O‘zbekiston | 16:18 / 12.09.2019
117844
2 daqiqa o‘qiladi

Shayx Abdulaziz Mansur yangi lavozimga tayinlandi

Foto: Muslim.uz

Bugun, 12 sentabr kuni shayx Abdulaziz Mansur O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlar idorasi axborot xizmati xabar berdi.

Bungacha shayx Abdulaziz Mansur O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelgan.

«O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur hazratlari islom dini ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, ular tomonidan asos solingan ilmiy faoliyatni qayta tiklash va rivojlantirish borasidagi ishlarni jadallashtirish maqsadida ushbu lavozimga tayinlandi», deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun, Shayx Abdulaziz Mansur (Mansurov Abdulaziz Dadajon o‘g‘li) 1944 yil Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. 

1975–1979 yillari Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida, 1980–1981 yillarda Sudan islom universitetida tahsil olgan.

1982–1989 yillarda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi Fatvo bo‘limi mudiri lavozimida ishlagan.

Mustaqillik yillarida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim, «Movarounnahr» nashriyoti mudiri, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining millatlalaro munosabatlar va diniy masalalar bo‘yicha davlat maslahatchisi kabi mas'ul lavozimlarda faoliyat yuritgan.

2006 yildan buyon O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi (muftiy) o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

2018-2019 yillarda bir muddat Toshkent shahrining bosh imom xatibi va Minor masjidining imomi bo‘lib ham ishlagan.

Mavzuga oid