Jahon | 20:00 / 27.08.2019
15047
3 daqiqa o‘qiladi

Braziliya prezidenti Makronga uzr so‘rashni taklif qildi 

Foto: Wikipedia

Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru fransiyalik hamkasbi Emmanyuel Makronga uni haqoratlagani uchun uzr so‘rashni taklif qildi. U bu haqda jurnalistlarga aytdi. 

“Boshlanishiga, janob Makron menga aytgan haqoratidan voz kechishi kerak. Birinchidan, u men yolg‘onchi deb atadi. Ikkinchidan, mening bilishimcha, u Amazoniya ustidan suverenitetimizni savol ostiga qo‘ymoqda”, deb aytgan Bolsonaru. Uning aytishicha, shundan keyingina Braziliya hukumati Amazoniya o‘rmonlaridagi yong‘inlarni o‘chirish uchun “Katta yettilik” davlatlaridan moliyaviy yordam olish imkonini ko‘rib chiqishi mumkin.

Avvalroq Bolsonaru devonxonasi rahbari Oniks Lorensoni Braziliya Makron tomonidan e'lon qilingan “yettilik” yordamidan bosh tortishini ma'lum qilgandi.

“Dastlab uzr, keyin taklif, so‘ngra men javob beraman”, deb qo‘shimcha qilgan Braziliya prezidenti. 

Bolsonaru avvalroq Fransiya prezidenti rafiqasi sha'niga aytgan nomaqbul so‘zlari haqidagi savolga uning maqsadi tamomila aksi bo‘lganini aytgan. “Men foydalanuvchilardan boshqa bunday xabarlar yozmasliklarini so‘ragandim”, deb tushuntirgan Braziliya yetakchisi. U Fransiyaning birinchi xonimidan uzr so‘ramoqchi-yo‘qligi haqidagi savolga javoban matbuot bilan suhbatni davom ettirishdan bosh tortgan.  

O‘tgan yakshanba kuni Bolsonaruning Facebook’dagi obunachilaridan biri Fransiya birinchi xonimi Brijit Makronning tashqi qiyofasi borasida kinoyali izoh qoldirgan. U Braziliya va Fransiya yetakchilarining o‘z rafiqalari bilan tasvirlangan fotokollajni joylashtirgan. Surat ostida “Makron Bolsonaruni ta'qib qilayotganining sababi endi tushunarli” degan yozuv bo‘lgan. “Prezident, Makron sizga hasad qilmoqda”, deb izoh qoldirgan foydalanuvchi o‘z navbatida.

Gap shundaki, 64 yoshli Bolsonaruning rafiqasi 37 yoshda bo‘lib, 41 yoshli Makronning rafiqasi esa aksincha 66 yoshda. 

Foydalanuvchining ushbu izohiga Braziliya prezidentining rasmiy akkauntidan “Boyaqishni kamsitma, xa-xa” degan javob yozilgan. Bolsonaru matbuot xizmatida ushbu so‘zlar prezidentning o‘ziga yoki biror yordamchisiga tegishli ekani-yo‘qligi tasdiqlab o‘tirilmagan. 

Keyinroq Makron Amazoniya muammosiga bag‘ishlangan matbuot anjumanda Braziliya prezidentining bunday “qo‘pol” gaplaridan afsus bildirgan. “Umid qilamanki, Braziliyada o‘zini majburiyatlaridan yuqoriroq tutuvchi prezident bo‘ladi”, deb aytgan Makron.  

Mavzuga oid