O‘zbekiston | 07:31 / 31.08.2019
19362
6 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekkosmos» agentligi tashkil etilmoqda

Foto: NASA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida kosmik faoliyatni rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (“O‘zbekkosmos”) tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasining Yo‘ldosh aloqa texnologiyalari boshqarmasi tugatildi va uning bo‘shaydigan 5 ta shtat birligi “O‘zbekkosmos” agentligiga o‘tkazildi.

Belgilanishicha:

“O‘zbekkosmos” agentligi kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mas'ul bo‘lgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;

“O‘zbekkosmos” agentligi xodimlarining cheklangan soni 37 ta shtat birligini tashkil etadi;

“O‘zbekkosmos” agentligi bosh direktori, bosh direktor o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

“O‘zbekkosmos” agentligi bosh direktori maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlariga ko‘ra vazirning birinchi o‘rinbosariga, bosh direktor o‘rinbosarlari esa vazir o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi;

“O‘zbekkosmos” agentligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Quyidagilar “O‘zbekkosmos” agentligining asosiy vazifalari etib belgilandi:

kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

O‘zbekiston Respublikasida kosmik tarmoqni rivojlantirishning davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

kosmik faoliyat, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash, shu jumladan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;

kosmik faoliyat sohasining lozim darajada rivojlanishi, sohaga tegishli va u bilan bog‘liq ishlar, xizmat ko‘rsatishning bajarilishini ta'minlash maqsadida kosmik faoliyat sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

kosmik tarmoq infratuzilmasi, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar, ilmiy-izlanish, tajriba-konstruktorlik va innovatsion ishlarni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

kosmik faoliyatning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni, jumladan, yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalarida tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;

stratosfera va boshqa uchuvchisiz uchish apparatlari, shuningdek, yerni masofadan turib zondlash va yo‘ldoshli aloqa kosmik apparatlarini qo‘llagan holda davlat organlariga masalalarni hal etish samaradorligini oshirishda ko‘maklashish;

kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;

xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni kosmik faoliyat sohasiga, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida jalb qilish maqsadida manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari, donor-mamlakatlar, kompaniyalar va banklar bilan hamkorlikni rivojlantirish;

kosmik va yo‘ldosh texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy tijorat tuzilmalari, ishlab chiqaruvchilar va moliya resurslarining keng jalb etilishini ta'minlash;

kosmik faoliyatning ayrim yo‘nalishlari tijoratlashtirilishini rag‘batlantirish.

“O‘zbekkosmos” agentligi huzurida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Mudofaa vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasidagi xalqaro ekspertlarni o‘z tarkibiga kiritgan Ilmiy-texnik va ekspert kengashi tashkil etildi.

Belgilanishicha, kosmik tarmoqni rivojlantirishning strategik masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qilish “O‘zbekkosmos” agentligining Ilmiy-texnik va ekspert kengashi xulosalari asosida amalga oshiriladi.

“O‘zbekkosmos” agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

2019 yil 1 noyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasining “Kosmik faoliyat to‘g‘risida”gi qonuni loyihasini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritadi.

2020 yil 1 iyulga qadar 2020-2030 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasida kosmik tarmoqni rivojlantirish davlat dasturi loyihasini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Dastur loyihasini ishlab chiqishda quyidagi masalalarni hal etishga alohida e'tibor qaratiladi:

O‘zbekiston Respublikasida kosmik tarmoqni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha yaxlit ko‘rishni ishlab chiqish va strategik vazifalarni samarali hal qilish;

sanoat va ekologik xavfsizlikning yuqori darajasini ta'minlovchi zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda kosmik tarmoq va tegishli infratuzilma obektlarini qurish;

oliy ta'lim muassasalarida hamda o‘quv markazlarida kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasi mutaxassislarini tayyorlashni tashkil etish.

Mavzuga oid