Jamiyat | 00:28 / 23.08.2019
20313
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud 10 nafar ayolni muddatidan oldin jazodan ozod qildi

22 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida jazoni o‘tash muassasasida jazo o‘tayotgan 11 nafar ayolning nazorat tartibida bergan shikoyat arizasi ko‘rib chiqildi.

Ochiq sud majlisida Xotin-qizlar qo‘mitasi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Unda har bir ayolning nazorat tartibida bergan arizasi qonun doirasida batafsil ko‘rib chiqildi.

Sud ajrimi bilan sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoning asosiy qismini o‘tagani, qilmishiga iqror va pushaymon bo‘lgani, jazoni o‘tish jarayonida o‘zini ijobiy jihatlarini namoyon etib, muassasa rahbariyatining tashakkurnomasini olgani, yoshi hamda O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasining kafolati xati inobatga olinib, 10 nafar ayol jazodan muddatidan oldin ozod qilinib oilasi bag‘riga qaytarildi. Bir nafar mahkuma ayolning jazo muddati qisqartirildi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Oliy sud va Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida  2018 yil 20 iyulda imzolangan memorandum doirasida, 2019 yilning o‘tgan olti oyida jazoni o‘tash muassasalarida jazo o‘tayotgan 227 nafar ayolning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi, 51 nafar ayol jazoni o‘tashdan shartli ozod qilindi, 131 nafar ayolga Xotin-qizlar qo‘mitasi kafilligi asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlandi. 

Albatta, ozodlik – odamzot bolasi talpinib yashaydigan ulug‘ ne'mat. Uning qadri hamma zamonlarda ham baland bo‘lgan. Bu holat ayniqsa, ochiq sud majlisida yanada yaqqolroq namoyon bo‘ldi. Har bir mahkuma ayol o‘zining jazodan muddatidan ilgari ozod bo‘lgani haqidagi xushxabarni ko‘zda yosh bilan qarshi oldi.

Mavzuga oid