Nurafshon shahriga yangi hokim tayinlandi
Xalq deputatlari Nurafshon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi mas'ul xodimi Shuhrat Mirxodiyev, Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Rustam Xolmatov hamda shahar faollari ishtirokida o‘tgan sessiyada shaharning yangi hokimi saylandi.
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berishicha, Rustam Xolmatov tomonidan Nurafshon shahri hokimi lavozimiga Qahramon Qodirovich Hakimov nomzodi tavsiya qilindi va bu nomzod bir ovozdan shahar hokimligiga tasdiqlandi.
Qahramon Hakimov 1971 yil 15 iyunda Andijon viloyati Baliqchi tumanida tug‘ilgan. 1995 yilda Farg‘ona politexnika institutini tamomlagan.
U ish faoliyatini Izboskan tumani IIBda boshlagan. Faoliyati davomida sanoat va qurilish sohasida bir qator mas'ul lavozimlarda ishlagan. 2018 yildan buyon «Toshuyjoy LITI» aksiyadorlik jamiyati bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgandi.
Toshkent viloyatining ma'muriy markazi bo‘lmish Nurafshon (sobiq To‘ytepa) shahriga 2018 yilning yanvaridan buyon Usmon Rahimov rahbarlik qilib kelayotgandi. U bugun Toshkent viloyatining Olmaliq shahriga hokim etib tayinlandi.