Jahon | 11:00 / 21.08.2019
105413
25 daqiqa o‘qiladi

Zulm imperiyasining oxirgi talvasasi. GKChP qanday barbod bo‘lgandi?

Foto: GETTY IMAGES

Dunyoda hammadan zo‘r ekanini da’vo qilib paydo bo‘lgan SSSR parchalanib, Yer yuzidan yo‘qolib ketganiga 28 yil bo‘ldi. Yurtimizning ulug‘ bayrami mustaqillik arafasida bu baxtga qanday erishganimiz haqida ko‘rsatuvlar beriladi, materiallar e’lon qilinadi. Ularning barchasida bitta so‘zga tez-tez guvoh bo‘lishimiz mumkin: GKChP, ya’ni «Gosudarstvennyy komitet po chrezvychaynomu polojyeniyu». Bu abbreviaturani faqat ma’noli tarjima qilib, «Favqulotda vaziyatlar bo‘yicha davlat qo‘mitasi» kabi talqin qilish mumkin, ammo uning mashhur qisqartmasini aslicha aytgan o‘rinli. Xo‘sh, GKChP nima edi va u qanday barbod bo‘lgandi?

SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti. Gorbachyovning maqsadi nima edi: hurlik nafasini olib kirishmi yoki imperiyani parchalash?

Hali bahorda Mixail Gorbachyov va Gennadiy Yanayev mavzoley tribunasida yonma-yon turardi...

GKChP haqida gapirganda beixtiyor sobiq ittifoqning birinchi va oxirgi prezidenti Mixail Sergeyevich Gorbachyov nomi tilga keladi. Chunki bu tashkilot aynan sobiq ittifoq tarixidagi eng g‘alati rahbarlardan biri hisoblangan Gorbachyov davrida tuzilgandi. 1985 yil kompartiya raisligiga kelgan Mixail Sergeyevich ko‘p o‘tmay «qayta qurish» nomi ostida islohotlarni boshlaydi. Uzoq vaqt biqiqlikda ishlagan matbuot erkinlasha boshlaydi. Gorbachyov vaqtida so‘z erkinligi aql bovar qilmas darajaga yetadi. Diniy to‘siqlar ham asta-sekin olib tashlanadi. Masalan, Markaziy Osiyo mamlakatlarida yoppasiga masjidlar ochiladi. An’analarni cheklash ham bas qilinadi. Cheklovlarning kamayishi esa ittifoq tarkibidagi respublikalarda mustaqillik harakatlari jonlanishiga olib keladi.

1990 yilga kelib barcha mamlakatlar mustaqillik deklaratsiyasini qabul qilib bo‘lgandi. Chunki Gorbachyov mamlakatlar xohlagan vaqtida mustaqil bo‘lishi mumkinligi haqidagi g‘oyani olg‘a suradi. 1990 yilga kelib Boltiqbo‘yi mamlakatlari Latviya, Litva hamda Estoniya o‘zini SSSRdan mustaqil davlat deb e’lon qilishi barchasini yanada tezlashtirib yuboradi. Mixail Sergeyevichning bu «demokratik» siyosati esa SSSR rahbariyatidagi boshqa oriylarga yoqmaydi. Chunki ittifoq tepasida asosan Rossiya qolgan ittifoqdoshlarning «katta og‘asi» degan g‘oya tarafdorlari o‘tirishgandi. Bu oriylar chizgan chizig‘idan chiqmaydigan 14ta mustamlakani qo‘ldan chiqarishni xohlashmasdi axir.

1991 yilning avgustiga kelib vaziyat juda murakkablashib ketadi. «Siyosiy elita» qarasa Gorbachyov mamlakatni qo‘ldan chiqarib yuboryapti. Oqibatda ular ancha vaqtdan buyon tashkillashtirib yurgan ishlarini amalga oshirishadi. Qaytib kelganidan so‘ng barcha mamlakatlardan SSSRni mustaqil davlatlar kengashiga aylantirish to‘g‘risidagi taklifning imzolanishini kutajagini aytib, ta’tilga chiqqan Gorbachyov 4 avgust kuni Qrimga dam olishga ketadi. U Moskvaga qaytganida endi SSSR rahbari emasdi...

SSSR vitse-prezidenti Gennadiy Yanayev hamda KGB raisi Vladimir Kryuchkov rahbarligidagi guruh Gorbachyov ta’tilda ekanidan foydalanib mamlakatda GKChP, favqulodda holat e’lon qilishadi. «Birinchi kanal»da o‘qib eshittirilgan bayonotda GKChP Mixail Gorbachyov salomatligi yomonlashgani sabab o‘z vazifasini bajara olmasligini, shu uchun mamlakatni 6 oy davomida 8 kishidan iborat kengash boshqarishi, yarim yildan so‘ng saylovlar o‘tkazilishini ma’lum qiladi.

Mashhur boshlovchi Vera Shebako o‘qib eshittirgan bayonotda xususan shunday deyiladi: «Salomatligi yomonlashgani bois mamlakatni boshqarish layoqatini yo‘qotgan SSSR prezidenti Mixail Sergeyevich Gorbachyovning vakolati mamlakat konstitutsiyasining 127-moddasi 7-bandiga ko‘ra, SSSR vitse-prezidenti Yanayev Gennadiy Ivanovichga o‘tadi. Mamlakat fuqarolari xavfsizligiga daxl solayotgan xaos va chuqur siyosiy inqirozdan chiqib ketish maqsadida SSSRni saqlab qolish to‘g‘risidagi referendum natijalariga ko‘ra (1991 yil mart oyida referendum o‘tkaziladi va unda 77,85 foiz fuqarolar SSSRni saqlab qolishni yoqlab ovoz beradi) SSSRni saqlab qolishni hayot-mamot masalasi deb bilamiz va quyidagilarni

MA’LUM QILAMIZ:

1. SSSR Konstitutsiyasining 127-moddasi 3-bandiga ko‘ra mamlakatda Moskva vaqti bilan 19 avgustdan boshlab 6 oy muddatga favqulodda holat e’lon qilinadi.

2. Mamlakatning barcha hududlarida SSSR Konstitutsiyasi hamda SSSR qonunlari shubhasiz hukmronlik qiladi.

3. Mamlakatni boshqarish va krizis holatidan bezarar chiqib ketish uchun favqulodda holatlar bo‘yicha davlat qo‘mitasi (GKChP) tuzildi va uning a’zolari quyidagilar:

* Oleg Baklanov – SSSR harbiy kengashining birinchi o‘rinbosari;

* Vladimir Kryuchkov – SSSR KGB raisi;

* Valentin Pavlov – SSSR bosh vaziri;

* Boris Pugo – SSSR ichki ishlar vaziri;

* Vasiliy Staradubsov – SSSR dehqonlar kengashi raisi;

* Aleksandr Tizyakov – Davlat ishlab chiqarish, qurilish, transport va aloqa assotsiatsiyasi raisi;

* Dmitriy Yazov – SSSR mudofaa vaziri;

* Gennadiy Yanayev – SSSR prezidenti vazifasini bajaruvchi;

4. GKChP qarorlari SSSR hududidagi barcha shaxslar va tashkilotlar tomonidan qabul qilinishi shart.

Yanayev, Pavlov, Baklanov, 18 avgust 1991 yil».

Vasiliy Starodubsev, Boris Pugo, Gennadiy Yanayev va Oleg Baklanov (chapdan o‘ngga)
1991 yilning 19 avgustidagi GKChP matbuot anjumanida

Qisqa qilib aytganda, 8 kishidan iborat guruh mamlakatni o‘z qo‘liga olganini e’lon qiladi. Gorbachyov esa GKChP ma’lum qilganidek, salomatligi yomonlashgani sabab emas, favqulodda holat e’lon qilganlar tashqi dunyodan uzib qo‘ygani sabab prezidentlik vazifasini bajara olmay qoladi. Bu bayonotni eshitganlarning aksari ahvol chindan ham shu 8 kishi aytganidek ekaniga ishongan bo‘lishi mumkin, ammo bu ochiqchasiga davlat to‘ntarishi ekanini tushunganlar ham oz bo‘lmagan.

Ko‘p o‘tmay GKChP mamlakatda SSSRni qulatish uchun paydo bo‘lgan «g‘araz niyatli kuchlar» paydo bo‘lganidan ogohlantiradi. Mamlakat hududidagi GKChP manfaatiga xizmat qilmaydigan barcha nashrlar vaqtincha faoliyatini to‘xtatadi. Ishlayotgan boshqa nashrlar ham qattiq senzuraga olinadi, kompartiyadan boshqa qolgan barcha partiyalar faoliyati to‘xtatiladi. GKChP mamlakat nazoratini qo‘lga olishni poytaxt Moskvadan boshlaydi. Mudofaa vaziri Yazov boshchiligidagi 4 ming piyoda askar 19 avgust tongidan Moskva ko‘chalarini egallashga kirishadi. Askarlardan tashqari 279ta jangovar mashina, 148ta zirhli transport, 362ta tank shahar ko‘chalarida harakatlanishni boshlaydi.

Yelsinning yulduzli onlari

Yelsin va tarafdorlarining 19 avgust kuni tank ustidagi chiqishini butun dunyo kuzatdi

Rossiya Federatsiyasining birinchi prezidenti Boris Yelsin bo‘lib turgan Arxangelskdagi dala hovli KGB raisi Kryuchkovga bo‘ysunuvchi «Alfa» maxsus guruhi tomonidan egallab olinadi. GKChPning rejalaridan oldindan xabardor bo‘lgani bois tashkilot o‘z harakatlariga Rossiyada katta obro‘ga ega bo‘lib ulgurgan Yelsin xalaqit berishidan qo‘rqadi. Ammo «Alfa» qo‘mondoniga Yelsinning binodan chiqishiga qarshilik ko‘rsatmaslik buyrug‘i beriladi. Oqibatda shahar ko‘chalariga chiqqan Yelsin isyonchilarning tanklaridan biriga chiqib odamlarga murojaat qiladi.

Nutqi davomida Yelsin GKChPning harakatlarini konstitutsiyaga zid deb ataydi va sodir bo‘layotgan voqealar davlat to‘ntarishidan boshqa narsa emasligini ma’lum qiladi. U vaqtda siyosiy karerasining eng yuqori cho‘qqisiga yaqinlashgan Yelsinning qat’iy chiqishlari sabab isyonchilar orasida ham uning tarafdorlari paydo bo‘ladi. Sergey Yevdokimov qo‘mondonligidagi Taman diviziyasining tank qo‘shinlari Yelsin tomonga o‘tib o‘nlab tanklar Rossiya prezidenti bo‘lib turgan Oq uy himoyasi uchun joylashadi.

19 avgust kuni kechga borib GKChP kengashi yana televideniye orqali chiqish qiladi. Ammo bu chiqish birinchisi kabi ishonchli bo‘lmaydi. Yanayevning efir vaqtida qo‘li qaltiraydi. Kengash Gorbachyovning demokratik islohotlari davom ettirilajagini ma’lum qiladi. Ammo o‘sha kuni kechasi «Birinchi kanal»da Boris Yelsinning bayonoti efirga chiqadi. Unda Rossiya prezidenti Boris Yelsin GKChPni isyonchilar deb ataydi. Bu esa televideniye va umuman butun mamlakatdagi nazorat Yelsinning qo‘liga o‘tayotganini anglatardi. Yelsin odamlarni maydonlarga chiqib isyonchilarni to‘xtatishga chorlaydi.

Moskvada ham, Leningradda ham odamlar isyonning ilk kunidayoq ko‘chalarga chiqishdi
Foto: GETTY IMAGES
Muxolifat odamlarni ko‘chalarga chiqarishi muhim burilish nuqtasi bo‘ldi. Bu GKChP mag‘lubiyatiga olib keldi.
Foto: GETTY IMAGES

Yelsinning murojaatidan keyin Moskvada 200 mingdan ortiq, Peterburgda 400 mingdan ortiq odam markaziy maydonlarga chiqib GKChPga qarshi namoyishlarda qatnashadi. 20 avgustdan 21 avgustga o‘tar kechasi Moskvada GKChPga bo‘ysunuvchi askarlar hamda Oq uy himoyasidagi ko‘ngillilar o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ladi. Oqibatda Oq uy himoyasidagi uch fuqaro halok bo‘ladi. GKChP e’lon qilingan vaqtda go‘yoki ko‘p qon to‘kiladigandek ko‘ringandi, ammo o‘sha uch kundagi barcha qurbon mana shu uch kishi bo‘ladi.

Foto: GETTY IMAGES

21 avgust tongida SSSR mudofaa vaziri Yazov Moskvadagi barcha qo‘shin va texnikalarni shahardan olib chiqishga buyruq beradi. Bu GKChP tugagani va amalda SSSRni saqlab qolish imkonsiz ekanini ko‘rsatardi. 21 avgust tongida SSSR prezidenti vazifasini bajaruvchi Yanayev topshirig‘i bilan GKChP vakillari Gorbachyov tashqi dunyodan uzilgan holda saqlanayotgan Farosdagi dala hovliga boradi.

Gorbachyov GKChP vakillari bilan muzokara o‘tkazishni xohlamaydi va ularni qabul qilmaydi. 21 avgust kuni kechki vaqtda esa Yanayev GKChP tugatilganini e’lon qiladi. O‘sha kuni tunda Gorbachyov Moskvaga qaytadi. U bilan Farosdan Moskvaga birga uchgan Yazov, Kryuchkov va Tizyakov kabi GKChP a’zolari samolyot poytaxtga qo‘nishi bilan qo‘lga olinadi. GKChPning barcha a’zolari vatanga xiyonat aybi bilan qamaladi. Faqat ichki ishlar vaziri Boris Pugo qo‘lga olinmaydi, chunki u o‘z joniga qasd qilgandi (o‘zini otib tashlaydi).

Shu tariqa, SSSRni saqlab qolish uchun tuzilgan GKChP 3 kun o‘tib barbod bo‘ladi. Bu voqealardan 4 oy o‘tgach esa SSSR tarqatilgani rasman e’lon qilinadi. Chunki 1991 yil oxiriga borib Rossiya barcha mustamlakalaridan mahrum bo‘lib ulgurgandi. GKChPgacha Latviya, Litva, Estoniya hamda Gruziya SSSRdan mustaqil bo‘lganini e’lon qilib ulgurgandi. Favqulodda holat sodir bo‘lganidan keyin 1991 yilning avgust oyida yana 6ta respublika — O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Moldaviya, Ukraina, Armaniston va Ozarboyjon mustaqillik e’lon qiladi. Eng oxirgi bo‘lib 16 dekabr kuni Qozog‘iston SSSRni tark etadi. Shu tariqa, 14ta mamlakatni zulm bilan o‘z tasarrufida ushlab turgan imperiya qulaydi!

Zulm va zo‘ravonlik asosiga qurilgan SSSRni saqlab qolish uchun uyushtirilgan GKChP asoschilarining barchasi 1994 yilda amnistiyaga tushib, ozod qilinadi. Bu voqealardan 28 yil o‘tganidan keyin ham odamlar aslida nima bo‘lgani haqida mulohaza qilishadi. Kimdir buni muvaffaqiyatsiz davlat to‘ntarishiga urinish desa, kimdir bu SSSR parchalanishini tezlashtirish uchun tuzilgan o‘yin deydi. Xo‘sh, aslida nima bo‘lgandi?

«Isyon muvaffaqiyatli yakunlanmaydi, aks holda uni isyon deb atashmaydi»

GKChPning sobiq a’zolari (chapdan o‘ngga) Kryuchkov, Shenin, Yazov, Pavlov, Baklanov va Lukyanov (mikrofon qarshisida).
«Den» gazetasi o‘quvchilari bilan uchrashuv, 1993 yil

Angliyalik shoirlardan biri isyon haqida tagsarlavhada berilgan fikrni juda topib aytgan. Chindan agar isyon muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, uning sodir bo‘lganini hech kim bilmay qoladi. Chinakam muvaffaqiyatli isyonda hukumatdagi o‘zgarishlar mayin tabassum bilan e’lon qilinadi. Nima bo‘lganini faqat «ichkaridagilar» bilishadi. Agar isyon o‘xshamasagina, u bostirganlar tomonidan isyon deb e’lon qilinadi.

Masalan, GKChP vakillaridan biri sobiq SSSR Oliy kengashi raisi Anatoliy Lukyanov 1991 yil avgustidagi voqealar haqida shunday deydi: «GKChP nima bo‘lgani haqida hamon tortishuvlar bor. Bu isyonmi, kelishuvmi yoki davlat to‘ntarishimidi deb hamon tortishish mumkin. Agar bu kelishuv bo‘lsa, kimga qarshi kelishuv edi? Agar bu isyon deydigan bo‘lsak, davlatning barcha oliy organlari saqlanib qoldi-ku? Demak bu davlat to‘ntarishi ham emas. GKChP bu — SSSRni qutqarib qolish uchun amalga oshirilgan muvaffaqiyatsiz urinish edi, xolos».

GKChP raisi Gennadiy Yanayev bu haqda shunday deydi: «Men hech qachon davlat to‘ntarishi qilganimni tan olmayman. Bu bo‘lmagan gap. Men va sheriklarimning qilgan harakatlarini tushunishni xohlagan odam 1991 yil avgustida SSSR qanday holatga tushib qolganini tanasida his qilgan bo‘lishi kerak. U vaqtda mamlakat juda og‘ir ahvolga tushib qolgan va taxt uchun kurash avj olgandi».

SSSRning sobiq bosh vaziri Valentin Pavlovning aytishicha, o‘sha vaqtda GKChP vakillarida davlat to‘ntarishini amalga oshirish uchun barcha imkoniyat bo‘lgan, ammo ularning maqsadi to‘ntarish bo‘lmagan: «Sizningcha, bizda davlat to‘ntarishi qilish imkoni bo‘lmaganmi? Kechirasiz, lekin imkoniyat keragidan ortiq bo‘lgan. Biz har qanday rahbarni hech kim shubhalanmaydigan yerda ushlashimiz mumkin edi. Ammo biz davlat to‘ntarishi uyushtirmoqchi emasdik».

Gorbachyov hammasini bilganmi?

SSSR prezidenti Gorbachyov yillar o‘tib GKChP haqida bilganini ma’lum qildi: «Gorbachyov hammasini bilgan deyishadi. Axir qanday bilmasligim mumkin edi? Eh-he, qayerlardan qo‘ng‘iroq qilishmadi deysiz. Hamma bitta gapni aytardi: isyon, isyon, isyon... Mening atrofimdagilar ham barchasidan ogohlantirishgandi. Asosiysi qon to‘kilishining oldini olish edi va biz buni uddaladik. Fuqarolar urishi sodir bo‘lmadi».

SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti imperiyani tarqatib yuborishni emas, uni demokratiyaga olib bormoqchi bo‘lganini ta’kidlaydi. Uning fikricha, kompartiyadagi inqiroz imperiya qulashiga olib kelgan.

KGBdagi maxfiy uchrashuv

4 avgust kuni Gorbachyov Qrimga ketganidan keyin GKChP tashkilotchilari harakatga kirishadilar. Eng qizig‘i, Yanayev qo‘mita raisi bo‘lishini barchasi e’lon qilinishidan 3 soat oldin biladi. Tashkilotchilikni shubhasiz, KGB raisi Kryuchkov o‘z zimmasiga oladi. U o‘z xodimlari yordamida mamlakat favqulodda holatni qanday qabul qilishini tahlil qiladi. Tahlillar xalq bunday kutilmagan burilishni og‘ir qabul qilishini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, SSSRni saqlab qolishga urinayotgan guruh ortga chekinmaydi. GKChPning barcha 8 yetakchisi KGBning maxfiy joyida uchrashib turadi. 14 avgustga kelibgina barchasi aniqlashtirib olinadi.

18 avgust kuni Gorbachyov dam olayotgan dala hovlida prezident apparati rahbari Boldin, kompartiya kotiblari Shenin va Baklanov, quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni Varennikov paydo bo‘ladi. Prezidentning shaxsiy soqchilari ularni Gorbachyovning huzuriga kiritadi, chunki «mehmonlar» orasida qo‘riqchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunadigan KGB generali ham bo‘lgan. «Mehmonlar» Gorbachyovga ikkita yo‘l ko‘rsatishadi. Yoki Mixail Sergeyevichning o‘zi favqulodda holat e’lon qilib, GKChP raisiga aylanishi, yoki prezidentlik vakolatini Yanayevga topshirishi kerak bo‘ladi.

Bu taklifga Gorbachev qanday javob bergani haqida har xil taxminlar bor. Ba’zi taxminlarga ko‘ra, Gorbachyov oldiga kelgan GKChPchilarni bo‘ralatib so‘kkan, ba’zilarida aytilishicha, bilganlaringni qilinglar deb javob bergan. Gorbachyovning oldiga borganlar undan SSSR rahbariga tegishli yadro chemodanini ham olib qo‘ygan degan taxminlar ham mavjud.

GKChP muvaffaqiyatsizlikka uchraganining asosiy sabablaridan biri sifatida Gorbachyovning bunga rozi bo‘lmaganini aytishadi. Uning rad javobi isyonchilar uchun kutilmagan holat bo‘lgan. Shu bois ular siyosatda hech qanday yuki bo‘lmagan Yanayevni rais etib tayinlashga majbur bo‘lishadi. Yanayevning qat’iyatsizligi, televideniyedagi chiqishda qo‘llari qaltirashi, umuman GKChP a’zolarining barchasida yetishmagan qat’iylik harakat barbod bo‘lishiga olib keladi. Bahonada o‘zining keskin chiqishlari bilan Yelsin o‘z tarafdorlarini oshirib oladi. U mashhurlikda Gorbachyovni ham ortda qoldiradi.

Kaddafi va Saddam Husayn qo‘llagan GKChP

GKChP muvaffaqiyat qozonmaganining yana bir sababi g‘arbning ularni qo‘llab-quvvatlamagani bo‘ladi. Xorijda bu harakatni faqat Muammar Kaddafi, Saddam Husayn va Fidel Kastro qo‘llashadi (ularni nima birlashtirishini aniqlashtirish shart bo‘lmasa kerak). GKChP tashkilotchilari AQSh prezidenti Sasha deb chaqiradigan tashqi ishlar vaziri Aleksandr Bessmertnix ham ularning qatoriga kirishini xohlashadi, chunki tashqi ishlar vaziri boshqa mamlakatlarga hamma kelishuvlar amalda qolganini tushuntirishiga umid qilishadi. Ammo Bessmertnix GKChPga qo‘shilishni xohlamaydi.

G‘arb mamlakatlari GKChPga munosabat bildirishga shoshmaydilar va hamma kim g‘olib bo‘lishini kutadi. AQShning 41-prezidenti katta Jorj Bush Yanayevga qo‘ng‘iroq qilmoqchi ham bo‘ladi, ammo maslahatchilari uni bu fikrdan qaytarishadi. Yelsinning tank ustidagi chiqishi SNN telekanalida butun dunyoga olib beriladi va Yelsin g‘arbning ko‘z o‘ngida qahramonga aylanadi.

Yelsin Gorbachyovni Rossiyaga olib kelishi haqida gapirganidan so‘ng Bush unga qo‘ng‘iroq qiladi va to‘g‘ri ish qilayotganini aytadi. Bushdan so‘ng yirik mamlakat rahbarlari ham Yelsinni qo‘llashni boshlashadi. Bu esa Boris Nikolayevichni eyforiya holatiga tushirib qo‘yadi. Oqibatda SSSRda...

Qo‘shhukmronlik boshlanadi

23 avgust kuni Rossiya parlamentining navbatdan tashqari yig‘ilishi o‘tkaziladi. Odamlar unda nima bo‘lishini taxmin qila olishmasdi. Xalq yetakchisi qaytganini nishonlashni yoki hukumat tepasiga yangi rahbar kelishini kutishni bilmay arosatda qoladi. Ammo parlament yig‘ilishida kutilgan voqea sodir bo‘ladi. Butun dunyoga ittifoqning qahramoni bo‘lib gavdalangan Boris Yelsin barchasi o‘z nazoratida ekanini namoyishkorona tarzda ko‘rsatib qo‘yadi.

Yelsin SSSRning barcha harbiy kuchlari uchun Oliy Bosh qo‘mondon bo‘lganini rasman ma’lum qiladi. Bunga sabab sifatida ortda qolgan uch kunda sodir bo‘lgan isyonni keltiradi. Nutq so‘zlayotgan kuni AQSh, Germaniya, Yaponiya, Buyuk Britaniya yetakchilaridan tabriklar va iliq so‘zlarni eshitgan Yelsinning o‘ziga bo‘lgan ishonchi aql bovar qilmas darajaga yetgandi. Yig‘ilishda qatnashgan Mixail Sergeyevich Gorbachyov vajohatli Yelsinning oldida o‘ta bechorahol odamga aylanib qoladi.

Yelsin SSSR kommunistik partiyasi tugatilganini e’lon qiladi. Vaholanki, yig‘ilishda qatnashayotgan Mixail Gorbachyov hamon kompartiya raisi edi. Bu holat Yelsin barchasini qo‘liga olganini ko‘rsatardi. Majlis davomida SSSR hukumati tarqatib yuboriladi va Gorbachyov hukumatsiz prezidentga aylanib qoladi. VVS'ning yozishicha, katta Jorj Bush Yelsinning chiqishini SNN orqali do‘sti Skoukroft bilan tomosha qiladi va u hayratlanarli voqealarni tomosha qilar ekan prezidentga qarab: «Qara, hammasi tugadi», deydi. Bush esa suhbatdoshiga qarab: «U uchun chindan hammasi tugadi deb qo‘rqaman», deydi...

«Gorbachyov kim yutishini Qrimda kutib o‘tirgan qo‘rqoq...»

Rossiyaning marhum prezidenti Boris Yelsin o‘limidan biroz oldin GKChP vaqtida Gorbachyovning harakatlari haqida shunday degandi: «U Qrimda turib kim g‘olib bo‘lishini kutib o‘tirgan qo‘rqoq». Chindan barchasi SSSRning o‘sha vaqtdagi prezident ta’tilda bo‘lgan vaqtda sodir bo‘lgani ajablanarli.

Bu yerda uch xil taxmin bo‘lishi mumkin. Asosiy taxmin Gorbachyov isyonmi, to‘ntarishmi xullas qanday nom bilan atalishi hamon aniq bo‘lmagan GKChP qachon boshlanishini bilgan holda Qrimga dam olgani ketib qoladi. Chunki mamlakatda sodir bo‘lajak bu voqealardan qochib qutulish imkonsiz ekanini bilgan Mixail Sergeyevich hammasiga oldindan tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Masalan, xalqning oldiga chiqib bu narsalar bo‘lganda men Qrimda edim, isyonchilar meni tashqi dunyodan uzib qo‘yishdi degan oqlov ancha ishonarli.

Yana bir taxmin shuki, isyonchilar jarayon Gorbachyov u uchun yengil kechishini, ya’ni Qrimga ketishni taklif qilishgan. Chunki hukumatni egallagan kuchlar ham kichik odamlar bo‘lmagan. SSSRning eng asosiy kuch tuzilmalari bo‘ysunadigan qo‘mondonlar GKChP a’zolari bo‘lishgan. Yana bir taxmin — chindan barchasi tasodif bo‘lgan. Mixail Sergeyevich hammasini bilganini inobatga olsak, birinchi variant to‘g‘ri. Darvoqe, Yelsin Gorbachyovni qo‘rqoq deb atagani haqida. Boris Nikolayevichning GKChP vaqtidagi da’vosi aynan mamlakatning saylangan prezidenti Gorbachyovni hukumatga qaytarish bo‘lgan. Keyinchalik esa ular bir-birlarini yomon ko‘rib qolishdi.

SSSR nega quladi?

Uzoq yil 14ta mamlakatni o‘z tasarrufida ushlab turib, ularni o‘zi xohlagan yo‘lga boshlagan imperiya qanaqasiga yo‘qolib ketgani hamon muhokama qilinadi. Vaziyatga real baho beradigan bo‘lsak, o‘sha vaqtda SSSRni saqlab qolishning imkoni yo‘q edi. Chunki imperiyaning sillasi qurigan, mamlakat iqtisodiy tang ahvolga kelib qolgandi. AQSh bilan mantiqsiz musobaqalashish, to‘g‘rirog‘i musobaqalashishga urinish ittifoqni xarob qilgandi. Odamlar faqat tirikchilik uchun yashashdan, partiya uchun ishlash, o‘z orzu umidlarini partiya uchun, SSSR uchun qurbon qilishdan charchagandi. Butun dunyo katta tezlikda rivojlanayotgan, ko‘p ishlagan odam boy bo‘layotgan davrda ham SSSR o‘zini oxir-oqibat halokatga olib borgan sotsializm g‘oyasiga qaysarlarcha tirmashib olgandi. Odamlar har qancha mehnat qilsa ham, faqat tirikchilik qila olar va bu fuqarolarda mamlakatdan, uning siyosatidan zada bo‘lish kayfiyatini paydo qilgandi.

Ittifoq o‘zining asosiy raqobatchisi deb qarayotgan AQSh aslida SSSRga hech qanaqasiga raqobatchi emasdi, chunki Amerika ancha ilgarilab ketgan va o‘shandayoq dunyoning iqtisodiy, siyosiy, kerak bo‘lsa harbiy derjavasiga aylanib bo‘lgandi. SSSR esa faqat o‘z propagandalarida Amerika bilan raqobatchi ekanini iddao qilardi, xolos. Aslida esa mamlakat iqtisodiyoti kundan kunga halokatga yaqinlashib borardi.

Rossiyaning harbiy imkoniyati doim yaxshi bo‘lgan, SSSR qulashi arafasida ham. Ammo Rossiya ittifoqchilarni kuch bilan olib qolishga harakat qilmadi, qurolli tahdid qilmadi (har xil millatlar o‘rtasidagi ixtiloflarning paydo bo‘lishi bundan mustasno). Aftidan o‘sha vaqtdagi hukumat tepasida bo‘lganlar ham ortiq bunday yashab bo‘lmasligini, hamma o‘z aravasini tortishi kerakligini his qilgandek...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Mavzuga oid