O‘zbekiston | 11:14 / 31.07.2019
4228
6 daqiqa o‘qiladi

Hukumatning Davlat dasturi bajarilishi yuzasidan hisoboti dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi

Joriy yilning 30 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2019 yil I yarim yilligida bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisoboti dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Foto: parliament.gov.uz

Tahlillarga ko‘ra, 2019 yilning birinchi yarim yilligida mamlakatda yalpi ichki mahsulot o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 5,8 foizga o‘sgan. Mamlakatda yaratilgan qulay investitsiya muhit natijasida asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmining 1,6 baravarga, qurilish ishlari hajmining 20,0 foizga o‘sishi, iqtisodiyotdagi yalpi qo‘shilgan qiymat tarkibida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sanoat ulushining 30,3 foizga oshishi hisobiga iqtisodiyot tarkibida sifat o‘zgarishlari kuzatildi.

Bugungi kunda mamlakatda davlat-xususiy sheriklik shakllarini joriy etish orqali nodavlat ta'lim sektorini rivojlantirishga hamda rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ta'lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, maktabgacha ta'lim sohasida hisobot davrida 50 920 quvvatga ega nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil etish uchun davlat-xususiy sheriklik bitimlari imzolangani deputatlar tomonidan ijobiy baholandi. Natijada respublikada maktabgacha ta'lim muassasalari soni 9 774 tani tashkil etib, 2 632 ming nafar maktabgacha yoshdagi bolalarning 1 066 353 nafarini (40,5 foiz) maktabgacha ta'lim bilan qamrab olishga erishilgan.

2019 yilda xalq ta'limi tizimiga Davlat budjetidan 16,4 trln. so‘m mablag‘ ajratilib, mazkur mablag‘lar tizim xodimlarining ish haqiga, ular mehnatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga, ta'lim muassasalarining qurilishi, ta'mirlanishi va rekonstruksiyasiga, moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilgan. Jumladan, 10-11 sinflar uchun 18,7 mln. nusxada kitob chop etilgan, 33 yangi maktab qurilib, 623 tasi rekonstruksiya qilingan.

Joriy yilda yoshlarning oliy ta'lim tizimida tahsil olish uchun teng imkoniyat yaratishga qaratilgan ishlar kuchaytirildi. Iqtisodiyot tarmoqlari uchun ilg‘or xorijiy tajribalar asosida yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida joriy yilning I yarmida xorijiy davlatlar yetakchi oliy ta'lim muassasalarining 9 ta filiali, mahalliy oliy ta'lim muassasalarining 6 ta filiali tashkil etildi, 28 ta ta'lim yo‘nalishida 1025 nafar talaba qabul qilinishi belgilanib, 900 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Oliy ta'lim muassasalari uchun qabul kvotasi o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga oshirildi.

Shuningdek, jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirishga ham e'tibor qaratildi. Respublikada bolalar va o‘smirlar sport maktablarini tashkil etish, sport inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va doimiy jihozlash bo‘yicha 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi ishlab chiqildi.

Hisobot davrida turizm sohasida qo‘yilgan vazifalarning ijrosini ta'minlashga qaratilgan keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilib, bu borada ham, ijobiy natijalarga erishilgan. Jumladan, mamlakatimizga 3 mln. nafardan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31 foizga ko‘p. Ushbu ijobiy ko‘rsatkichlarga erishishda turizmning sohasining normativ-huquqiy asoslarining takomillashtirilgani va O‘zbekiston Respublikasining “Turizm to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganini ta'kidlash lozim.

Yig‘ilishda, shuningdek, Davlat dasturidagi IT–loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq bandlarining tizimli monitoringini olib borish asosiy vazifalari bo‘lgan hamkorlikdagi (parlament va Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida) ishchi guruh tashkil etilgani qayd etildi. Davlat dasturi monitoringi doirasida IT–yo‘nalishidagi 20 ta loyiha ajratib olinib, ularning har biri bo‘yicha tahliliy va statistik ma'lumotlar to‘plandi, bundan tashqari, ularga mas'ul organlarning taqdimotlari o‘tkazildi. Joylarga chiqilib, mazkur loyihalar amalga oshirilishi bilan bevosita tanishildi hamda ekspert baholash o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar Davlat dasturida belgilangan vazifalarni yakunlash imkonini berishi bilan birgalikda, o‘z yechimini kutayotgan bir qator muammo va kamchiliklarga e'tibor qaratish lozimligini ko‘rsatdi. Jumladan, IT–loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha rejali, kelishuv va ekspert hujjatlarining to‘liq emasligi ta'kidlandi.

Davlat dasturining 29-bandiga asosan, aholiga bepul huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida Advice.uz bepul interaktiv axborot portali faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ijobiy baholandi.

Axborot-telekommunikatsiya sohasida respublika hududlarida 6 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari tortilib, ularning umumiy uzunligi 32,6 ming kilometrga yetkazildi. Mobil aloqani rivojlantirish maqsadida 800 ta baza stansiyasi o‘rnatilib, keng polosali mobil internet tarmog‘i qamrovi darajasi 50 foizga yetkazildi, ushbu yo‘nalishga 34,4 mln. dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi.

2019 yilning 1-yarim yilligida axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida jami 49,1 mln. dollar miqdorida mablag‘lar o‘zlashtirilib, reja ko‘rsatkichi 118 foizga bajarilgan.

Mavzuga oid