O‘zbekiston | 15:55 / 14.09.2019
2467
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Tatariston turizm sohasida hamkorlik qiladi

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov Sankt-Peterburgdagi YuNVTO XXIII sessiyasi doirasida qator uchrashuvlar o‘tkazgach, Qozon shahri (Tatariston Respublikasi)ga yo‘l oldi. Bu yerda u Tatariston Respublikasi Musulmonlar diniy idorasi raisi Kamil Samigullin bilan uchrashdi. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Abdulaziz Aqqulov Qozon shahridagi Bosh konsullik ko‘magida tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqib, O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati haqida so‘z yuritdi.

“O‘zbekistonda islom olami uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan xalifa Usmon Qur'oni saqlanayotgan Hazrati Imom kompleksi kabi diniy markazlar talaygina. Muhammad Al-Buxoriy memorial majmuasi, Naqshbandiya tariqati so‘fiylari maqbaralari shular jumlasidandir. Tarixiy muqaddas qadamjolar bilan yaqindan tanishish uchun har yili yurtimizga minglab sayyohlar tashrif buyuradi. Ta'kidlash joizki, so‘nggi yillarda ziyorat turizmi O‘zbekiston turizmining eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida e'tirof etilmoqda va Respublika hukumati tomonidan ziyorat turizmini rivojlantirishga doir qator choralar ko‘rilmoqda”, - dedi u.  

Shuningdek, Abdulaziz Aqqulov yurtimizning “Yetti pir”, “Mir arab” madrasasi va islom olami uchun ahamiyatli bo‘lgan boshqa qator maskanlar haqida ma'lumot berdi. 

"O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!" promo-tadbiri doirasida O‘zbekistonning ziyorat turizmi taqdimoti o‘tkazilib, unda tarixiy shaharlarimiz, muqaddas obidalarimiz va yurtimizda yashab o‘tgan islom olamining taniqli ulamolari haqida so‘z yuritildi hamda mavzuga oid videorolik namoyish etildi. 

Tatariston Respublikasi Musulmonlar idorasi xorijiy mamlakatlarga sayohatni mustaqil ravishda tashkillashtirgani bois, tadbir davomida Idoraning ziyorat turizmi bo‘yicha sayohat qiluvchi turistlarni O‘zbekistonga yo‘naltirish masalasi muhokama qilindi. 

Bundan tashqari, yig‘ilganlar so‘nggi yillarda O‘zbekistonda sohani rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor qilindi. Yangi hujjatlarning qabul qilinishi, viza siyosatining soddalashtirilishi, transport sohasidagi o‘zgarishlar shular jumlasidandir.

O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari, o‘z o‘rnida, Buxoroning 2020 yilda Islom olami madaniyati poytaxti sifatida tan olinishi munosabati bilan tataristonlik musulmonlarni Buxoro shahrida o‘tadigan keng ko‘lamli madaniy-ma'rifiy tadbirlarga taklif qilishdi. 

Shuningdek, 13 sentabr kuni Qozon kooperativ instituti bazasida O‘zbekiston madaniy-turistik markazi ochilishi bo‘lib o‘tdi. Markazni O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov, O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsuli Fariddin Nasriyev hamda Tatariston Respublikasi Turizm davlat qo‘mitasi raisi Sergey Ivanovlar rasman ochib berishdi. 

Markaz O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash hamda ilm-fan, ta'lim va madaniyat tizimlarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida xizmat qiladi. Bu yerda talabalar O‘zbekistonning tarixi, madaniyati, milliy an'analari va turistik salohiyati bilan tanishishlari mumkin.  

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan Markazga O‘zbekiston va uning alohida hududlari, ularning tarixi, buyuk olimlariga oid ma'lumotlarni jamlagan ensiklopediya hamda qo‘llanmalar foydalanish uchun taqdim qilindi.

"O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!" promo-tadbiri doirasida Qozon kooperativ instituti hamda Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi. Hujjatda qo‘shma anjumanlar, simpoziumlar, konferensiyalar, tadqiqotlar o‘tkazish hamda o‘zaro akademik almashinuvini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. 

Mazkur bitimning imzolanishi turizm sohasida kadrlarni tayyorlashda o‘zaro tajriba almashishga doir hamkorlikni mustahkamlash va birgalikdagi ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish yo‘lida xizmat qiladi.  

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid