqarish hajmini kamida 10 foizga qisqartiradi. Kompaniya ijrochi direktori Hiroto Saikawa ma'lum qilishicha, Indoneziya va Ispaniyadagi ishlab chiqarish liniyalari ham allaqachon to‘xtatilgan. 

Avvalroq, Yaponiya kompaniyasi Buyuk Britaniyada lyuks modellar ishlab chiqarishni to‘xtatgan edi. 

Umuman olganda, Nissan dunyoning boshqa avtomobilsozlik kompaniyalari singari, og‘ir kunlarni boshdan kechirmoqda. Zaif global iqtisodiyot, AQSh-Xitoy savdo urushi ishlab chiqaruvchilar uchun katta zarar keltirmoqda. Iqlim o‘zgarishlari sababli kiritilayotgan yangi ekologik talablar ham sanoat rivojiga to‘sqinlik qilmoqda. 

Shu bilan birga, Nissan AQSh va Yevropa bozorlaridagi ulushini yo‘qotmoqda. Misol uchun, kompaniya birinchi chorakda AQShda 351,000 dona avtomobil sotgan, bu bozorning 7,1 foizi demakdir. O‘tgan yili bu raqam 8.1 foizni tashkil etar edi. Kompaniyaning Yevropadagi savdolari, Rossiyani qo‘shib hisoblaganda, bir yil avvalgiga qaraganda 16 foizga pasaygan.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid