Jamiyat | 09:45 / 26.08.2019
144642
11 daqiqa o‘qiladi

«Straus House»dan aholi nega norozi?

Foto: Straus House

2019 yilning dastlabki kunlaridan ijtimoiy tarmoqlar, radio va televideniye orqali hamda katta-katta supermarketlar-u aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish obektlari, qo‘yingki aholi gavjum bo‘ladigan joylardagi ekranlarda «Straus House» nomi bilan mashhur bo‘lgan mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi korxona tomonidan tuyaqush jo‘jalarini yetishtirish bilan bog‘liq olamshumul reklamalar avj olgandi. Janubiy Afrika Respublikasidan keltirilgan tuyaqush jo‘jalarining bir donasini dastlab o‘rtacha 1,8 mln so‘mdan, keyinchalik 2 mln so‘mdan, maxsus ozuqa-yem mahsulotlarini 2,2 mln so‘mdan sotib olish taklif qilindi.

Jamiyat ta'sischisi Ibrohim Isroilov (jamiyatga dastlab o‘zi direktorlik qilgan va biroz vaqt o‘tib bu lavozimga boshqa shaxs tayinlangan) o‘z chiqishlarida aynan «Straus House» MChJdan sotib olinib, boqib yetishtirilgan va

1 yoshga to‘lgan tuyaqushning bir donasini aholidan o‘rtacha 9-10 mln so‘mdan qayta sotib olishni va'da qilgan. 

Kuni kecha tahririyatga tuyaqush jo‘jalarini sotib olish bo‘yicha aynan «Straus House» MChJ bilan shartnoma tuzib, to‘lovni amalga oshirgan, biroq belgilangan muddat o‘tgan bo‘lishiga qaramay jo‘jalarni ololmagan fuqarolar  murojaat qilishdi. Kun.uz Farg‘onadan kelgan ushbu murojaatchilar bilan uchrashib, ularning dardiga quloq tutdi.

Ma'lum bo‘lishicha, «Straus House»ning targ‘ibot-tashviqot tadbirlari va reklamalarining kuchi bilan respublika bo‘ylab bir necha mingni tashkil qiluvchi fuqarolar kompaniya bilan tuyaqush jo‘jalarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolagan, biroq shartnomada kelishilgan muddat o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan jo‘jalar hanuz yetkazib berilmagan.

«Uyda bekor o‘tirgandan ko‘ra ro‘zg‘orga yordamim tegsin degan niyat bilan 2019 yil 5 aprel kuni 10 dona tuyaqush jo‘jasini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzib, bor-budimni bir joyga to‘plab, 22 mln so‘m to‘lov qilgan edim, mana oradan qariyb olti oy vaqt o‘tayotgan bo‘lishiga qaramay na jo‘jalardan va na puldan darak bor», deydi kuyinib Farg‘ona tumani Chimyon qishlog‘ida yashovchi 70 yoshni qarshilagan birinchi guruh nogironi Axmadali Abdulazizov.

Uning ta'kidlashicha, bu vaqt orasida MChJning viloyat bo‘yicha dileri va bosh ofisiga bir necha marta murojaat qilgan, biroq tayinli javob olmagan.

Fuqaro Jo‘rayev Baxodir Yusufjon o‘g‘li esa joriy yil boshlarida televizor orqali «Straus House» MChJ tomonidan taklif etilayotgan biznesga qiziqib qolganini, jamiyat saytiga kirib, Farg‘ona viloyati bo‘yicha dilerni topgani, Ulug‘bek ismli ushbu shaxs bilan ofisida uchrashib, 1 mart kuni 8 dona jo‘ja uchun 7,2 mln so‘mga shartnoma tuzgani, shartnoma shartlariga ko‘ra jo‘jalar 90 kunda, ya'ni 1 iyunga qadar yetkazib berilishiga kelishilgani, biroq bu muddatda jo‘jalarni olmagani, har safar kompaniyaga murojaat qilganida «o‘n kunda beriladi», deb shu vaqtga qadar aldab kelishgani, jo‘jani yetkazib berolmagan kompaniya ertaga tayyor tuyaqushlarni qayta sotib olishiga ishonchi yo‘qligini aytadi.

