Jamiyat | 17:13 / 26.07.2019
16142
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ishlovchi pensionerlar soni 130 ming nafar - Pensiya jamg‘armasi

Bugun, 26 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar Agentligida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan prezidentning 2019 yil 12 iyuldagi PF-5765-son «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi Farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.

Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yil 1 avgustdan pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori 1,1 baravarga oshirilishi natijasida 3,5 mln. nafardan ortiq pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchilarning moddiy ta'minoti yanada yaxshilanadi.

Shuningdek, Farmonda 2019 yil 1 avgustdan boshlab aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini yanada qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratildi. Xususan:

- II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning nogironlik pensiyasi eng kam miqdorini belgilashga nisbatan yondashuv tubdan qayta ko‘rib chiqildi. Yangi tartibga muvofiq, II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar pensiyasining eng kam miqdori hozirgi yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizidan 75 foiziga oshiriladi. Ushbu o‘zgartirish qariyb 50 ming nafarga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiya miqdori o‘rtacha 145 foizga oshirilishini ta'minlaydi.

- II guruh nogironligi bo‘lgan yolg‘iz shaxslarning pensiyasiga ustama miqdori hozirgi eng kam ish haqining 50 foizidan 75 foiziga oshirildi. Ya'ni, har oylik pensiyasi miqdoriga yana qo‘shimcha ravishda 55,8 ming so‘m qo‘shiladi.

Muxbirning «O‘zbekistonda ishlovchi pensionerlarga pensiyalarini to‘liq olish imkoniyati berildi. Shundan so‘ng ishga qaytgan pensionerlar soni necha kishini tashkil qildi?» degan savoliga Pensiya jamg‘armasining Mablag‘larni boshqarish va hisobini yuritish boshqarmasi boshlig‘i Nuriddin Shadixodjayev shunday javob berdi: «Pensiyaning 50 foizi beriladigan paytda ishlovchi pensionerlar soni 100 ming nafarni tashkil qilgan. Joriy yilning iyul oyi holatiga bu ko‘rsatkich 130 ming nafarga yetdi. Xulosa qilish mumkinki, 30 mingdan ortiq pensionerlarimiz ishga qaytganlar yoki ishlarini davom ettirganlar».

Mavzuga oid