O‘zbekiston | 13:46 / 14.08.2019
5342
2 daqiqa o‘qiladi

Bolalar o‘yinchoqlarining xavfsizligi to‘g‘risida umumiy texnik reglament ishlab chiqildi

Foto: 123RF

“O‘zstandart” agentligi tomonidan soha mas'ullari bilan “Bolalar o‘yinchoqlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglament loyihasi ishlab chiqildi. 

O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi xabariga ko‘ra, ushbu texnik reglamentda quyidagi xavfsizlik choralari ko‘zda tutilgan:

• o‘yinchoqlarni tayyorlashda foydalaniladigan xomashyo toza, noinfeksion va amaldagi texnik reglamentda keltirilgan va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me'yoriy hujjat talablariga mos bo‘lishi;
• o‘yinchoq loyihalanishi va tayyorlanishi, ulardan foydalanish jarayonida bolalarga hamda ularga qarab turuvchi shaxslarning sog‘ligi, hayoti uchun xavf tug‘dirmasligi;
• o‘yinchoqlarda oldin boshqa maqsadlarda ishlatilgan ikkilamchi xomashyoni qayta ishlab olingan materiallarni qo‘llash ruxsat etilmasligi;
• o‘yinchoqning mavjud qirralari, o‘tkir uchlari, qattiq detallari, prujinalar, mahkamlovchi qismlari, oraliqlar, burchaklar, bugrilari bilan bolalarni jarohatlanish xavfi bo‘lmasligi talab qilinadi.

Qayd etilishicha, loyihani ishlab chiqishda mamlakatda va xorijiy davlatlarda  sohaga doir me'yoriy hujjatlardan foydalanildi.

Bugungi kunda umumiy texnik reglament loyihasi mas'ul vazirlik va idoralar bilan kelishilgan hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritishga tayyorlanmoqda.

Mavzuga oid