O‘zbekiston | 07:34 / 17.08.2019
27775
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi jamg‘arma tashkil etildi 

Foto: O‘z SSP matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Qorako‘lchilik tarmog‘ini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar:

2019-2021 yillarda qorako‘l zotli qo‘ylar bosh soni, jun va qorako‘l teri ishlab chiqarishni ko‘paytirishning prognoz parametrlari;

qorako‘lchilik mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etuvchi korxonalar ro‘yxati;

qorako‘lchilik sohasida eksportbop qorako‘lcha teri yetishtirish va tibbiyot uchun noyob dorivor vositalar ishlab chiqarishda foydalaniladigan qorako‘lchilik xomashyosi yetkazib berish korxonalari ro‘yxati;

yaylovlar hosildorligini oshirish maqsadida cho‘l yaylov o‘simliklari urug‘chiligi maydonlarini kengaytirish parametrlari;

naslchilik qorako‘lchilik xo‘jaliklariga kuchli ozuqalar yetishtirish maqsadida talab etiladigan sug‘oriladigan yer maydonlarini ajratish parametrlari;

o‘rmon xo‘jaligi tashkilotlariga qarashli uzoq cho‘l hududlaridagi naslchilik qorako‘lchilik xo‘jaliklarining suv chiqarish inshootlari joylashgan naslchilik qorako‘lchilik xo‘jaliklariga ajratiladigan yaylov yer maydonlari tasdiqlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasi, “Xalq banki” ATB bilan birgalikda mazkur qarorga muvofiq belgilangan prognoz parametrlar ijrosini ta'minlash yuzasidan tumanlar va qorako‘lchilik sub'yektlari kesimida manzilli chora-tadbirlarni tasdiqlaydi hamda ularning samarali va to‘liq ijrosi yuzasidan tizimli monitoring o‘rnatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda nazarda tutilgan o‘rmon bilan qoplanmagan yaylov yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazib, ularning o‘rmon xo‘jaligi tashkilotlaridan naslchilik qorako‘lchilik xo‘jaliklariga ajratib berilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasi, Navoiy va Qashqadaryo viloyati hokimliklarining Navoiy viloyatida qorako‘l zotli qo‘ylarning sur rangi bo‘yicha, Qashqadaryo viloyatida qora va ko‘k rangi bo‘yicha yuqori elita sinfli nasldor qorako‘l qo‘ylar yetishtirishga ixtisoslashtirilgan Ilmiy-naslchilik tajriba stansiyalarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Quyidagilar Ilmiy-naslchilik tajriba stansiyalarining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

yuqori nasldor elita sinfiga mansub sur, qora va ko‘k rangli qorako‘l zotli qo‘ylar otarlarini ilmiy asosda tashkil etish;

otarlarda naslchilik va sun'iy urug‘lantirish ishlarini tizimli tashkil etish, bunda ranglar bo‘yicha qimmatli eksportbop yarim doira qalamgul, qovurg‘asimon va yassi gul tipidagi qorako‘l qo‘ylar seleksiyasiga alohida e'tibor qaratish;

serpusht qorako‘l qo‘ylarni o‘zaro juftlash orqali jahon mo‘yna bozorlari talabidan kelib chiqib, qorako‘l terining raqobatbardosh turlarini yaratish;

yetishtirilgan yuqori mahsuldor qorako‘l qo‘y va qo‘chqorlarni aholi xonadonlariga, dehqon hamda fermer xo‘jaliklariga tizimli ravishda yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish.

Ushbu stansiyalarni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

Belgilanishicha, 2019-2023 yillarda qorako‘lchilik xo‘jaliklariga yetishtirib eksportga sotilgan har bir dona qorako‘l terisi uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan 50 ming so‘mdan va har bir dona qorako‘lcha terisi uchun 75 ming so‘mdan subsidiyalar ajratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda qorako‘lchilik sub'yektlariga subsidiya berish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlaydi.

Respublikada qorako‘lchilik sohasida naslchilik seleksiya ishlarini takomillashtirish, jahon bozori talablariga mos bo‘lgan raqobatbardosh qorako‘l terisi ishlab chiqarish va uni qayta ishlashni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasi huzurida Qorako‘lchilikni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi.

Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirishning manbalari etib belgilandi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan foiz to‘lovlarisiz qaytarish sharti bilan 7 yil muddatga 2019-2020 yillarda ajratiladigan 50 milliard so‘m;

Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasiga a'zo tashkilotlarning hamda boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy ajratmalari;

xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari va kreditlari;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilanishicha, Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi maqsadlarga ishlatiladi:

naslchilik-seleksiya ishlarini ilmiy asosda tashkil etish va uni takomillashtirish;

qorako‘lchilik sohasida eksportbop qorako‘l va qorako‘lcha teri yetishtirish;

qorako‘lchilik mahsulotlarini chuqur qayta ishlovchi korxonalarni tashkil etish;

sohada resurs tejamkor uskunalar sotib olish va ozuqa sexlari (granulyator)ni tashkil etish hamda qorako‘lchilik sub'yektlari tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlarini sotib olishni moliyalashtirish;

uzoq cho‘l hududlarida suv chiqarish inshootlarini barpo etish hamda mavjudlarini ta'mirlash va modernizatsiya qilish;

sohaga yangi zamonaviy texnologiyalar, innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarni olib kelish hamda joriy etish;

mutaxassislarning xalqaro ko‘rgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishi, sohadagi kadrlar malakasini oshirish, shu jumladan, yosh mutaxassislarning xorijda o‘qishi, stajirovka o‘tashi, xorijiy mutaxassis va maslahatchilarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;

Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ishchi xodimlarni moddiy va ijtimoiy rag‘batlantirish;

Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasiga yuklatilgan boshqa vazifalar ijrosini ta'minlash.

Mavzuga oid