Jahon | 22:22 / 03.08.2019
10219
2 daqiqa o‘qiladi

Bundesver kiberqo‘mondonligi smartfonlar xavfli ekanligini bildirdi 

Foto: DPA

Germaniya bundesveri rahbariyati smartfon va boshqa zamonaviy kommunikatsiya vositalari axborot xavfsizligiga tahdid soladi deb hisoblaydi. Mobil telefonlar, fitnes-brasletlar, aqlli soatlardan foydalanish harbiy xizmatchilar xavfsizligi uchun xatarli, deya bundesver kiberbo‘linmasi qo‘mondoni general Lyudvig Lyaynxosning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda AFP agentligi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, buyumlar interneti Germaniya armiyasi uchun jiddiy mavzu hisoblanadi.

"Shaxsiy axborot texnikasidan xizmat maqsadlarida beparvolarcha foydalanish eng ojiz joyimizdir", dedi u.

Bundesver so‘nggi vaqtda 16 mingta yangi mobil telefon sotib oldi. Ammo xavfsizlik maqsadlarida ular internetga ulanmaydigan qilib sozlangan. Mudofaa vazirligi vakilining izohlashicha, bu "AT sohasida xavfsizlik talablarining keskinlashgani" bilan bog‘liq. Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgarigi tugmali telefonlardagi so‘zlashuvlarni tinglashning imkoni bo‘lmagan, chunki ularda ma'lumot uzatish imkoniyati mavjud emasdi.

Lyudvig Lyaynxosning ta'kidlashicha, bundesver tarmoqlariga har kuni kiberhujumlar bo‘lib turadi. Ammo hozircha ular sezilarli zarar yetkaza olmagan.

2018 yilda Polar Flow fitnes-ilovasi orqali 6 ming foydalanuvchi, jumladan FQB, MXA va Qrimdagi Rossiya harbiylariga tegishli ma'lumotlar internetga chiqib ketgandi.

Mavzuga oid