O‘zbekiston | 11:15 / 07.09.2019
1484
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiya kompaniyasi O‘zbekiston turizm bozorini tahlil qilishga yordam beradi

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov Fransiyaga tashrifi doirasida Horwath HTL (Hotel, Tourism and Leisure) kompaniyasi boshqaruvchi hamkori Filipp Doyzelet va maslahatchisi Anastasiya Boyeva bilan uchrashdi. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv O‘zbekiston turizm bozori tahlilini amalga oshirish hamda mehmonxonalar qurish mavzusiga bag‘ishlandi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonga sayohat qilayotgan turistlar soni jadal o‘sib borayotgani sabab mamlakat turizm bozorida mavjud infratuzilmalar tahlilini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Shu bois Abdulaziz Aqqulov Horwath HTL vakillari bilan O‘zbekistonning qaysi viloyat va shaharlarida bu borada kamchiliklar mavjudligi, qaysilarida qurilishlar muvozanatli ravishda amalga oshirilmayotgani, qaysi hududlarda ko‘proq joylashuv vositalari qurish kerakligi, ularning qaysi toifaga mansub bo‘lishi kabi muhim masalalarni muhokama qildi.  

Horwath HTL mamlakat turizm bozorining kutilayotgan qamrovidan kelib chiqqan holda, aniq strategiya tuzib beradi. Investorlarni O‘zbekistonga jalb etishda aynan shu xulosalarning ahamiyati katta bo‘ladi. Sarmoyadorlar shunday baho beruvchi kompaniyalar tahlilidan kelib chiqib, biror joyga pul tikish yo tikmaslikka doir qarorga kelishadi.  

Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan taqdirda, ularning tahlili asosida O‘zbekistonda turli toifa mehmonxonalarni jalb qilishga ham yordam beriladi.

Horwath HTL – dunyoning mehmonxona biznesi bo‘yicha eng yirik konsalting agentliklaridan biri. Kompaniyaga 1915 yilda AQShda asos solingan. Bugunga kelib Horwath HTL butun dunyo bo‘ylab 50 dan ortiq ofisga ega. Agentlik mehmonxona konsaltingining to‘liq paketini taklif qiladi. Kompaniya xizmatlar sohasi mehmonxona developmentida konsultatsiya berish, mehmonxona biznesi rivojini hududlar kesimida baholash, mehmonxonalar qurish uchun pudratchi tanlash, reklama kampaniyalarini o‘tkazishda xarajatlarni tahlil qilish, mehmonxonaga investitsiyalar kiritish kabilarni o‘z ichiga oladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid