O‘zbekiston | 13:10 / 25.08.2019
148967
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar bosh imom xatibi o‘zgardi

Nuriddin domla Xoliqnazarov /Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Toshkent shahriga yangi bosh imom xatib tayinlandi. Andijon viloyat bosh imom xatibi sifatida ishlab kelgan Nuriddin domla Xoliqnazarov ushbu vazifada ish boshlagan. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar qilmoqda. 

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Hazrat Usmonxon Alimov raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘inda Toshkent shahar bosh imom xatibi vazifasini bajarib kelgan Rahimberdi domla Rahmonov ilmiy ishlar va izlanishlar munosabati bilan vazifasidan ozod etilgani aytilgan. 

Nuriddin Xoliqnazarov 1968 yilda Andijon viloyatining Asaka shahrida tug‘ilgan. 1992 yilda Buxorodagi Mir Arab madrasasi, 1998 yilda Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutini, 2007 yilda Farg‘ona davlat universitetini tamomlagan.

Ish faoliyati davomida Nuriddin Xoliqnazarov Asaka shahridagi «Ahmadali Maxdum» jome masjidi imom-xatibi, Toshkent shahri Yunusobod tumani «Oq tepa» jome masjidi imom-xatibi va shu kunga qadar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi vazifalarida mehnat qilayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 4 yanvar kuni Rahimberdi domla Rahmonov O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent shahridagi vakili, shahar bosh imomi va Yunusobod tumani «Minor» jome masjidi imom-xatibi vazifalariga tayinlangan edi.

Rahimberdi domla Rahmonov

Rahimberdi Rahmonov «Minor» jome masjidi imom-xatibi vazifasida faoliyatini davom ettiradi.

Mavzuga oid