«Televizor orqali «Straus House» kompaniyasi rahbari Ibrohim Isroilovning chiqishini tomosha qildim. U taklif qilayotgan tuyaqush biznesiga qiziqib qoldim. Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tuman hokimligi binosida «Straus House» kompaniyasi tomonidan tashkil qilingan taqdimot marosimida ishtirok etdik. Ham televideniye, ham hokimiyat binosida targ‘ib qilinayotgan biznesning kelajagi porloq ekaniga, taqdimotda aytilganidek bir dona tuyaqushdan bir yil ichida 6 mln so‘m daromad qilish mumkinligiga ishondik. Uy sotib olishni niyat qilib yig‘ib yurgan pulimiz bor edi, uni bankda saqlayotgan edik. Turmush o‘rtog‘im bilan maslahatlashib, bir yil davomida tuyaqush boqsak va uni «Straus House» kompaniyasi va'da qilgan pulga sotsak pulimiz ham biroz ko‘payib, uch xonali o‘rniga to‘rt xonali uy olamiz degan reja qildik. Shu maqsadda 50 dona jo‘jaga jami 90 mln so‘mlik shartnoma tuzdik, 24 aprel kuni shartnoma qiymatining yarmi, ya'ni 45 mln so‘mini to‘ladik. Kelishilgan vaqt o‘tib bo‘ldi, lekin jo‘jalar berilmadi, shundan buyon uyimizdan janjal arimaydi. Bu yog‘i qish yaqinlashmoqda, sovuq kunlarda esa, ayniqsa bizning qishloq sharoitida (gaz va svet yo‘qligi nazarda tutilmoqda) jo‘jani boqish mushkul», deydi Mahbuba G‘ulomova.

Gulchehra Alouddinova ham tuyaqush boqaman deb qaror qilganidan pushaymon.

«15 iyunga va'da qilingan jo‘jalardan hamon darak yo‘q, dilerning topib olgan gapi – «Sizdan ortiq narsa bilmayman». Bir necha marta bosh ofisga murojaat qildim, foydasi bo‘lmadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ishonch telefoni – 1000 raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan edim, Yunusobod tuman sudiga murojaat qiling degan mazmunda yozma javob xati keldi. O‘zi pulimga kuyib o‘tirgan bo‘lsam, poytaxtdagi sudga murojaat qilish ham xarajat emasmi, bunday pulni qayerdan olaman?», deydi u afsus va nadomatlar bilan.    

Yulduzxon aya Isoqovani qiynayotgan muammo biroz boshqacharoq. U 2018 yil

19 dekabr kuni 12ta tuyaqush jo‘jasi uchun shartnoma tuzib, 9 mln so‘m to‘lov qilgan. Uning jo‘jalari to‘liq yetkazib berilgan. Biroq va'da qilinganidek bir oy yoki 40 kun karantin sharoitda parvarish qilingan jo‘jalar emas, balki 10-15 kunlik kasalmand jo‘jalar taqdim qilingan. Parvarishning dastlabki kunlaridayoq 8ta jo‘ja nobud bo‘lgan. Bu haqida «Straus House» vakillariga murojaat qilganida ular nobud bo‘lgan jo‘jalar o‘rniga boshqasini berishni va'da qilishgan. Biroq bu va'da va'daligicha qolib ketgan.

Sotib olgan 6ta jo‘jasidan 5tasi bir oyga ham bormay nobud bo‘lgani, kompaniya vakillari o‘rniga boshqa berishini aytgani, biroq amalda keyin hech narsa berilmaganini aytadi biz bilan suhbatda yana bir fuqaro.

Ma'lum bo‘lishicha, joriy yilning 19 avgust sanasida respublikaning turli hududlaridan bo‘lgan o‘ttizga yaqin fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida bo‘lib, «Straus House» MChJdan pullarini qaytarib olishda va rahbarlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishda amaliy yordam so‘rashgan. Ta'kidlanishicha, Vazirlar Mahkamasida yozma shikoyat olib qolinib, tegishli choralar ko‘rilishi aytilgan.

Jurnalistik tekshiruv davomida KUN.UZ tahririyati «Straus House» MChJning Farg‘ona viloyati bo‘yicha dileri bo‘lib ishlagan Sobirov Ulug‘bek G‘ofurjon o‘g‘li bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.

U 2019 yilning 22 yanvaridan 2 iyuliga qadar «Straus House» MChJning Farg‘ona bo‘yicha rasmiy dileri bo‘lib ishlagan. Uning faoliyati davomida jami 33 nafar farg‘onalik fuqarolar bilan shartnomalar imzolangan. Shulardan aksariyat fuqarolar to‘liq, aksariyati esa qisman to‘lovlarni amalga oshirgan. Biroq ushbu 33ta shartnoma bo‘yicha bugungi kunga qadar xaridorlarga bir dona ham tuyaqush yetkazib berilmagan.

«Mendan avvalgi diler tomonidan imzolangan shartnomalar bo‘yicha yetkazib berilgan jo‘jalarning o‘z vaqtida veterinar ko‘rigi ta'minlanmagani sababli qariyb 70 foizi nobud bo‘lgan. Kompaniya xodimlari mijozlarga telefon qilib, to‘lovning qolgan 50 foizini amalga oshirsa jo‘jalar yetkazib berilishini aytmoqda, xaridorlar esa to‘lov qilishni istashmayapti, sababi kuz fasli yaqinlashmoqda, havo harorati pasayishni boshlagani tuyaqush jo‘jalarini boqishda qiyinchiliklar tug‘diradi. Endilikda odamlarning jo‘jalarni berishda qilingan xatolar sabab ular qayta sotib olinishiga ishonchlari so‘ngan. Xaridorlarning to‘langan pullarni qaytarishni so‘rab kompaniyaga yozgan arizalari javobsiz qolmoqda. Pulni qaytarish haqidagi talabga kompaniya vakillari shartnoma jo‘ja uchun tuzilganini, pul qaytarilmasligini va faqat jo‘ja berilishini aytishmoqda. Kompaniyaga ishongan xalq bugungi kunga kelib yaqqol aldanib qolmoqda. Farg‘onaliklar kabi «Straus House» MChJga aldanayotgan aholi respublikaning barcha hududlarida topiladi. Eng achinarlisi, ularning soni bir necha mingni va ko‘rilayotgan zarar esa bir necha milliard so‘mni tashkil qilishi mumkin. Birorta jo‘ja yetkazib berilmayotgan bir paytda, kompaniya o‘z reklamalariga zo‘r berib, xalqni aldab pulini olishda davom etmoqda», deydi U.Sobirov biz bilan suhbatda.  

Kun.uz holat yuzasidan izoh olish va fuqarolarning murojaatlarida aytilgan vajlarga oydinlik kiritish maqsadida «»Straus House» MChJning +998-94-419-91-11, +998-94-421-91-11, +998-94-429-09-00 va +998-94-426-26-62 raqamlariga (ushbu raqamlar reklama e'lonlarida kompaniyaning telefon raqamlari sifatida ko‘rsatilgan) qo‘ng‘iroq qilib, bog‘lanishga harakat qildi. Qo‘ng‘iroq qilingan tarafdan yangragan turli javoblar sabab bu urinishlarimiz zoye ketdi.

Biz bilan suhbatda bo‘lgan, tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib o‘z muammolarini hal qilishda yordam so‘ragan fuqarolar «Straus House» MChJning faoliyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jiddiy o‘rganilishi kerak, deb hisoblaydi.

Kun.uz ushbu masala yuzasidan o‘z surishtiruvlarini davom ettiradi. «Straus House» MChJda tahririyatga murojaat qilgan fuqarolarning ko‘nglidagi xavotir va shubha-gumonlarni yo‘qqa chiqaruvchi yetarli asoslar mavjudligiga umid bildirib qolamiz. 

Bahodir Ahmedov

Mavzuga oid