Sport | 15:10 / 16.09.2019
10355
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik kurashchilar uchun jahon chempionatining uchinchi kuni muvaffaqiyatsiz kechmoqda

Bugun, 16 sentabr kuni Qozog‘istonning Nur-Sulton shahrida sport kurashlari bo‘yicha jahon chempionatining uchinchi kun bellashuvlari davom etmoqda.

Bugun yunon-rim kurashida o‘zbekistonlik to‘rt nafar sportchi o‘z kuchini sinab ko‘rdi, ammo ular hozircha natijaga erisha olishmadi.

- 60 kg vazn toifasidagi Elmurat Tasmuradov 1/16 finalda armanistonlik Gevorg G‘aribyanni mag‘lub etdi (7:0), ammo 1/8 finalda yaponiyalik Kenichiro Fumitaga yutqazib qo‘ydi (1:9).

-77 kg vazn toifasida gilamga chiqqan Jalgas Berdimuratov birinchi bosqichdayoq vengriyalik Tamas Lorinsga mag‘lub bo‘ldi (1:3).

Eng og‘ir vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Mo‘minjon Abdullayev (-130 kg) esa dastlab bolgariyalik Miloslav Metodiyevga qarshi bahs olib borib, 3:1 hisobida ustun keldi. 1/8 finalda u xorvatiyalik Marko Koschevichni 3:1 hisobida yengdi, ammo u chorak finalda eronlik Amir G‘osemimonjyeziga qarshi gilamga chiqib, 1:3 hisobida yutqazdi hamda Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma olish imkoniyatidan foydalana olmadi.

Endi bu sportchilar Olimpiadaga yo‘llanma beruvchi pog‘onaga ilinishi va medalga kurashishi uchun ularni mag‘lub etgan kurashchilar finalgacha borishi talab etiladi.

15 sentabr kungi bahslarda ishtirok etgan, -97 kilogramm vazn toifasidagi Jahongir Turdiyev birinchi bosqichdayoq rossiyalik Musa Yevloyevga yutqazgandi. Lekin rossiyalik sportchi finalga yetib borgani tufayli uning avvalgi bosqichlardagi raqiblarida bronza medali uchun kurashish imkoniyati paydo bo‘lgandi. Turdiyev bugungi o‘tish bahslarini yaponiyalik Yuta Nara bilan kurashishdan boshlab, 6:4 hisobida g‘alaba qozondi. Ammo u keyingi bosqichda polshalik Tadeush Mixalikka 3:4 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. 

15 sentabr kungi bahslarda yarim finalga chiqib, Tokio-2020 Olimpiadasiga yo‘llanmani naqd qilgan Rustam Assakalov (-87 kg) esa bugun kechki dasturda bronza medali uchun kurashadi. Hozircha uning raqibi kim bo‘lishi ma'lum emas.

Mavzuga oid