O‘zbekiston | 00:14 / 31.08.2019
41405
3 daqiqa o‘qiladi

Gran-pri o‘zbekistonlik san'atkorga nasib qilgan «Sharq taronalari» yakunlandi (fotogalereya)

Samarqand shahrida 12-marta tashkil etilgan «Sharq taronalari» xalqaro musiqiy festivali yakunlandi. Festivalning oxirgi kunida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Unga ko‘ra 3 ta jamoa uchinchi, 2 ta jamoa ikkinchi, 2 ta jamoa birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Gran-pri esa bitta jamoaga nasib qildi.

Tojikistonning «Badaxshon», Rossiyaning «Ayarxan» jamoalari hamda o‘zbekistonlik Azizjon Abduazimov va Ulug‘bek Elmurodzoda dueti uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ularga maxsus mukofot bilan birga 2 ming AQSh dollaridan pul mukofoti berildi.

Mo‘g‘ulistonning «Xatan» va Turkmanistonning «Archabil» jamoasi ikkinchi o‘rinni egallab, maxsus sovrin hamda 3,5 ming AQSh dollaridan mukofot olishdi. Birinchi o‘ringa ozarboyjonlik Parviz Gasimov hamda Qirg‘izistonning «Qomuzchilar» guruhi munosib ko‘rildi. Ularga 5 ming AQSh dollaridan pul mukofotlari berildi.

Gran-pri o‘zbekistonlik Mehrinigor Abdurashidovaga nasib qildi. O‘zbekistonlik san'atkor 10 ming AQSh dollari bilan mukofotlandi. Shuningdek qo‘shimcha nominatsiyalarda ham g‘oliblar taqdirlandi. «Mehr-oqibatni tarannum etgani uchun» sovrini Estoniyaning «Ruut» guruhiga nasib qildi. «Musiqa san'ati jonkuyari» yo‘nalishida Hindistonning «Debapriya va Samanvaya» guruhi g‘olib bo‘ldi.

Eronning «Xaray» ayollar jamoasiga «An'analarga sodiq qolganiligi uchun» maxsus sovrin berildi. «Qadriyatlar davomchisi» nominatsiyasida Qozog‘istonning «Babalar sazi» guruhi birinchi bo‘ldi. Samarqand shahar hokimligining maxsus sovrini AQShlik «Xenxauz Prouvlers» guruhiga nasib qildi. Bu nominantlarga 500 AQSh dollaridan mukofotlar berildi.

Kun.uz fotomuxbiri festival yopilishini Samarqanddagi Registon maydonida kuzatdi. Quyida «Sharq taronalari» yopilish marosimidan tayyorlangan fotogalereyani e'tiboringizga havola qilamiz.

Mavzuga oid