O‘zbekiston | 08:07 / 16.09.2019
11653
4 daqiqa o‘qiladi

«Markaz – 2019» strategik qo‘mondonlik-shtab o‘quvlari ochiq deb e'lon qilindi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Kecha, 15 sentabr kuni Orenburg viloyatida (Rossiya) joylashgan “Donguz” poligonida “Markaz – 2019” harbiy strategik qo‘mondonlik-shtab o‘quvlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabariga ko‘ra, unda Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirining o‘rinbosari general-leytenant Yunus-Bek Yevkurov, Rossiya Federatsiyasi Markaziy harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni general-polkovnik Aleksandr Lapin, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari va o‘quv mashqlarida ishtirok etayotgan xorijiy harbiy kontingent vakillari, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

“O‘quv mashqlarining asosiy maqsadlaridan biri – harbiy hamkorlikni yanada kuchaytirishdir. Shuningdek, har qanday tahdidlarga, shu jumladan, xalqaro terrorizmga qarshi turishga tayyor ekanligimizni yana bir bor namoyish etish. Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni ta'minlash bugungi kunning dolzarb vazifadir. Shubhasiz, ushbu o‘quv mashqlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik rivojiga ham o‘z hissasini qo‘shadi”, – dedi general-leytenant Yunus-Bek Yevkurov.

Shundan so‘ng xorijiy harbiy kontingentlar rahbarlari so‘zga chiqishdi. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Habibullo Abbosov o‘z nutqida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi rahbariyati nomidan bunday samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va ushbu tadbirning muhimligi haqida to‘xtalib o‘tdi. 

Tantanali tabrik qismi tugagach, ketma-ketlik bilan Rossiya Markaziy harbiy okrugi qo‘shinlari, so‘ngra Hindiston, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Pokiston harbiylari tribuna oldidan tantanali marsh bilan o‘tishdi.

Harbiy mashqlar davomida Markaziy Osiyo mintaqasida xalqaro terrorizmga qarshi kurashish vazifalarini birgalikda bajarish, harbiy kuchlarning Rossiya Federatsiyasi va Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari milliy manfaatlarini himoya qilishga tayyorligini namoyish etuvchi davlatlar qo‘shinlari (kuchlari) guruhlaridan samarali foydalanish rejalari ko‘rib chiqiladi.

Mashg‘ulotning birinchi bosqichida O‘zbekiston va Tojikiston qurolli kuchlari shtab ofitserlari birgalikda o‘quv-jangovar vazifani bajarishni rejalashtirish masalalariga to‘xtaladi. Ikki davlat shartli ravishda o‘z janubiy chegaralarida kuch guruhlari tomonidan kelishilgan harakatlarni olib boradi. Ikkinchi bosqichda esa “Donguz” poligonida O‘zbekiston va Tojikiston harbiy kontingentlarining qo‘shma harakatlarini amalda ishlab chiqiladi.  

Ushbu o‘quv mashqlarida 100 dan ortiq o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar ishtirok etmoqda. Bu, albatta, xorij davlatlari bilan harbiy hamkorlikning kengayishi, jangovar tayyorgarlik bo‘yicha tajriba almashish va boshqaruv organlari ishlarining yagona algoritmini ishlab chiqishda qo‘l keladi. 

Rossiya mudofaa vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, mashg‘ulotlarda jami 128 mingga yaqin harbiy xizmatchi, 20 mingdan ortiq harbiy texnika va qurollar, 600 ga yaqin uchar texnika ishtirok etadi.

Mazkur o‘quvlar bilan bir vaqtda “G‘urumsaroy” (O‘zbekiston) poligonida shartli terrorchi guruhlarni yo‘q qilish bo‘yicha amaliy harakatlar olib boriladi. Bu yerda O‘zbekiston va Tojikiston harbiy bo‘linmalari “Markaz-2019” o‘quvlari doirasida o‘z mamlakatlarining janubiy chegaralarida shartli ravishda vaziyat beqarorlashuvining oldini olish masalalarini birgalikda hal etadi.

Mavzuga oid