O‘zbekiston | 11:23 / 30.07.2019
9767
2 daqiqa o‘qiladi

Imtihonlarning birinchi kunida 2538 nafar abituriyent ishtirok etmadi ─ DTM

Foto: KUN.UZ

Davlat test markazi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda 29 iyul kuni start olgan  oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarining  birinchi kunida test sinovlarining qanday o‘tganligi xususida ma'lumot berdi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, butun respublika bo‘yicha 66ta binoda test sinovlari bo‘lib o‘tdi. Imtihonlar ikki smenada: 08.00dan 11.20ga qadar hamda 15.00dan 18.20ga qadar bo‘lib o‘tdi.

Imtihonlarning birinchi kunida ikki smenada jami 71 ming 340 nafar abituriyent ishtirok etishi belgilangan bo‘lib, shulardan 68 ming 736 nafari qatnashdi.

DTM bosh boshqarmasi boshlig‘i Barno Rajabovning qayd etishicha,  hududlar kesimida olib qaraganda, eng ko‘p abituriyentlar Toshkent shahri (15864 nafar),  Surxondaryo viloyati (6862 nafar) hamda  Qashqadaryo viloyati  (6192 nafar)da ishtirok etdi.

Respublika bo‘yicha 2538  nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra imtihonga kelmagan.

Test sinovlari tartib qoidalarini buzganligi tufayli 13 nafar abituriyent imtihon o‘tkaziladigan hududga kirish chog‘ida, 53 nafar abituriyent bevosita imtihon davomida testdan chetlashtirildi.

Test sinovlari jarayonini nazorat qilish uchun ta'lim muassasalaridan 2, 622 nafar nazoratchi jalb etilgan, ulardan 46 nafari ishtirok etmagan.

Test materiallari Davlat feldʼegerlik xizmati tomonidan maxfiylik ta'minlangan holda Davlat test markaziga 2-smena yakunlangandan so‘ng 18.30dan boshlab qaytarilishi boshlandi. Test materiallari yetib kelishi bilan DTMda kompyuter yordamida qayta ishlash jarayoni boshlandi.

DTM axborotiga ko‘ra, test sinovlarini o‘tkazish chog‘ida hech qanday ko‘ngilsiz hodisa kuzatilmagan. 

Tezkor axborotlarga ko‘ra,  test imtihonlarining ikkinchi kuni, ya'ni 30 iyulda sinovlarga 35 ming 670 nafar abituriyent  ishtirok etishi kutilgan. Shundan 945 nafari imtihonga kelmagan.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid