O‘zbekiston | 12:26 / 22.08.2019
8288
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo viloyati xorijiy investorlar uchun ilk bor o‘z eshiklarini ochmoqda

Bugun, 22 avgust kuni Sirdaryo viloyati Guliston shahrida Tashqi ishlar, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari hamda Sirdaryo viloyati hokimligi bilan hamkorligida I Xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Mazkur nufuzli tadbirda xorijiy davlatlarning O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchilari, diplomatik korpus hamda hukumat vakillari, 200 nafardan ortiq xorijiy kompaniya rahbarlari ishtirok etmoqda.

Forum hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, O‘zbekistonda iqtisodiyotning ochiqligini ta'minlash va qulay investitsiya muhitini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy davlatlarning biznes hamjamiyati va xalqaro tashkilotlar vakillarini hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mavjud salohiyat va imkoniyatlar bilan tanishtirish maqsadida viloyatda ilk bor tashkil etilmoqda.

Ushbu forumda 200 million dollardan ziyod investitsion va eksport shartnomalarining imzolanishi kutilmoqda. Bundan tashqari, bugungi tadbirda Guliston shahridagi Markaziy yurt bayrog‘i maydonida o‘rnatilgan balandligi 65 metr bo‘lgan Yurt bayrog‘i ramziy ko‘tariladi hamda «Gullar festivali», «Qushlar ko‘rgazmasi» va «Qovun sayli» kabi ko‘rik tanlovlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, Sirdaryo viloyatida bugungi kunda 138ta xorijiy hamkorlar ishtirokidagi korxonalar o‘z faoliyatini yuritmoqda. So‘nggi vaqtlarda viloyatda o‘zining biznesini yo‘lga qo‘yish istagidagi xorijiy va mahalliy tadbirkorlar soni oshib boryapti. Xususan, Xitoy, Rossiya, Italiya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Birlashgan Arab Amirligi, Hindiston, Eron va boshqa davlatlarning kompaniyalari vakillari tashrif buyurib, turli sohalarda shaxsiy biznesini olib borish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Shuningdek, joriy yilda viloyat delegatsiyasi Xitoy, Italiya, Hindiston va Belarus davlatlatlarida bo‘lib, qariyb 100 mln. dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuv bitimlarini imzoladi. 

Mavzuga oid